Линклар

Olti oy avval Janubiy Koreyaga kelin bo‘lib tushgan farg‘onalik Sevara (ism o‘zgartirilgan) koreys erining jinsiy istagidan norozi bo‘lib, uyidan qochib ketdi. Koreyadagi o‘zbek kelinlarining aytishicha, bu mamlakatga kelin bo‘lib tushgan o‘zbekistonlik qizlarning erlari bilan ajrashish holatlarining qariyb 50 foizida aynan jinsiy munosabatlardagi kelishmovchiliklar sabab bo‘ladi.


"Erim erotik kinolaridagi jinsiy aloqani istadi"


Shartli ravishda farg‘onalik Sevara deb atayotganimiz kelinchakning iddao qilishicha, erining jinsiy istaklari joniga tekkach, uyidan qochib chiqqan.

Hozirda Koreyadagi tanishlaridan birinikida yashirinib o‘tirganini aytgan suhbatdoshimizning erinikiga qaytib borish niyati yo‘q, u bilan ajrashishni rejalashtirmoqda.

- Ichmayman, chekmayman, men umuman zo‘rman - o‘zini rosa angel qilib ko‘rsatdi. Kelganimdan keyin O‘zbekistonda gapirgan gapi Koreyada umuman teskarisi. Yashadik. Bir oyda to‘y qildi. O‘zim ishlardim. O‘zim ishlagan pulimga narsa olardim, uyda produkta ham qilib bermasdi. Qilib bergan narsasi ham minnatli edi. Keyin doim majburlab shunaqa qilgani uchun chiday olmadimda. Jinsiy zo‘ravonlik qildida. O‘zimizning o‘zbekchilikka ham, musulmonchilik nimasiga ham to‘g‘ri kelmaydida. “Bunaqa er qilishni xohlamayman, chiday olmayman” deb chiqib ketdimda. Uydagilarimni chaqirib bermoqchi edi. Shuning uchun chidadim. Priglasheniye qilib chaqirmoqchi edi. “Shungacha chidayman” desam, qarasam voobshe, hech kimga qo‘shmaydi, qizlarga ham. Nima olsam o‘zim chiqib olaman. Men bilan hech qayoqqa bormaydi. Bir umr shunaqa qilib o‘tmaymanku, dedimda. Keyin “O‘zim harakat qilishim kerak, u-bu kimdan yo‘l-yo‘riq so‘rashim kerak” deb chiqib ketdim.

Ozodlik: Jinsiy zo‘ravonligi joningizga tegadigan, uydan qochadigan darajada bo‘ldimi?

- Opa, men sizga aytayapmanku, o‘zbekchilikka ham, musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmaydida. Hech kim bu ishni qilmasa kerak. Masalan er-xotin o‘rtasida bo‘ladigan, erotikada bo‘ladigan narsalarni talab qilardida. Kuch ishlatib zo‘ravonlik qilganda. "Po polniy programma" qilaman, derdida. Erotika kinolarida nima bo‘lsa, shuni qilaman, derdi. Men bunaqa narsa qilib yashay olmaymanku. Kim yashaydi bunaqa qilib?

Ozodlik: O‘ziga “Men xohlamayman bunaqa jinsiy aloqani” deb aytmadingizmi?

- Ularda bu narsa normalniy holat hisoblanar ekan. Oddiy hol ekan. “Bu ishni qilmayman. Yo‘q kerak emas” desam, “O‘zbekistonga ketasan, unaqa, bunaqa”. O‘zbekistonda sharoitim yo‘qligi uchun “Bo‘pti, mayli. Ukamni chaqirib olsin. Bir amallarman. Ukam kelgandan keyin aytarman” deb shunaqa qildim. Haftada bir yoki ikki haftada birga bo‘lardik. O‘shanda ham bu zalda yotadi, men yotoqxonada yotaman. Qachonki aloqa bo‘lsa, o‘shanda yotoqxonaga kiradi, ishini qiladida, yana alohida o‘zining xonasiga chiqib ketadi. Bitta to‘shakda uxlamasam. Men fohisha emasmanku. Qachonki uning shahvoniy hirslari uyg‘ongan payti men bilan bo‘ladida, yana o‘zi bilan o‘zi. Bunaqa narsa hech qayerda yozilmaganku. Men unga o‘ynash emasmanku. Xotiniman.

Ozodlik: Sizni urib turarmidi? Kaltaklarmidi?

- Yo‘q, urmagan. Urmoqchi bo‘lgan. Bu yoqda ayol kishiga qo‘l ko‘tarib bo‘lmaydi. Urmoqchi bo‘lgan, lekin urmagan. “Militsiya chaqiraman” deganim uchun shunaqa qilmagan. Bir marta dam olishga ketayotganimizda qarindoshlari bilan, “Men bormayman” deganimda, majburlab olib ketayotganda mashinaning eshigini yopganda qo‘limga tegdi. Bilagimning tepasi shishib qolgan edi. Shunda ham onasi "Hech kimga aytma” degan edi, deydi suhbatdoshimiz.

Koreyadagi o‘zbek kelini bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:


"Xotinimga jinsiy zo‘ravonlik qilmaganman"


Ozodlik muxbiri Koreya bilan bog‘lanib Sevaraning turmush o‘rtog‘i janob Pak bilan ham bog‘landi.

Pak janoblari Ozodlik bilan suhbatda rafiqasining jinsiy zo‘ravonlik haqidagi iddaolarini inkor qildi.

- Men unga zo‘ravonlik qilmadim. Nima sababdan uydan chiqib ketganini bilmayman. Men uni xotin o‘rnida ko‘raman. Bo‘lmasa, O‘zbekistonga ota-onasining uyiga jo‘natganimda qaytib kelarmidi oldimga yana. Bilmayman nima sababdan uydan chiqib ketdi. Men unga jinsiy zo‘ravonlik qilmaganman. O‘zbekistonga aylanib borganimda unga uylangandim. Agar xohlamasa, endi ajrashaman. Uydan qochib ketdi, qayerdaligini bilmayman. Telefoni o‘chirilgan. Mayli xohlamasa ajrashaman,- dedi o‘zbekistonlik kelinning eri janob Pak.


"Ajralishlarning 50 foizi- jinsiy kelishmovchiliklar bois"


Koreyadagi o‘zbek kelinlarining aytishilaricha, bu mamlakatga kelin bo‘lib tushgan o‘zbekistonlik qizlarning erlari bilan ajralishi holatlarining qariyb 50 foiziga aynan jinsiy munosabatlardagi kelishmovchiliklar sabab bo‘layapti.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan suhbatdoshimiz ham O‘zbekistondan Koreyaga kelin bo‘lib tushgan.

- Bilasizmi, o‘zbek kelinlari bilan koreys erkaklari orasidagi tushunmovchilikka madaniyatlarimizning mutlaqo bir-biriga o‘xshamasligi sabab bo‘layapti. Biz umuman boshqa-boshqa madaniyatdagi odamlarmiz. Men ham boshida erim bilan aynan jinsiy munosabatlarda kelishmovchiliklarga duch kelganman. Keyin unga tushuntirdim. Bizning odatlarimiz va madaniyatimiz haqida gapirdim. Baxtimga erim tushunib, yaxshi qabul qildi. Hozir bir qizimiz bor,- dedi Koreyaga kelin bo‘lib tushgan o‘zbekistonlik suhbatdoshimiz.

Keyingi yillarda O‘zbekistondagi nochorlikdan qutilish uchun o‘zbek qizlari orasida koreyalik kuyovlarga erga chiqayotganlar soni ko‘paygani kuzatilmoqda.

P.S. Koreyada qiyin vaziyatga tushib qolgan farg‘onalik Sevaraga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lganlar, uning bu vaziyatdan chiqib ketishi uchun huquqiy maslahat olish yo‘llarini biladiganlar bo‘lsa, iltimos Ozodlik bilan bog‘laning! Yoki o‘z maslahatlaringizni shu yerda sharh sifatida qoldiring!

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG