Линклар

O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida bemorlar uchun davlat byudjeti hisobidan ta‘minlanadigan koykalar sonining kamayishi bilan bog‘liq vaziyatni Ozodlikning Qurultoy dasturida muhokama qildik.

O‘zbekistonlik vrach Suhrob Vafoyevning Ozodlikka aytishicha¸ 2012-2015 yillar uchun mo‘ljallangan o‘rin-joy fondini optimallashtirish grafigi O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining “Tibbiy muassasalalar moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlash va faoliyati tashkillashtirilishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra amalga oshirilmoqda:

- Bu tadbir davlat byudjetini yengillashtirish uchun amalga oshirilmoqda. Umuman bemorlarni koykaga yotqizmasdan davolash Yevropa tibbiyotida istiqbolli va samarali deb qaraladi. Lekin O‘zbekiston sharoitida bu o‘zining yetarli samarasini bermayapti, deb ayta olaman. Kasallarni koykasiz davolayotgan Yevropa kliniklarinining zamonaviy jihozlar va malakali tibbiy xodimlar bilan ta‘minlanganini ko‘ramiz. O‘zbekistonda esa tibbiyot maskanlari ahvoli va undagi xodimlar malakasi eng yuqori darajada emasligini ko‘ramiz. Buning ustiga o‘zbek tibbiyoti koykada yotqizib davolashga asoslangan sovet tibbiyotining davomidir. Bu sohada kompleks islohot o‘tkazilmas ekan, samara oz bo‘lib qolaveradi,- deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat tibbiyot muassasalarida bemorlar uchun davlat byudjeti hisobidan ta‘minlanadigan 109 179ta o‘rin-joydan 17 949 tasi 2015 yilga qadar qisqarishini ma‘lum qildi.

Uzbekistan Today nashrida e‘lon qilingan bu ma‘lumotni Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan tasdiqladi. Ayni ma‘lumotni tasdiqlagan vazirlik mulozimi tafsilotlarni gapirmadi.

Suhrob Vafoyevning Ozodlikka aytishicha¸ qisqartirishlar 2012 yildayoq boshlangan:

- Koykalarning davlat hisobidan bo‘lgan sarf-xarajati qisqartirilmoqda. Bemorning dori-darmoni, bemorga qilinadigan muolajalar, oziq-ovqati va hokazolar bilan bog‘liq xarajatlarni davlat byudjeti zimmasidan olib bemorning zimmasiga yuklash jarayoni ketmoqda¸- deb ta‘kidlagan suhbatdoshimizning aytishicha, qisqartirilayotgan byudjet o‘rin-joylari o‘rniga, xo‘jalik hisobiga o‘tkazilgan o‘rin-joylarni ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, qisqartiriladigan o‘rin-joylarning aksar qismi shahar va tumanlardagi muassasalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rasmiy ma‘lumotlarda qisqartirish rejasi eng kam ta‘sir qiladigan muassasalar respublika ahamiyatidagi statsionarlar bo‘lishi aytilgan.

Rasmiy xabarda byudjet o‘rin-joylarni optimallashtirish, ya‘ni qisqartirish xususiy sektorning rivojlanishiga ham hissa qo‘shishi aytiladi.

O‘zbekistonda bugun ko‘plab xususiy statsionar klinikalar mavjud. Bu muassasalarda davolanganlarning aytishlaricha, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati odatda yaxshi bo‘ladi.

Biroq o‘rtacha o‘zbekistonlik cho‘ntagiga xususiy klinika narxlari og‘irlik qilmaydimi?

Bu va tibbiyot islohoti bilan bog‘liq boshqa muammolarni Ozodlikning “Qurultoy” dasturida muhokama qilamiz.
XS
SM
MD
LG