Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:29

Twitterda paydo bo‘lgan "Nurik" Gulnora uni o‘g‘irlaganini iddao qilmoqda


Gulnora Karimovaga qarashli tuzilmalarning hufya biznesi hisob-kitobini yuritgani aytiladigan "Nurik" - Nurmuhammad Sodiqov ekanini iddao qilgan foydalanuvchi Twitter tarmog‘ida paydo bo‘ldi. @nurik_sadykov nomi ostida yozayotgan foydalanuvchi ilk tvitlaridayoq Gulnora Karimova uni o‘g‘irlaganiga oid ayblovlar rostligini da‘vo qildi.

O‘zini 2003 yildan to 2013 yilga qadar Gulnora Karimovaga qarashli tuzilmalar tarkibida menejerlik qilgan 40 yashar Nurmuhammad Sodiqov, deb iddao qilgan foydalanuvchi 23 noyabr kuni Twitter tarmog‘ida paydo bo‘ldi.

@nurik_sadykov 26 noyabr kuni e‘lon qilgan fotosuratlardan so‘ng uning Gulnora Karimova "hufya hisobchisi" deb ko‘rilayotgan "Nurik" ekani haqidagi iddaosi jamoatchilik e‘tiborini torta boshladi.



23 noyabr kuni @nurik_sadykov: "Men uzoq sukut saqladim va bu ishlarga aralashishni istamadim, lekin Gulnoraning tvitlardagi valdirashlarini o‘qigach, menda boshqa chora qolmadi", mazmunida tvit qoldirgach, uni savollarga ko‘mib tashlashdi.

"Sizni Gulnora Karimovaga qarashli shaxslar o‘g‘irlagani to‘g‘rimi?", mazmunidagi savollarga u: "Ha, bu haqiqat, uning (Gulnoraning - Tahr.) ko‘rsatmasi bilan meni 10 oycha ushlab turishdi", deb javob berdi.



Shuningdek, bu foydalanuvchi o‘zining o‘g‘irlanishi tafsilotlarini hozir ochiqlay olmasligi, chunki tergov borayotganini qo‘shimcha qildi. Ammo, qiynoqlarga oid savollarga javoban "boshiga qop kiydirishgani"ni yozdi.

Hozir qayerda ekani haqidagi savollarga esa "qo‘l yetmaydigan joyda, onasi va oilasi bilan birga" deb yozdi. O‘zbekistonni tark etmaganiga ham ishorat qilar ekan, bunga sabab o‘laroq "oilasi va uning hujjatlarini olib qo‘yishganini" yozdi.

Biroq, o‘zini "Nurik"ning qaynog‘asi, deb iddao qilgan Anvar Maxatov 11 noyabr kuni Nurmuhammad Sodiqovning oilasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat va kvartira qaytarilgani xabar qilgan edi.

@nurik_sadykov surat yangi ekanini isbotlash uchun televideniye va mobil telefonda aks etgan sanani ham suratga muhrlashga uringan.
@nurik_sadykov surat yangi ekanini isbotlash uchun televideniye va mobil telefonda aks etgan sanani ham suratga muhrlashga uringan.
O‘zining noyabr oyi boshida axborot vositalari diqqatiga tushgan "Nurik" ekaniga isbot o‘laroq @nurik_sadykov fotosurat e‘lon qildi.

Sahifa egasi qo‘ygan suratdagi qiyofa Nurmuhammadning qarindoshiman, deb Ozodlikka bog‘langan Anvar Maxatov bergan suratlardagi qiyofa bilan aynidir. (Ozodlik Maxatov so‘roviga binoan u bergan suratlarni e‘lon qilmayapti. - Tahr.)

Ozodlik @nurik_sadykovdan interv yu so‘radi, ammo so‘roviga hali javob olmadi.

So‘ngra Ozodlik Anvar Maxatovga bog‘landi. Maxatov @nurik_sadykov da‘volariga munosabat bildira olmasligini aytdi.

- O‘zbekistondagi vaziyatni yaxshi bilasiz. Men Twitter tarmog‘idagi bu foydalanuvchini kuyovim Nurik, deyolmayman. Ayni paytda u emas, deb ham aytolmayman. Menda bu haqda hech qanaqa ma‘lumot yo‘q. Singlim bilan oxirgi marta gaplashganimda hech qanaqa yangilik yo‘qligi, Nurikning taqdiri noma‘lum qolayotganini aytgan, bor gap shu,- dedi Anvar Maxatov 26 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Rossiyaning Penza shahrida istiqomat qilishini aytib, 6 noyabr kuni Ozodlikka bog‘langan Anvar Maxatov kuyovi Nurmuhammad Sodiqov 2013 yilning yanvar oyida prezidentning qiziga xizmat qiladigan Oleg va Rafiz ismli yigitlar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini iddao qilgan.

Shuningdek, Anvar Maxatov bu vaqt ichida kuyovi o‘zining qiynoqqa solinayotgani haqidagi bir xatni xotiniga yetkazganini ham aytgan edi. Ozodlik Maxatovning bu da‘vosini boshqa manbalar orqali tasdiqlashga hozircha muvaffaq bo‘lgani yo‘q.

Uning murojaati axborot vositalarida e‘lon qilinganidan so‘ng o‘sha kezlarda Twitter ijtimoiy tarmog‘ida faol bo‘lgan va prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli, deb ko‘rilgan @GulnaraKarimova sahifada "Nurik"ning o‘g‘irlanganiga oid da‘volar inkor qilindi.

@GulnaraKarimova Nurmuhammad Sodiqovning unga qarashli odamlar o‘g‘irlaganini inkor qilib, buni “organ tomonidan o‘ziga qarshi qilingan harakat” deya iddao qildi.

Bu iddao Gulnora Karimovaning "hufya hisobchisi" deb ko‘rilgan va nomi O‘zbekiston hukumati rejimi haqida MXXdagi manbalariga tayanib, maqolalar berib keladigan, Usmon Haqnazarov ismli noma‘lum muallif chiqishlarida tilga olingan Nurmuhammad Sodiqov shaxsiga qiziqishni yanada kuchaytirdi.

7 noyabr kuni, kutilmaganda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy saytida Nurmuhammad Sodiqov ismli shaxsning o‘g‘rilanganini tasdiqlovchi rasmiy xabar berildi.

Bu tasdiq bu shubhali shaxs taqdiri hozir O‘zbekistonda kuzatilayotgan ichki siyosiy ixtilofda hukumat uchun kurashayotgan tomonlarning bir-biriga qarshi qo‘llayotgan vositalaridan biri sifatida ko‘rila boshladi.

Gulnora Karimova biznesidagi hisob-kitoblarga mas‘ul shaxslar orasida “Nurik” laqabi bilan tanilgan Nurmuhammad Sodiqov ismli shaxsning bo‘lgani va uning 2013 yil yanvarda o‘g‘irlab ketilganiga oid ilk ma‘lumot shu yilning fevralida paydo bo‘lgan.

7 fevralda Zamondosh saytida G‘ayrat O‘rinov nomi ostida chiqqan maqolada Sodiqov bilan bir vaqtda g‘oyib bo‘lgani aytilgan yana bir shaxs – Shuhrat Akbarovning nomi tilga olingan va ularning Gulnoraga qarashli shaxslar tomonidan o‘g‘irlanib, qiynoqqa solingani iddao qilingan.

Keyinchalik aprel oyida Gulnora Karimovaning “yashirin hisobchisi” deb ta‘rif berilgan Nurmuhammad Sodiqov nomi O‘zbekiston hukumati rejimi haqida MXXdagi manbalariga tayanib, maqolalar berib keladigan, Usmon Haqnazarov ismli noma‘lum muallif chiqishlaridan birida tilga olindi.

2013 yilning 28 martida e‘lon qilingan: “Xayr Amerika yohud Karimov Kreml shartlarini qabul qilmoqda” degan sarlavhali maqolada yozilishicha, Nurmuhammad go‘yoki O‘zbekiston Moliya vaziri Rustam Azimovning odami bo‘lgan va o‘z vaqtida O‘zbekistondagi klanlar to‘qnashuvida ishga solingan figuralardan biridir.

"Haqnazarov"ning iddaosicha, Gulnora Karimova va Rustam Azimov o‘rtasida shu yilning aprelda nizo paydo bo‘lishi bilan prezidentning qizi Nurmuhammadni ishdan bo‘shatgan va qisqa muddat ichida bu yigit O‘zbekiston MXX xizmati tergov izolyatoriga tashlanib, Moliya vaziriga qarshi kompromatlar berishga majburlangan.

Shuningdek, bu maqolada MXX bosimi ostida qiynoqlarga solingan Sodiqovning MXX Xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i Hayot Sharifxo‘jayevga qarshi kompromat bergani, shundan so‘ng uni shaxsan prezident Karimov qabul qilgani ham da‘vo qilingan edi.
XS
SM
MD
LG