Линклар

Qashqadaryodagi “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi” unitar korxonasi rahbariyati 1176 nafar ishchisiga besh oylik ish haqini bera olmayapti. Zavod mulozimlariga ko‘ra, ishlab chiqarish mahsulotlariga xaridor kamaygani bois ish haqi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan.

“Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi”ning bir guruh ishchisi Ozodlikka maktub yozib, iyunь oyidan buyon ish haqlari berilmayotganidan shikoyat qildi.

“Ishimiz smenali bo‘lgani uchun uzoqdan qatnaydiganlar zavodga kelib ketish uchun hattoki, yo‘l kira haqi ham topa olmay nochor ahvolda qolmoqda”, deyiladi ishchilar maktubida.

Ozodlik muxbiri mazkur korxonaning Tepaqo‘ton konida ishlayotgan ishchilari bilan bog‘landi.

Ismini ochiqlamasligimizni so‘ragan ishchiga ko‘ra, iyunь oyi uchun oylik maoshni avgust oyida plastik kartochkalarga o‘tkazib berishgan.

“So‘nggi olgan oyligimiz shu bo‘ldi. Shundan beri zo‘rg‘a amallayapmiz. Rahbarlarga aytsak “oylik kelayapti”, degan gapni qilishadi. Qachon keladi, noma‘lum”, deya nolidi zavod ishchisi mikrofonsiz suhbatda.

2010 yilda Tepaqo‘ton koni negizida ishga tushgan “Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi”ida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, jami 1176 ishchi ishlaydi. Ishchilar mutaxasisligi va malakasiga qarab 600 ming so‘mdan 1 million 500 ming so‘mgacha oylik oladi.

Zavod ishchilaridan Ozodlikka kelgan maktubda o‘tgan yili ham oylik muammo bo‘lgani yoziladi.

“O‘tgan yil zavod ishchilari janjal kilib, ish tashlash e‘lon qilganidan keyin oyliklar berilgan edi. Keyin esa ish tashlash qilganlarni zavoddan haydab yuborgani uchun hozir hammaning dami ichiga tushib ketgan”, deyiladi maktubda.

Zavod bosh injeneri Abror Abdurahmonov Ozodlik bilan suhbatda ishchilarga iyulь oyidan buyon oylik maoshi berilmayotganini tasdiqlab, bu muammoni hal qilish uchun kredit rasmiylashtirilayotganini aytdi.

- Oylik masalasi, 1 dekabrgacha biz uch oylik oyligini berishimiz kerak. Shunaqa hozir tepadan harakat bo‘layapti. Shunga hozir kredit oformlyatь qilinayapti. Hamma rahbarlar tepada shu ish bilan shug‘ullanishayapti. Promstroybankdan eski kreditni bugun-erta yopib, yangi kredit oformlyatь qilinayapti. Shuni olishimiz kerak, - dedi bosh injener, ayni paytda korxona direktori vazifasini vaqtincha bajarayotgan Abdurahmonov.

Abdurahmonov ish haqi berilishidagi uzilishlarni zavod mahsulotlariga xaridor kamayayotgani bilan izohladi.

- Bu zavodda hozir og‘ir moliyaviy ahvol, kaliyning narxi bozorda tushib ketgan, yaxshi sotuv bo‘lmadi. O‘shandan bo‘lgan bu hammasi. Xudo xohlasa, zavod ishlab ketsa, normalniy bo‘lsa, hammasi joyida to‘lanadi keyingilari, - dedi Abdurahmonov.

Mazkur unitar korxonada xlorli kaliy va texnik tuz ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 700 ming tonna silьvinitni qayta ishlab, 200 ming tonna KCl o‘g‘iti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona mahsulotlarining asosiy xaridori mahalliy fermer xo‘jaliklari va Shri Lanka, BAA, Eron, Qozog‘iston, Gruziya, Vetnam, Malayziya, Xitoy hisoblanadi.

Keyingi paytda O‘zbekistondagi yirik tashkilotlarda oylik maoshlari vaqtida berilmayotgani tez-tez kuzatilmoqda.

Oktyabrь oyi oxirida "Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasi" sho‘‘ba korxonasi ishchilari 3 oydan buyon oylik berilmayotganidan arz qilgandi.
XS
SM
MD
LG