Линклар

logo-print

Tojik ayollari erlarining Rossiyadan badarg‘a qilinishini istashmoqda


Tojikiston migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 oy ichida mamlakatdan taqriban 730 ming erkak xorijga ishlash uchun ketgan.

Tojikiston migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 oy ichida mamlakatdan taqriban 730 ming erkak xorijga ishlash uchun ketgan.

Erkaklari Rossiyaga jo‘nagancha, bedarak ketgan tojikistonlik bir guruh ayollar ularni vatanga qaytarish maqsadida Tojikiston migratsiya xizmatiga shikoyat qildi.

Tojikistonlik Mohro‘ Xolova eri Olim Xolov besh yil mobaynida o‘zi bilan daraklashmagani va farzandlariga bir tiyin ham yubormaganini aytadi.

- Qaynsinglim uning o‘sha yoqda uylanib olganini aytdi. Bolalariga pul jo‘natmayapti. Shunaqa bo‘lgandan keyin uni deportatsiya qilishsin! Balki shundan keyin bolalari oldiga qaytar, - deydi Mohro‘ Xolova erining deportatsiya qilinishida yordam berishlari uchun Tojikiston migratsiya xizmatiga ariza bilan murojaat qilganini qo‘shimcha qiladi.

Mohro‘ eri badarg‘a qilinishini istayotgan yagona ayol emas.

Tojiniso Hoshimova esa 8 yildan buyon mehnat muhojirligida yurgan va qarindoshlari bilan aloqani uzib yuborgan akasi Zokirjon Hoshimovning uyga qaytishini istayapti. Uning aytishicha, to‘rt yil muqaddam bir martagina onasiga 50 dollar pul yuborgan, Zokirjon bilan aloqa o‘rnatish urinishlari esa foyda bermagan.

- Biz uni Rossiyadan haydab chiqarishlarini istaymiz, - degan Tojiniso bu yerda gap pulda ham emasligini, shunchaki ota-onasi o‘g‘lidan qattiq xavotir olayotganini qo‘shib qo‘ydi. - Onam tez-tez ko‘zyosh qilib turadi, “tirikmikin, ishqilib” deb, tashvish qiladi.

Erkaklari vatanga qaytishini istagan tojikistonlik ayollar mamlakat migratsiya xizmatigagina emas, Rossiya Federal migratsiya xizmatiga ham o‘z yaqinlarini deportatsiya qilish talabi bilan murojaat qilganlar.

Tojikiston migratsiya xizmati vakillari Ozodlikning tojik xizmatiga o‘z yaqinlarining vatanga qaytarilishini so‘ragan bir guruh ayollar murojaat qilishganini tasdiqlashgan. Ayni paytda migratsiya xizmati xodimlari o‘zlarida bunday vakolat yo‘qligini aytmoqdalar.

Tojikiston migratsiya xizmati matbuot kotibi Abdullo Qodiriyning aytishicha, o‘z idorasiga oy sayin 15 chog‘li ayol o‘g‘lini, erini yoki aka-ukalarini Rossiyadan deportatsiya qilinishi so‘rab, murojaat qiladi. Qodiriyga ko‘ra, agar bedarak ketgan tojikistonlik muhojirlarning aniq manzili bo‘lsa, migratsiya xizmati ularni o‘z oilasiga qaytishga ko‘ndirishga urinib ko‘rishigina mumkin.

- Agar fuqarolar xat bilan rasman murojaat qilsalar, ularga har tomonlama ko‘maklashishga harakat qilinadi, - degan Abdullo Qodiriy Tojikiston migratsiya xizmati Rossiyaning bir necha hududida ish olib borayotgani, manzillar bo‘yicha fuqarolarni qidirib topayotgani va ularni vatanga qaytishga undayotganini ta‘kidlaydi.

Yaqinlarini o‘z yurtiga qaytarish iltimosi bilan migratsiya xizmatiga, odatda, Rossiyaga ketganiga besh yildan oshgan va uyiga pul yubormayotgan muhojirlarning oilalari murojaat qiladilar.

Ayni paytda, sotsiologlarga ko‘ra, muhojirlarning o‘z oilalari bag‘riga qaytishni istamayotganlari va uyga pul yubormay qo‘yganlarining asosiy sababi oiladagi o‘zaro munosabatning sovuqligidir.

Ekspert A‘zamsho Shirgovadiy fikricha, agar oila a‘zolari muhojirlardan faqat pul talab qilavermay, ularning ruhiy va jismoniy sihati bilan ham qiziqib turganlarida, erkaklar o‘z oilalarini tashlab ketmagan bo‘lardilar.

- Ayollar erkaklarning deportatsiya qilinishini talab qilmoqdalar. Ammo bu yerda bir necha savol tug‘iladi. Bu erkaklarni qanday qilib yurtiga qaytarish mumkin? Agar ular Rossiyada qonunga muvofiq ravishda yashayotgan bo‘lsalar, ularni vatanga qaytarishning iloji yo‘q. Boshqa masala ularning nima uchun qaytmayotgani bilan bog‘liq. Balki ayrimlarda bunaqa imkoniyat yo‘qdir. Muhojirlar ishlab topayotgan ozgina pulni uyga yuborishga majbur qiladilar, yot o‘lkalarda ularning holi nima kechayotgani bilan esa hech kimning ishi yo‘q, - deydi A‘zamsho Shirgovadiy.

Tojikiston migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 oy ichida mamlakatdan 870 ming kishi xorijga ketgan, ulardan taqriban 730 mingini erkaklar tashkil qiladi. Umuman olganda, hozirda bir milliondan ortiq tojikistonlik bola tarbiyasini ayollar gardaniga yuklab, mehnat muhojirligiga ketishga majbur bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG