Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:07

Toshkentda Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan kinoteatrlar yopildi


O‘zbekiston poytaxtida mamlakat prezidentining to‘ng‘ich qiziga qarashli ekani aytiladigan Premier Hall Cinema kinoteatri va Siti Makon savdo ko‘ngilochar markazidagi City Makon Cinema kinoteatrlari yopib qo‘yildi.

Uznews.net nashrining Toshkentdagi manbalari so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, hozir bu joylarda odam yo‘q, faqat bir necha qo‘riqchi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlariga o‘xshash kishilargina yuribdi.

Ozodlik muxbiri uchta zalga ega City Makon Cinema kinoteatri xodimlari bilan bog‘lanishga uringan paytda go‘shakning u tomonidan avtomat-robot ovozi eshitilib, Siti Makon va Premyer Xoll kinoteatrlarida 22 noyabrdan 27 noyabrgacha namoyish etiladigan fil mlar nomi va vaqtini qaytara boshladi. Bu esa mazkur kinoteatrlar tuyqusdan yopilganidan dalolat berishi mumkin.

Ikki zalli Premier Hall Cinema kinoteatri xodimlari bilan bog‘lanishga harakat ham besamar bo‘ldi – go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ oldida ochilgan Siti Makon savdo-ko‘ngilochar markazi qoshida faoliyat yuritib kelgan umumiy ovqatlanish punktlarining barchasi o‘tgan oy oxirlaridan beri ishlamayotgani haqida Ozodlik avval xabar qilgandi.

- “Hong Kong”, “Choyxona” restoranlari hamda bir nechta do‘kon bir haftadan beri ishlamayapti. Hozir faqat kinozallar ochiq, xolos, - deya ma‘lum qilgandi Ozodlikning Toshkentdagi manbasi 31 oktyabr kuni.

Ammo endilikda kinozallarning ham yopilgani ma‘lum bo‘ldi.

O‘zbekiston poytaxtidagi eng yirik kinoteatrlardan biri bo‘lgan City Makon Cinema 2012 yilda as‘asayu dabdaba bilan ochilgandi. O‘tgan yilning sentyabr oyida bu yerda Gulnora Karimova (Googoosha) "Round run” klipi taqdimotini ham o‘tkazgandi.

Ayni paytda Toshkentning Shota Rustaveli va Mirobod ko‘chalari kesilishida joylashgan Premier Hall Cinema kinoteatri atrofida ham bugun sukunat hukmron. Bir paytlar Modalar uyi joylashgan mazkur bino keyinchalik Gulnora Karimova tasarrufiga o‘tgani aytiladi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi biznes-imperiyasiga hujum tadbirlari o‘tgan oy boshlangan. Xususan, 21 oktyabr kuni Gulnora Karimovaga qarashli deb ko‘riladigan to‘rtta telekanal, keyinroq esa uchta radiokanal yopildi. Keyinchalik u boshchiligidagi “Fond Forum” va qator do‘konlar yopilgani, "Fond Forum" tashkil qilgan "Kelajak ovozi" tadbiri ishtirokchilari esa qamalgani xabar qilindi.

Bu tadbirlarga qarshi Gulnora Karimova onlayn (masalan, Tvitter tarmog‘idagi akkauntida "fosh qiluvchi" tvitlar qoldirish orqali) va offlayn (masalan, “Kelajak ovozi” ishtirokchilarini izlab, ichki ishlar bo‘limiga shaxsan borish orqali) jabhalarda o‘z holicha kurash olib bordi. Biroq shu kunlarda O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizining Tvitter mikroblogidagi akkaunti yopiqligicha qolmoqda. Shu vajdan City Makon Cinema va Premier Hall Cinema kinoteatrlarining yopilishi yuzasidan Gulnora Karimova bevosita munosabatini bilishning hozircha imkoni bo‘lmayapti.
XS
SM
MD
LG