Линклар

logo-print
“Shu kunda Andijon viloyati hududida 115 ta yuqori volьtli podstantsiya, 5415 ta transformator punkti va 1400 kilometr masofaga cho‘zilgan elektr quvvati uzatuvchi liniyalar ishlab turibdi. Bu ob‘ektlarning uzluksiz ishlashi 2440 nafar injener-texnik mutaxassis nazorati ostida”.

Bu ma‘lumot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy nashri - “Pravda Vostoka” gazetasining 22 noyabrь kungi sonida e‘lon qilingan maqoladan olindi.

“Oqshom libosining yorqin nuri”, degan sarlavha ostida berilgan maqola muallifi tasvirlagan Andijon shahri va viloyati Ozodlikning shu viloyatdagi tinglovchilari tasvirlagan hududga mutlaqo o‘xshamaydi.



Gazetadan yana bir iqtibos

“Pravda Vostoka” bosgan maqola mana bu so‘zlar bilan boshlanadi:

“Behisob chiroqlarning turfarang nuri Andijonning oqshomga cho‘mgan ko‘cha-ko‘ylariyu bog‘u rog‘larini bezamoqda. Tumanlarning ma‘muriy markazlari, aholisi qalin qishloqlari, yangi turar-joy massivlari yoritayotgan nur oy nurigina emas”.

Shu so‘zlar bilan boshlangan maqolani o‘qir ekansiz, Andijon shahri va viloyatida elektr quvvati ta‘minoti masalasida mutlaqo muammo yo‘q, degan fikrga kelasiz.

Oydin ko‘chalar

Viloyat markazining “Mikrorayon”idagi ko‘p qavatli uylardan birida istiqomat qiladigan tinglovchimizning so‘zlariga qaraganda, “Pravda Vostoka” muxbirining gaplari asossiz emasdek ko‘rinadi.

- Shahar ko‘chlari tunda yoritiladimi?

- Ha, yaxshi yoritiladi, dedi andijonlik.

Lekin viloyatning turli tumanlaridan shu paytgacha olingan va ushbu materialni tayyorlash uchun olingan yangi ma‘lumotlarga qaraganda, yorug‘lik shu yerda – gazeta maqolasiyu “Mikrorayon”dagi dom derazasidan ko‘rinib turgan ko‘chada tugaydi.

Viloyatning bir qator tumanlari bilan bog‘landik. Barcha suhbatdoshlarimiz ismini aytmasligimizni so‘radi.

Andijon viloyati, Andijon tumanidagi Oq yor qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Kichik Nayman qishlog‘i:

- Chiroq ertalab soat 5 – 6 larda yonadi, 2 – 3 soatdan keyin o‘chadi. Kechki payt yana 5 – 6 larda yonadi, 2 – 3 soatdan keyin o‘chadi, dedi kichiknaymanlik.
Andijon viloyati, Bo‘z tumani:

- Chiroq har kuni o‘chib turibdi.

- Bir kunga necha marta o‘chadi?

- Sanagan emasmiz. Kunduzi o‘chadi ko‘pincha. 3 - 4 soatga, undan ham ko‘proqqa o‘chadi, dedi bo‘zlik.


Andijon viloyati, Shahrixon shahri:

- Ahvol har yilgidayda, endi. Svet bir soat bo‘lsa, to‘rt soat bo‘lmaydi, dedi shahrixonlik.

Andijon viloyati, Shahrixon tumanidagi Segazaqum qishlog‘i:

- Kechasi, yarim kechada yoqishadi. Sahar, yerga yorug‘ tushganda o‘chirishadi.

- Qachondan beri shu ahvol?

- O‘chirishni 7 sentyabrda boshlashgan. Kamida 11 – 12 soat o‘chirishayapti. Alhida daftar tutib qayd etib borayapman. Masalan, 21 noyabrda 3 soat energiya berilgan. 22 noyabrdan beri sutkasiga 5 yarim, 6 soatgina svet berishayapti, dedi segazaqumlik.


Andijon shahrining “Mikrorayoni”:

Bu mavzedagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi andijonlikning gaplari umidbaxsh boshlandi. Lekin...

- Yo‘q, yo‘q, svet yaxshi.

- O‘chmayaptimi?

- Yo‘q, yo‘q, o‘chmayapti. Bir-ikki soatga o‘chadi, xolos. Keyin yana darrov yondirib qo‘yishadi.

- Har kuni bir-ikki soatga o‘chadimi?

- Ha, ha, ha.

- Masalan, bugun soat nechada o‘chdi?

- Soat 9 da o‘chgan. 11 da yana yoqishdi, dedi andijonlik.


Chiroqchining va‘dasi

Xo‘sh, nima uchun viloyat bo‘ylab, hatto viloyat markazining o‘zida ham aholi elektr energiyasi bilan uzluksiz ta‘minlanmayapti?

Bu savolni berish uchun “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Shuning uchun korxona rahbari Tohirjon Yo‘ldoshevning “Pravda Vostoka” gazetasi muxbiriga aytgan mana bu gapini keltirish bilan cheklanamiz:

- Elektr energiyasi uzatish ob‘ektlarini tubdan modernizatsiyalash istiqbolga, hayotning sotsial sohasini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Energiya o‘n minglab ishlab chiqarish korxonalarining bir xil ritmda ishlashini ta‘minlamoqda. Qishda hamma narsa kerakli darajada bo‘lishiga ishonaman.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG