Линклар

logo-print
“Darakchi”da taftish boshlangani haqida “Ozodlik” bilan mikrofonsiz suhbatda “Bekajon” ko‘ngiochar nashri xodimi ma‘lumot berdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, mazkur taftishlar STV teleradiokompaniyasi doirasida o‘tkazilgan tekshiruvlarning bevosita davomi bo‘lib hisoblanadi. STV teleradiokompaniyasi Gunora Karimovaga mansubligi aytiladigan bir qator telekanallar efirdan olinishi ortidan 31 oktyabrda yopib qo‘yilgan edi.

Kompaniya ta‘sischilaridan biri Firdavs Abduholiqov “Darakchi” ijodiy uyi” MChJning qimmatli aktivlarining asosiy qismiga egadorlik qiladi. Mazkur shaxsning ijod uyi egasi ekani, uni bevosita boshqarishi ham aytiladi.

“Bosma nashrlarning ulgurji bozorida “Darakchi” gazetasi sotuvi bilan shug‘ullanauvchi tujjorlar gazetaning keyingi sonlari uchun buyurtmalar olmadi. Aksincha, nashrning keyingi sonlari chiqamaslgi mumkinligi haqida viloyatlardan kelgan gazeta tarqatuvchilar ogohlantirildi” dedi “Ozodlik”ka “Bekajon” gazetasi xodimi.

Biroq mazkur tekshiruvlar hozircha “Darakchi ijod uyi” MChJ tizimidagi tahririyatlar ishiga xalaqit bergani yo‘q. Jurnalistlar o‘z ishini davom ettirmoqda, gazetaning internetdagi veb sahifasi ham ishlab turibdi.

1992 yilda samarqandlik fuqaro Firuddin Abduxoliqzoda (2008 yilda saraton xastaligidan vafot etgan, taniqli mediamagnat Firdavs Abduholiqovning otasi) tomonidan asos solingan mazkur ma‘suliyati cheklangan jamiyat yillar davomida o‘z faoliyatini kengaytirib bordi. Hozirgi kunda yarim millondan ortiq nusxadagi ko‘ngilochar nashrlarni chop qiluvchi shirkat Samarqand, Guliston, Marg‘ilon va Toshkent shaharlarida o‘z bosmaxonalariga ega.

Mamlakat media bozorida o‘ziga xos nufuz va o‘ringa ega bo‘lgan “Darakchi” ijodiy uyi” MChJ boshidagi “qora bulut”lar Gulnora Karimova hamda uning izdoshlari, xususan, mediamagnat Firdavs Abduholiqovga nisbatan olib borilayotgan siyosat mahsuli bo‘lib, bu jarayon umumiy tiraji salkam yarim millionga yetadigan ko‘ngilochar gazetalarning yopilishiga olib kelishi mumkin.

Bir oy muqaddam Usmon Haqnazarovga nisbat berilib O‘zbekistonga oid internet nashrlarida bosilgan navbatdagi maqola ortidan Abduholiqov faoliyatiga nisbatan tug‘ilgan qiziqish Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari efirdan olinishi bilan yanada ortgan edi.

Ushbu maqolada O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘rtasida nizo mavjudligi, buning ortidan esa hukumat rahbari g‘azabiga giriftor bo‘ladigan birinchi shaxs, go‘yoki Firdavs Abduholiqov, degan iddao ilgari surilgan edi.

Toshkentdagi norasmiy manbalar bir oycha avval Abduholiqov o‘ziga qarashli Samarqand-TV telekanali faoliyati to‘xtatilishi ortidan Samarqand viloyatiga tergovga chaqirilganini yozgan edi .

Firdavs Abduholiqov o‘zbekistonlik yirik mediamagnat sifatida har doim matbuot diqqatida turgan figuralardan biri bo‘lgan.

U 1992-1995 yillarda O‘zbekistonda ilk nodavlat telekanal va gazeta ochish bilan birga 2004 yildan buyon mamlakatdagi 60dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib kelgan.

Bundan tashqari, keyingi yillarda u O‘zbekiston Prezidenti qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi FondForum tashkiloti tadbirlarida ham faol ishtirok etayotgan amaldorlardan biri sifatida muttasil matbuot ko‘z o‘ngida qolayotgan edi.

Firdavs Abduholiqov Samarqand prokuraturasiga tergovga chaqirilgani aytilgan kundan boshlab matbuot bilan muloqot qilishdan qochmoqda. Uning ayni paytda qayerda ekani ham jamoatchilik uchun noma‘lumligicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG