Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:15

To‘rtko‘lda ayollar yo‘lni to‘sgandan so‘ng gaz berildi


Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani markazida 30 noyabr kuni 400 nafarga yaqin ayol gaz berilmayotganiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. To‘rtko‘ldagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, bir kun avval 30ga yaqin ayol tuman hokimiyatiga borib gaz berishni talab qilgan. Biroq hokim ular bilan uchrashishdan qochib ketganidan so‘ng ertasi kuni ular mashina ballonlarini yoqib avtomobil yo‘lini to‘sgan. Ma‘lum bo‘lishicha, ayollar noroziligidan keyin To‘rtko‘l shaharida gaz uzluksiz berilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahri Nukus ko‘chasida istiqomat qiladigan o‘ttizga yaqin ayol 29 noyabr kuni hokimiyatga borib, gaz berilishini talab qilgan.

Bu haqda xabar bergan Ozodlikning To‘rtko‘ldagi manbasiga ko‘ra, xotinlar hokimiyat binosiga bostirib kirishgach, hokim qochib ketgan:

- O‘ttizga yaqin ayollar hokimiyatga borganda. Ular nega gaz bermayapsizlar deb borganda hokim bularni qabul qilmagan. Xotinlar biz hokim bilan gaplashamiz, deb janjal qilgan. Hokim esa orqa eshikdan qochib ketgan,- deydi suhbatdoshimiz.

Manbaga ko‘ra, hokim bilan uchrasholmagan ayollar ertasi kuni, ya‘ni 30 noyabrda Nukus ko‘chasini to‘sgan:

- Ertasi kuni eski To‘rtko‘l, yangi nomi Nukus ko‘chasini 400ga yaqin ayollar to‘sib qo‘ygan. Ular mashinalarning eski ballonlarini ko‘chaga chiqarib yoqqanlar. O‘sha joyning bir tomonida kasalxona, bir tomonida maktab, bir tomonida muzika maktabi bor. Uch soat davomida ko‘chada dvijeniye bo‘lmagan,- deydi manba.

Uning aytishicha, voqea joyiga tuman hokimi, prokuror va militsiya boshlig‘i yetib kelgan:

- Hokim gaz beramiz, tarqalinglar degan. Lekin ayollar joyidan jilmagan. Keyin hokim gazni ochishga buyruq bergan. Gaz ko‘paygandan keyin odamlar tarqalgan,- deydi Ozodlik manbasi.

To‘rtko‘l tumanida yashaydigan boshqa bir manbaga ko‘ra, shu voqeadan keyin tuman hokimi To‘rtko‘l tumani gaz ta‘minoti idorasi boshlig‘ini ishdan bo‘shatgan:

- Xotinlarning ko‘chani to‘sishining foydasi bo‘ldi. Hokim buyruq bergan shekilli, shaharga gaz berib turibdi. Lekin qishloqlarda gaz yo‘q,- deydi bu suhbatdoshimiz.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish maqsadida To‘rtko‘l tuman hokimiyati bilan bog‘landi. Biroq tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi savolimizni eshitgach telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekistonda joriy yilda gaz va elektr ta‘minotidagi taqchillikka qarshi aholining norozilik chiqishlari avvalgi yillarga nisbatan ko‘proq kuzatilmoqda. Biroq, bu norozilik chiqishlarida faqat xotin-qizlar ishtirok etyapti.

Samarqand shahridagi Sartepa mavzesining Xo‘jasoat mahallasi xotin-qizlari 5 noyabr kuni gaz va chiroq yo‘qligiga norozilik tariqasida avtomobil yo‘lini to‘sganidan so‘ng mahallaga gaz berila boshlagan edi.
XS
SM
MD
LG