Линклар

logo-print

O‘sh meri Melis Mirzaqmatov ishdan bo‘shatildi


Melis Mirzaaqmatov 2010 yilgi O‘sh xunrezligini to‘xtatish uchun yetarli chora ko‘rmaganlikda ayblanib kelgan.

Melis Mirzaaqmatov 2010 yilgi O‘sh xunrezligini to‘xtatish uchun yetarli chora ko‘rmaganlikda ayblanib kelgan.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Janto‘ro‘ Satibaldiyevning matbuot kotibi janubiy poytaxt hokimini lavozimidan chetlatish to‘g‘risidagi buyruq payshanba kuni imzolanganini e‘lon qildi.

Mirzaqmatov sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevga yaqin aloqasi bo‘lgan va 2010 yili Bakiyev hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon yuqori lavozimda qolayotgan yagona mulozim edi.

Melis Mirzaqmatovning ishdan olinishini ayrim siyosatchilar uning 2 dekabr kuni O‘shda o‘tkazilgan mitingda so‘zlagan nutqi bilan bog‘lamoqdalar. O‘shanda Mirzaqmatov korruptsiyada gumonlanib hibsga olingan deputat Aqmatbek Keldibekov tarafdorlari bo‘lmish mitingchilar oldida hukumatni qattiq tanqid qilgandi

- Bu korruptsiya emas. Mana, “Qirg‘izgaz”ni 65 deputat bir dollarga sotib yubordi. Mana shu korruptsiya. Bugungi kunda Qumtor masalasini hal qilishmayapti, el foydasiga ishlatishmayapti. Shu – korruptsiya. Keyin ters gapirganlarni, aybini yuziga aytganlarni qamashayapti. Bu korruptsiyaga qarshi kurash emas, - degandi, jumladan, Melis Mirzaqmatov.

Qirg‘iziston parlamentidagi “Ata Meken” fraktsiyasi rahbari O‘murbek Tekebayev ham Melis Mirzaqmatovning ishdan bo‘shatilishini O‘shdagi miting bilan bog‘laydi.

- O‘sh shahridagi mitingda ayrim fuqarolar to‘ntarish qilish va konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirish kabi chaqiriqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri miting o‘tkazilayotgan joyda va ommaviy axborot vositalari orqali aytishgan. Gap bilangina cheklanib qolmay, u yerda hokimiyat binosini bosib olishga harakatlar, kuch ishlatish va huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlar ham bo‘ldi. Merning vazifasi bularga yo‘l bermaslik, qonunni buzgan va davlat xavfsizligiga tahdid qilgan hamda noqonuniy chaqiriqlar bilan chiqqan odamlarga chora ko‘rib, ularni qonunga muvofiq ravishda javobgarlikka tortish edi. Balki “Mirzaqmatov o‘ziga qo‘yilgan o‘sha talablarni bajarolmadi, davlat manfaatlari va xavfsizlik degan tushunchalarga to‘g‘ri baho bera olmadi” degan fikr bosh vazirni ana shunday qaror qabul qilishiga turtki bo‘lgandir, - dedi O‘murbek Tekebayev.

Qirg‘iziston hukumati anchadan beri Mirzaqmatovni hokimiyatdan chetlatishga urinib kelgan. O‘sh shahrining sobiq meri 2010 yili etnik o‘zbeklar bilan qirg‘izlar o‘rtasidagi xunrezlikni to‘xtatish uchun yetarli chora ko‘rmaganlikda ayblanib kelgan.

2010 yil iyun voqealarida 400 dan ortiq odam, asosan o‘zbeklar halok bo‘lgan va minglab odam o‘z joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Hukumatning Mirzaaqmatovni ishdan olish harakatlari, uning tarafdorlari noroziliklari tufayli shu paytgacha samara bermayotgandi.

Melis Mirzaqmatov muddati bitgani tufayli bu yildan “shahar hokimi vazifasini bajaruvchi” bo‘lib qolgandi. “O‘sh shahri maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bir necha marotaba ortga surilishi natijasida shahar hokimi saylovi muddati ham noaniq bo‘lib qolayotgandi. Yaqinda Qirg‘iziston parlamenti bu qonunni qabul qilib, imzolash uchun prezidentga yuborgan.

Deputat O‘murbek Tekebayev bo‘lajak saylovda Melis Mirzaqmatov yutib chiqib, yana merlikka qaytib kelishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmaydi.

Qirg‘izistonlik siyosatshunos Mars Sariyev fikricha esa, Melis Mirzaqmatov merlikdan bu lavozimga qaytib kelish uchun ketgan.

- Mirzaqmatov bilan markaziy hokimiyat murosaga kelib oldi. Mirzaqmatov siyosatchi sifatida vaziyatni juda yaxshi tushunib turibdi. U hozir Aqmatbek Keldibekov bilan tandem tuzib, birato‘la muxolifatga qo‘shilib ketsa, yutqazib qo‘yishini bilib turibdi. Undan ko‘ra biroz kutib, O‘sh meri saylovida o‘z nomzodini qo‘yib, saylovda yutib chiqib, qaytib kelishi mumkin. Chunki undan boshqa nomzod bu saylovda yutolmaydi, deb o‘ylayman. Hozirgi vaziyatda markaziy hokimiyat yutganday bo‘lib turibdi, - dedi siyosatshunos Mars Sariyev.

Melis Mirzaqmatov bu saylovda o‘z nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligini hozircha ochiqlagani yo‘q. Biroq u mazkur lavozimga asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘riladi.

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, O‘shda hokimni shahar kengashi saylaydi. Shahar kengashida esa Melis Mirzaqmatovga qarashli ekani aytiladigan “Uluttar birimdigi” partiyasidan saylangan deputatlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Qirg‘iziston bosh vazirining buyrug‘iga ko‘ra, O‘sh meri vazifasi vaqtincha vitse-mer Alimjan Baygazakov zimmasiga yuklatilgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG