Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:21

Suriyadagi o‘zbek mujohidi: Oramizda, negadir, ilmlilar yo‘q


Suriyada jang qilayotgan qozog‘istonliklar
Suriyada jang qilayotgan qozog‘istonliklar
So‘nggi 6 – 8 oydan beri “xalifalik qurish uchun” kurashib kelayotgan yigitning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u shu kunda Suriyada yurgan 500 nafar atrofidagi o‘zbek(istonlik)ning biridir.

Farg‘ona viloyatiga qo‘shni Qirg‘izistonning Qizilqiya shahrida tug‘ilib-o‘sgan bu mujohid bilan suhbatdan uning va u bilan birga “jihod” qilayotgan o‘zbek yigitlarining ijtimoiy-ruhiy portretini tasavvur qilish mumkin.

Suhbatdoshimiz o‘zini mana bunday tanishtirdi:

- Ahmadjon Xoshimovman. O‘shning Qizilqiyasidanman.
- O‘z ismingizni aytayapsizmi yo taxallusmi?
- O‘z ismim.
- Yoshingiz nechada?
- 47 da.
- Uylanganmisiz?
- Ha, ikkita xotinim bor.
- Ular qayerda hozir?
- Biri Qizilqiyada, ikkinchisi Rossiyada.


Ikkala xotinidan 5 nafar farzandi bor Ahmadjon Xoshimov shu kunda

- Suriyada.
- Nima qilayapsiz u yerda?
- Bu yerda biz, inshaalloh, jihod qilayapmiz, amaliyotlarga chiqayapmiz.


Suriyada jang qilayotgan Ahmadjon Xoshimovning maqsad-orzusi -shahid bo‘lish.

- Endi, Alloh nasib qilsa, Jannatga kirib oladigan chegaralarda turibmiz, deb o‘ylayman.

Ahmadjon Xoshimov oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan.

- Otam shaxtyor edi. Onam ishlagan emas. 9 aka-uka bo‘lganmiz.

Ahmadjonning aytishicha, unga bolaligida buvisi katta ta‘sir o‘tkazgan.

- 7-8 yasharlik chog‘imda enam rahmatlik shu kunda bo‘ladigan voqealarni tushuntirardi. “Shunday vaqtlar keladiki, Islom oyoqqa turadi, o‘shanda sen chetda qolma”, deb uqtirardi.

Buvisining o‘gitlariga amal qila boshlaganini ta‘kidlab o‘tgan Ahmadjonning mujohidga aylanishiga so‘nggi yillarda olgani darslar sabab bo‘ldi.

- Suriya to‘g‘risida dars olib turardik.
- Qayerda?
- Rossiyada, Qirg‘izistonda.
- Nima uchun o‘sha darslarda birdaniga Suriya masalasi ko‘tarildi?
- Yo‘q, dasrlarimiz boshlanganida Iroqda, Afg‘onistonda jihod bo‘lar edi. Lekin u yerlarga borish ilojsiz edi.


Ahmadjon Xoshimov bundan 20 yil muqaddam Rossiyada ancha badavlat bo‘lib olgan tadbirkorlardan edi.

- Kasbim novvoylik. 90 yillar boshida Surgutda novvoyxonalar ochganman. Qo‘limda 25 kishi ishlagan. 93 yili pulim 100 ming dollarga yetgan.

Ahmadjonning aytishicha, ukasi avtohalokatga uchrab nobud bo‘lganidan so‘ng uning bu dunyo quvonchlaridan ko‘ngli sovugan.

Ahmadjon o‘zini ilmsiz hisoblaydi. O‘zining aytishicha, “Alhamdu”ni ham to‘liq o‘qiy olmaydi”.

Fikrini davom ettirar ekan, u mana bunday dedi:

- Ilmi mukammallar ko‘p. Lekin Alloh ularga jihod maydonini ravo ko‘rmaganiga xayron qolaman.

Mujohidning aytishicha, yaqinda ular safiga kelib qo‘shilgan va ularga amirlik qilayotgan bir ilmli kishidan tashqari uning atrofidagi o‘zbek jihodchilarning barchasi ham chalasavoddir.

- Yaqinda keldi bu ilmli odam. U kelgunicha biz kallasi olingan qo‘yday Suriyaning ichida rosa ganggirab yurdik, dedi Suriyada “jihod qilayotgan” qizilqiyalik Ahmadjon Xoshimov.

Mujohidning so‘nggi gapi yangraganidan so‘ng telefon aloqasi uzilib qoldi va so‘ng qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, undan o‘zbek mujohidlarining Suriyadagi turish-turmushi to‘g‘risida so‘ray olmadik.

Suriyada Markaziy Osiyodan borgan jangarilarning guruhlari mavjudligi to‘g‘risida, bu mamlakatda o‘zbek jangarilarning kamida 50 kishilik guruhi “Jabhat An-Nusra” guruhi safida Assad rejimiga qarshi kurashayotgani to‘g‘risida, bu guruhida jang qilgan namanganlik bir yigitning Suriyada oyog‘idan yaralanib Turkiyadagi kasalxonada davolanayotgani haqida Ozodlik avval xabar bergan edi.

Joriy yil oktyabrida esa, Internetdagi YouTube portaliga qo‘yilgan “Suriyadagi jihodga yo‘llangan 150 qozoq” lavhasi markaziy osiyolik internet mushtariylarining qaynoq munozarasiga sabab bo‘lgan edi.

Ozodlikning "Suriyadagi urush fitna maydonidir, jihod emas!" degan sarlavha ostida tayyorlangan eshittirishida o‘zbekistonlik dindorlar va ziyolilar o‘zbek musulmonlarini Shom diyorida borayotgan janglarda qatnashishdan qaytishga chaqirgan edi.
XS
SM
MD
LG