Линклар

42 yashar angrenlik Ozodlik muxbiri bilan suhbatda o‘zining ham erlik, ham ayollik jinsiy belgilari bilan tug‘ilgani, balog‘atga yetgunicha qiz bola sifatida kiyingani, lekin bir umr o‘zini er hisoblaganini aytib berdi.

O‘zini yigit, deb biladigan va bir yil muqaddam uylangan angrenlik shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarida “ayol”, deb yuritilishi bois nikohini rasmiy qayddan o‘tkaza olmayapti.

Xalq tilida “xunasa” deb yuritiladiganlar toifasiga kiradigan Salohiddin Yusupov (qahramonimiz iltimosiga binoan ism-familiyasini o‘zgartirdik) Ozodlik savollariga javob berar ekan, "o‘zimni bir umr o‘g‘il bola hisoblaganman", dedi alam bilan.

Telefon aloqasi o‘ta yomonligiga qaramay, suhbatdoshimiz ovoziyu gapirish ohangi erkakcha ekaniga guvoh bo‘ldik.

Pasportida ayol sifatida qayd etilgan, lekin o‘zini erkak, deb biladigan bu shaxs to‘g‘risida birinchi bo‘lib Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati xabar qildi.

Jamiyat vakili, Salohiddin Yusupov bilan yuzma-yuz uchrashib, uning muammolarini yaqindan o‘rgangan Abdurahmon Tashanov Ozodlikka u haqda mana bularni aytib berdi.

- O‘zining aytishicha Salohiddin Yusupov bir yil avval turmush qurgan va hozirgi kunda ZAGSdan o‘tish uchun unga hozirda pasporti xalaqit berayapti. Uning pasportida jinsi ayol sifatida keltirilgan. Ismi-sharifi ham ayol kishiniki. Hozircha xotini bilmaydi.

Salohiddin Yusupovni uning mahalladoshlari ham erkak sifatida tan oladi.

- Bu shaxs o‘zi yashovchi mahallada to‘ylaru janozalarga qatnashib yuradi. Uni mahalla ahli erkak, deb topgan, janozalar, ma‘rakalarda ishtirok etishi to‘g‘risida hatto tegishli spravkalar ham bergan. Kerak bo‘lsa har xil sud jarayonlarida yo boshqa idoralarga borganda u kishining erkakligi to‘g‘risida guvohliklar ham bergan, dedi Abdurahmon Tashanov.

Ma‘lum bo‘lishicha, shaxsiy hujjatlaridagi “ayol” so‘zi o‘rniga “erkak”, deb yozdirish va natijada nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma olish imkoniga ega bo‘lish uchun Salohiddin Yusupov yillar davomida do‘xtirma-do‘xtir yugurishga majbur bo‘lgan.

Do‘xtirlarga borishi uchun esa, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi ekspertiza tayinlagani sabab bo‘lgan.

Ozodlik o‘z ixtiyoridagi bir necha ekspertiza xulosasi bilan tanishib chiqdi. Ularda Salohiddin Yusupovning erkaklik belgilari bir talay ekanligi tan olinsada, pirovard xulosada u ayol deb tan olingan.

O‘zbekiston Republikasi Oila kodeksining “Jins o‘zgarganda dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish”, deb nomlanuvchi 229-moddasida bunday deyilgan:

“Jins o‘zgarganda dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish faqat sog‘liqni saqlash organlari xulosasiga asosan amalga oshiriladi”.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudi mazkur moddaga binoan Salohiddin Yusupovning uni erkak, deb tan olish to‘g‘risidagi arizasini rad etgan.

O‘zbekistonlik advokat Ruhiddin Komilov voqea tafsilotlari bilan tanishar ekan, Ohangaron sudi Salohiddin Yusupov bo‘yicha qaror chiqarar ekan, qonun doirasida ish qilganini e‘tirof etdi.

Biroq, dedi u, do‘xtirlar Yusupovni ko‘rikdan o‘tkazar ekan, faqat tibbiy ko‘rsatkichlardan kelib chiqib tor ma‘noda xulosa chiqarib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin, shuning uchun shuning uchun bu fuqaro boshqatdan kompleks ekspertiza o‘tkazishni talab qilishi mumkin.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik jamiyati” o‘zining Salohiddin Yusupov taqdiriga oid xabarnomasida yuqori instantsiya sudlarini bu shaxs ishi bo‘yicha adolatli to‘xtamga kelishga chaqirgan.

Shuni aytish kerakki, ko‘p yillik tajribaga ega advokat Ruhiddin Komilov Ozodlik bilan suhbat chog‘ida Salohiddin Yusupovnikiga o‘xshash ishni birinchi marta eshitayotganini e‘tirof etdi.

Uning aytishicha, bunday taqdirli kishilar odatda bir umr o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yuradi va natijada jamiyat bundaylar taqdiri ustida bosh qotirib o‘tirmaydi.
XS
SM
MD
LG