Линклар

logo-print

Moskva rasmiylari homilador migrantlarni Rossiyadan chiqarib yubormoqchi


2013 ning avgustida Krasnoyarsk shahrida noqonuniy migrantlar sifatida ushlangan markaziy osiyolik ayollar.

2013 ning avgustida Krasnoyarsk shahrida noqonuniy migrantlar sifatida ushlangan markaziy osiyolik ayollar.

Federal migratsiya xizmatining Moskva viloyati bo‘yicha boshqarmasi Rossiya hududida noqonuniy yashayotgan homilador muhojir ayollarni aniqlash va deportatsiya qilishga qaratilgan maxsus amaliyot o‘tkazishini ma‘lum qildi. “Migratsiya va huquq” huquq himoyasi tashkiloti rahbari Gavhar Jo‘rayeva FMSning bu harakatlarini so‘nggi yillarda Rossiya, ayniqsa Moskva viloyatida muhojir ayollar tomonidan yosh bolalarni tashlab ketish hollari keskin ko‘paygani bilan izohlamoqda.

Rossiya Federatsiyasi Federal Migratsiya xizmati (FMS) ning Moskva oblast boshqarmasi homilador noqonuniy muhojir ayollarni Rossiya hududidan deportatsiya qilishga qaratilgan maxsus amaliyotlarni o‘tkazadi.

11 dekabr kuni bu haqda “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida ma‘lum boshqarma rahbari Oleg Molodiyevskiy bunga oxirgi paytlarda horij fuqarolari tomonidan yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan voz kechish holatlari urchib ketayotganini sabab qilib ko‘rsatdi.

FMS ning Moskva oblast boshqarmasi rahbariga ko‘ra, endilikda FMS tibbiyot muassasalari bilan birgalikda keng qamrovli hamkorlikka kirishadi.

- Agarda homilador migrant ayol vrach huzuriga ko‘rikka kelsa, u bu shaxsning viloyat hududida qonuniy yashayotganini tasdiqlovchi hujjatni talab qilishi mumkin. O‘z o‘rnida idoramiz har bir bunday so‘rovga javob berib boradi, chunki Rossiya hududiga kirgan har bir muhojirga oid ma‘lumotlar yagona bazaga kiritilgan. Shuningdek, bazada noqonuniy migrantlar to‘g‘risida ma‘lumot – ularning barmoq izlarigacha mavjud, dedi Oleg Molodiyevskiy.

FMSning Moskva oblast boshqarmasi rahbari viloyat hududida yashayotgan va tug‘ish arafasida bo‘lgan migrant ayollar bilan bolalarni tashlab ketmaslikka qaratilgan tushuntirish ishlari olib borilayotganini bildirdi.

Oleg Molodiyevskiy oxirgi 2,5 yil davomida xorijlik ayollar tomonidan 166 nafar bola viloyat tug‘ruqxonalari va bolalar uylariga tashlab ketilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, viloyat tug‘ruqxonalarida so‘nggi paytlarda yangi tug‘ilgan chaqaloqni onaga tez-tez ko‘rsatib turish va emizishga qaratilgan qoidalar joriy qilingani aytildi, shu tariqa shifokorlar onalik mehrini uyg‘otishga urinmoqda.

Moskva oblast Sog‘liqni saqlash vazirligida Ozodlik so‘roviga ayniqsa Podmoskov ening Lyubertsi, Mitishchi, Vidnoye va Krasnogorsk shaharlari tug‘ruqxonalarida qiyin ahvolda qolgan migrant ayollar tomonidan bolalarni qoldirib ketish holatlari ko‘p uchrayotganini aytishdi:

- Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan aytishim zarurki, bizning asosiy vazifamiz - davolash. Kim bo‘lishidan qat‘iy nazar! Haqiqatan, 2013 yilning birinchi yari davomida xorij fuqarolari 30 nafar boladan voz kechdi. Mahalliylarga qiyoslaganda bu ko‘p ham emas, lekin migrant ayollarning bolalardan voz kechishi holati – yangi muammo va uni oldini albatta olish zarur, dedi Moskva oblast Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Natal ya Politыkina Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda, Moskva oblast Migratsiya xizmatida Ozodlikka homilasi bor migrant ayollarni qonuniy-noqonuniy yashayotganini aniqlash jiddiy muammo tug‘dirmasligi to‘g‘risida gapirishmoqda: bunday fuqarolarning noqonuniy yashab kelayotgani aniqlansa, ular so‘zsiz deportatsiya qilinadi.

Biroq, viloyat FMSida “Ayollar bevosita tug‘ruqxona yoki tibbiy muassasada hibsga olinadimi?” degan savolimizni javobsiz qoldirishdi.

Moskvada joylashgan “Migratsiya va huquq” Huquq himoyasi tashkiloti rahbari Gavhar Jo‘rayeva Ozodlik bilan suhbatda bu toifadagi ayollarni horijga chiqarishdan oldin Markaziy Osiy davlatlari hukumatlari ularning huquqlarini ta‘minlashlari zarur, degan fikrni bildirdi.

Huquq faoli har bir mehnat muhojiri oldindan tayin bo‘lgan ish beruvchi oldiga ishga borishi, shartnoma asosida ishlashini yo‘lga qo‘yish zarurligini gapirdi.

Sankt-Peterburg Migratsiya xizmati Moskva viloyatidagi hamkasblarining homilador ayollarni deportatsiya qilishga qaratilgan bu tashabbusini qat‘iy qo‘llab-quvvatlamasligini rasman bildirdi.

Rossiya FMS rasmiy xabariga ko‘ra, bugunga qadar yil davomida 400 mingdan ziyod fuqaroga Rossiya Federatsiyasiga kirish ta‘qiqlandi. Migratsiya idorasi rasmiylari deport qilinganlarning aksari Rossiya hududida yashash muddatini buzganlar tashkil etayotganini ma‘lum qildi.

Aytish joyizki, shu yilning sentyabr oyida Rossiya Migratsiya idorasi 200 ming odamga mamlakatga kirishni cheklaganini xabar qilgan edi. Bundan chiqdi, o‘tgan ikki oy davomida deportatsiya qilingan migrantlar soni deyarli ikki barobarga ko‘paygan.

Rossiya Markaziy bankining xorij fuqarolarini qaydga olish ma‘lumotlar bazasiga ko‘ra, mamlakatdan deportatsiya qilinganlarning 60 foizdan ortiqrog‘ini O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari tashkil etdi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati tarqatgan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shu yilning 29 avgusti holatiga hisoblaganda Rossiyada 2 million 734 ming 484 O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yashab kelmoqda. Ularning 448 ming 710 nafari ayollardir.
XS
SM
MD
LG