Линклар

logo-print

O‘zbekistonda 16 yoshli bola "oltin talvasasi"ning navbatdagi qurboni bo‘ldi


Paxtachi tumanidagi g‘ayriqonuniy tilla qazuvchilarning oltin yuvish qo‘lbola uskunalaridan biri

Paxtachi tumanidagi g‘ayriqonuniy tilla qazuvchilarning oltin yuvish qo‘lbola uskunalaridan biri

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘tan oltin koniga g‘ayriqonuniy oltin qazishga ketayotgan ikki bola oltin talvasasining navbatdagi qurboni bo‘ldi. 9 dekabr kuni ular mingan mototsiklning Neksiya avtomobili bilan to‘qnashib ketishi oqibatida, yigitlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi, ikkinchisi tuman kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi.

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi Kerv qishlog‘idan o‘tadigan avtomobil yo‘lida 9 dekabr kuni sodir bo‘lgan avtohalokatda 16 yoshli Sarvar Shomurodov halok bo‘ldi.

Bu haqda xabar qilgan Ozodlikning Paxtachi tumanidagi manbasiga ko‘ra, ikki o‘rtoq Qoraqo‘tan oltin koniga g‘ayriqonuniy oltin qazish uchun ketayotgan bo‘lgan:

“9 dekabr kuni ertalab Paxtachi tumanining Kerv qishlog‘ida voyaga yetmagan ikki bola magistral yo‘lda mototsiklda ketayotgan paytda qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan. Oqibatda katta tezlikda kelayotgan Neksiya avtomashinasi ularni urib ketgan. Natijada 1997 yilda tug‘ilgan Sarvar voqea joyida halok bo‘ldi. Ikkinchisining taqdiri noma‘lum, u bolnitsaga olib ketilgan. Odamlarning aytishlaricha, ular tilla qazib olish uchun oltin koniga ketayotgan ekan”, deyiladi maktubda.

Paxtachi tumanining huquq-tartibot idoralaridan birida ishlayotgan Ozodlik manbasi ham shunday voqea bo‘lganini tasdiqlar ekan, so‘nggi paytlarda g‘ayriqonuniy oltin qazish ishlari bilan shug‘ullanayotganlarning avtomobillari va mototsikllari olib qo‘yilayotgani aytdi:

- To‘g‘ri, bunday ishlar bilan shug‘ullanadiganlar bor. Ularning ko‘pchiligi eski “UAZ”, “Moskvich” mashinalarida toqqa boradi. Aksariyati tanib qolmasin deb, nomersiz yuradi.Ularning bir qanchasini ushlab mashina va mototsikllarini qamab qo‘yganmiz. Lekin baribir oltin talvasasi kuchlilik qilyapti shekilli, yana va yana shunday voqealar sodir bo‘lyapti, dedi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning Paxtachi tumanidagi boshqa bir manbasiga ko‘ra, keyingi paytlarda mahalliy xalq orasida “tillochilar”, deb nom chiqargan g‘ayriqonuniy tarzda oltin qazib olish bilan shug‘ullanadigan guruhlar ko‘payib qolgan.

“Ular bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ham ko‘paymoqda. Oktyabr oyida Sultonobod qishlog‘i markazidan o‘tadigan 37-magistral yo‘lida tillochilar mashinasini katta yuk mashina majaqlab ketdi. Oqibatda mashinadagi 4 kishi voqea joyida halok bo‘ldi”, deydi Paxtachi tumanilik manbamiz.

Bundan ikki hafta burun Paxtachi tumanida Qoraqo‘tan koniga noqonuniy tarzda oltin qazigani ketayotgan 8 kishi o‘tirgan “Moskvich” avtomashinasini “Afrosiyob” tezyurar poyezdi urib ketgan, oqibatda 5 kishi voqea joyida halok bo‘lgan edi.

Ozodlik radiosi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Qoraqo‘tan konida g‘ayriqonuniy guruhlar oltin qaziyotgani haqida avval xabar qilgan edi. Ozodlik manbalarining iddaosiga ko‘ra, "bu guruhlarga mahalliy rasmiylar, militsiya va prokuratura rahbarlari homiylik qiladi".
XS
SM
MD
LG