Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:33

Kiselev yangi "targ‘ibot-tashviqot idorasi" rahbari sifatida


Putinparast jurnalist Dmitriy Kiselev bir tomonlama reportajlariyu efirda bildirilgan munozarali fikrlari bilan nom chiqargan.
Putinparast jurnalist Dmitriy Kiselev bir tomonlama reportajlariyu efirda bildirilgan munozarali fikrlari bilan nom chiqargan.
Rossiyada tuzilajak yangi axborot agentligiga Kreml tomonidan G‘arbda mamlakat “imijini” yaxshilash vazifasi qo‘yilmoqda. Kuzatuvchilar Russia Today nomli xalqaro xabar agentligi tuzilishini Vladimir Putinning navbatdagi targ‘ibot va tashviqot loyihasi o‘laroq baholamoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hafta boshida davlatga qarashli RIA Novosti agentligini yopib, o‘rnida “Rossiya bugun” xalqaro axborot agentligini tashkil etish to‘g‘risida farmonga imzo chekdi.

Yangi radiotelekompaniyani o‘zining ochiqchasiga yolg‘on va montaj qilingan reportajlariyu efirda bildirilgan munozarali fikrlari bilan tanilgan jurnalist Dmitriy Kiselyov boshqaradigan bo‘ldi.

Yangi agentlik tarkibiga, shuningdek, “Golos Rossii” davlat radiokompaniyasi kiritilishi ma‘lum bo‘ldi.

Hozirda hukumat buyrug‘i asosida Kiselev boshqarayotgan va 17 kishidan iborat likvidatsiya komissiyasi tuzildi.

Rossiyadagi eng yirik agentliklardan biri sanalgan RIA Novostini tarqatish va uning negizida yangi tuzilmani tashkil qilish – Kremlning xorijda, ayniqsa G‘arbda, mamlakat imidjini “yaxshilashga” qaratilgan haraqat o‘laroq baholanmoqda.

Rossiya prezidenti Internet saytida e‘lon qilingan farmonga ko‘ra, RIA Novostiga qarashli mulk Russia Today xabar agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi va yangi tashkilot Rossiya hukumati siyosati va jamoatchilik hayotiga oid xabarlarni berib boradi.

Yangi tuzilgan “Rossiya bugun” davlat axborot agentligining asosiy vazifalarini uning yangi rahbari Dmitriy Kiselevning o‘zi ochiqlab berdi.

- Ezgu niyatlarga ega jahonning nufuzli davlati sifatida Rossiyaga bo‘lgan adolatli munosabatni shakllantirish – men boshqarajak yangi tuzilmaning asosiy vazifasi shundan iborat, dedi kamtarinlik bilan Dmitriy Kiselev.

59 yoshli putinparast jurnalist Dmitriy Kiselevning yangi kompaniyaga rahbar etib tayinlanishi uning Ukrainadagi hodisalariga nisbatan qilgan o‘ta salbiy chiqishidan bir kun o‘tib e‘lon qilingani e‘tiborga molik.

Gap shundaki, Kiselev “Rossiya 1” kanalida olib boradigan “Vesti nedeli” dasturi izchillik bilan, ayniqsa Ukraina va Suriyada bo‘layotgan hodisalarga bir taraflama va ochiqchasiga yolg‘on ma‘lumotlarni berib borayotgani bilan tanildi.

Kuni kecha, Rossiya ommaviy axborotlarida Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarida bo‘layotgan hodisalarning buzib ko‘rsatilayotganiga javoban “Rossiya 24” telekanalining to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirida mitingchilardan biri Dmitriy Kiselevga “yolg‘on va bema‘ni gaplar uchun” “Oskar” haykalchasini topshirdi.



Rossiya jurnalistlar ittifoqining sobiq raisi Igorь Yakovenko Ozodlik bilan suhbatda yangi agentlik “Gebbels uslubidagi” axborot uzatishga mo‘ljallanishiga ishonishini aytdi.

- Bu amallarni men besamar va o‘ta axmaqona deya baholayman, chunki bu aslida Dmitriy Kiselevga xos propaganda uslubi – ochiqchasiga yolg‘on tarqatishdir. Uning Maydon (Ukrainaning bosh maydoni-tahr.) to‘g‘risida bildirgan fikrlariyu Rossiya muxolifati to‘g‘risidagi bo‘htonlari – qog‘ozga o‘ralmagan yolg‘ondan boshqa narsa emas. Achinarlisi, bunday holat qattiq tsenzura va axborotga bo‘lgan monopoliya mavjud sharoitlarda yuzaga keladi, deya o‘z fikrini bildirdi jurnalist Igorь Yakovenko.
XS
SM
MD
LG