Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:39

Qo‘ng‘irot soda zavodi yosh mutaxassislarni ipsiz bog‘lab qo‘ydi


Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot soda zavodida ishlaydigan yosh mutaxassislar ish haqining juda ozligi bois ishdan ketmoqchi bo‘layotgani, biroq korxona rahbariyati ularning besh yil ishlab berish shart ekanligini ro‘kach qilib mutaxassislarni vagon yuklashga ham jalb qilayotganidan shikoyat qildi. Zavod ma‘muriyati yosh mutaxassislarga nisbatan hech qanday qonunbuzarlik bo‘lmayotganini iddao qilmoqda.

Ozodlikning elektron pochtasiga Toshkent Kimyo texnologiyalari institutining Qo‘ng‘irotdagi sirtqi bo‘lim filiali bitiruvchilaridan quyidagi mazmunda maktub kelib tushdi:

“Men o‘sha institutni bitirdim. Institutga kirish uchun 3 yillik mehnat staji kerak. Endi tugatganimdan so‘ng ham 5 yil ishlab berishimiz kerak ekan. Men jon deb ishlayverardimu, lekin boshqa kasb tanlashimga majbur bshchlyapman. Oyligim juda oz, o‘zimdan ortmaydi. Perevod olib o‘zimni qishlog‘imga ketmoqchi edim, ruxsat bermayapti. Ko‘pchilik diplomidan ham voz kechib tashlab ketdi. Bizga o‘xshaganlar ipsiz bog‘lanib qolganmiz”, deb yoziladi yosh mutaxassislar imzo qo‘ygan maktubda.

Ozodlik xavfsizlik nuqtai nazaridan maktub mualliflarining ismini oshkor qilmadi va ulardan biri bilan Skayp orqali bog‘landi. Yosh mutaxassisning aytishicha, ularga berilayotgan maosh bir kishining o‘ziga yetmaydi:

- Bir oyda, tasavvur qiling, 300-350 ming so‘m oylik yozadi. Shuning yarmini plastikka o‘tkazadi. Bu oylik mening yo‘lkiram va tushligimdan ortmaydi. Uylanganman, ikki nafar farzandim bor. Oilamni ota-onam pensiyasi boqib turibdi. Ketamiz desam, ana katta ko‘cha, ketaver, faqat diplom ololmaysan, deyishadi. Oylikni ko‘tarishni esa xayollariga ham keltirmaydi,- deydi yosh mutaxassis.

Boshqa bir yosh mutaxassisning Ozodlikka aytishicha, zavod rahbariyati ulardan yuk tashuvchi sifatida ham foydalanmoqda:

- Soda 35 kilolik xaltada bo‘ladi. 60 tonnalik vagonga o‘shani yuklash kerak. O‘zi gruzchiklar bor, lekin ular uspet qilolmaydi (ulgurmaydi-tahr.) deb, bizlarga ham yuk orttiradi. Karalar vagongacha olib keladi, keyin qoplarni yelkada vagonning ichiga tashiymiz,- dedi yosh mutaxassislardan biri.

Uning aytishicha, ish qanchalik sog‘liq uchun zararli va og‘ir bo‘lsa ham, zavoddagi o‘nlab yosh mutaxassislar diplomsiz qolishdan xavfsirab, majbur ishlamoqda.

Biroq, Qo‘ng‘irot soda zavodining kadrlar bo‘limi mutaxassisi Quvonish O‘tapberganov Ozodlik bilan suhbatda yosh mutaxassislarning bu iddaolarini rad etdi:

- Bular shartnoma bo‘yicha zavodda besh yil ishlab berishlari kerak. Ular o‘zi shu kasbni tanlab, o‘qib, ishlab kelyapti. Ularni hech kim majburlagani yo‘q, O‘zlari hamma sharoitni bilib turib shartnomaga imzo chekkan va o‘sha muddatni ishlashlari shart,- deydi kadrlar bo‘limi mutaxassisi.

Mulozim ish haqlarining ozligi haqidagi iddaolarni tasdiqlar ekan, buning vaqtincha ekanligini ta‘kidladi:

- Bizning zavodni Xitoy kompaniyasi kreditga qurib bergan. Avval qarzimizni uzishimiz kerak, keyin hozir zavodni kengaytiryapmiz, ya‘ni ishlab chiqarish quvvatini oshiryapmiz. Qarzlardan qutulganimizdan keyin yaxshi bo‘lib ketadi, deb umid qilamiz, dedi Quvonish O‘tapberganov.

O‘zbekistonda ish haqlari ozligi bois juda ko‘p korxonalardagi mutaxassislar xorijga chiqib ketayotgani aytiladi.

Mustaqillik yillari boshida tashkil qilingan "Umid" jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan xorijda o‘qib kelgan yoshlarning aksariyati ham chet mamlakatlarga chiqib ketgan.
XS
SM
MD
LG