Линклар

Gulnora Karimova Bosh vazir Mirziyoevni loyiha o‘g‘irlaganlikda aybladi


Gulnora Karimova o‘z tvitlarida davlat tasarrufiga o‘tgan loyihalarning tanazzulga yuz tutishini bashorat qilomoqda.

Gulnora Karimova o‘z tvitlarida davlat tasarrufiga o‘tgan loyihalarning tanazzulga yuz tutishini bashorat qilomoqda.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova mamlakat hukumatini “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasiga oid “Yangi avlod” loyihasini egasining iznisiz o‘zlashtirganlikda aybladi.

Gulnora Karimova o‘zining Twitter mikroblogidagi sahifasida O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qarori nusxasini e‘lon qildi.

Bu qarorda 10-24 dekabr kunlari “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalini Fond Forum ishtirokisiz o‘tkazish borasida aniq ko‘rsatma berilgan.

Qarorga ko‘ra¸ “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivali¸ “Kamolot” ijtimoiy yoshlar harakati, Xalq ta‘limi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirliklari davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar asosida bu tadbirni o‘tkazishlari aytiladi.

Gulnora Karimova o‘zining Twitter mikroblogidagi sahifasida O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qarori nusxasini e‘lon qildi.

Gulnora Karimova o‘zining Twitter mikroblogidagi sahifasida O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qarori nusxasini e‘lon qildi.

​Gulnora Karimova Twitter mikroblogida e‘lon qilgan majlis bayonnommasiga ko‘ra¸ qaror qabul qilingan majlisda O‘zbekiston Milliy Xavfsizilik Xizmati raisi Rustam Inoyatov ham ishtirok etgan.

Qarorga O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev imzo chekkan.

Yaqinda faoliyati to‘xtatilgan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” vasiylar kengashining sobiq raisasi Gulnora Karimova bosh vazir Mirziyoevni 2004 yilda o‘z tashabbusi bilan tuzilgan “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti loyihasini o‘g‘irlaganlikda aybladi:

"Fond Forum proyekti KabMin va Maxsus xizmatlarga zarur bo‘lib qolibdi! Bu “o‘yinchoqmi”?! U yerda yiliga 35000 nafar o‘quvchi haqida gap ketadi! Yaxshi g‘oya va unikal proyektni o‘g‘irlashgani dahshatli tarzda alam qilyapti! Bolalar bilan shug‘ullanish ularga kerak ham emas! Bolalar bilan kim shug‘ullanadi?! Bu loyihani navbatdagi safsataga aylantirishadi va o‘ldirishadi"¸ deb tvitladi Gulnora Karimova.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi 2004 yildan beri “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalini o‘tkazib kelgan edi.

Bu tadbirda 5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli bolalar ijodi targ‘ib qilinib kelgan.

Bu tadbirlar uchun Gulnora Karimova rahbarlik qilgan Fond Forum mahalliy tadbirkorlardan o‘lpon olib kelgani haqida Ozodlik tasarrufida hujjatli ma‘lumotlar bor.

Shuningdek xalqaro shirkatlar¸ jumladan Shvetsiyaning TeliaSonera ham bu loyihalarga homiylik qilgani ma‘lum.

Bu mablag‘larning Fond Forum loyihalariga sarflanmasdan talon-taroj qilingani haqida ham iddaolar mavjud.

Ayni paytda, Gulnora Karimovaning o‘zi bosh vazir Shavkat Mirziyoevni “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti loyihasidan mo‘may pul o‘zlashtiradigan “oxur”ga aylantirmoqchi, degan iddaoni ilgari suradi.

“10 yil mobaynida shuncha g‘oya, kuch va intilish sarflangan “Yangi avlod” va “Kelajak ovozi” loyihalari bugunga kelib oddiy KORMUShKAga aylandi”, deb tvitladi Gulnora Karimova 12 dekabr kuni.

Gulnora Karimova O‘zbekiston vazirlar mahkamasi “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasiga oid “Yangi avlod” loyihasini mavjud qonunlarni qo‘pol tarzda buzgan holda o‘g‘irlaganiga oid hujjatlarni ham taqdim qildi.

Bu hujjatlarda “Yangi avlod” loyihasi O‘zbekiston davlat patent idorasi tarafidan tovar belgisi sifatida qayd qilingani aks etadi.

Gulnora Karimova tarafidan e‘lon qilingan guvohnomada “Yangi avlod” loyihasi g‘oya va tovar belgisi o‘laroq davlat tarafidan muhofaza qilinishi kafolatlanadi.

O‘zbekiston davlat patent idorasi tarafidan 2011 yil berilgan MGU 20888 raqamli bu hujjatda “Yangi avlod” loyihasining maqsad-vazfalari aks etgan.

O‘zbekistonda 2006 yilda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, huquq egalarining roziligisiz ularga rasman oid bo‘lgan loyihalarning tasarruf qilinishi mumkin emas.

Ozodlik radiosi tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasiga oid “Bazar-ART” loyihasi ham davlatga o‘tgan.

O‘tgan hafta Ozodlik suhbatlashgan rassom va hunarmandlar o‘z istaklari bilan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi”bilan hamkorlikdan voz kechib Madaniyat va Sport ishlari vazirligi o‘tkazadigan “Bazar-Art” loyihasida qatnashishlari haqida tilxat berishganini aytishgan edi.

“Bazar-ART” loyihasining 17 dekabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.

Gulnora Karimovaning Twitter tarafdorlari “Siz “Bazar-ART” taqdimotida qatnashasizmi”, deb savol berishgan. Gulnora Karimova bu savolga “ko‘ramiz” deb javob qaytargan.

Gulnora Karimova bu loyihalarni o‘zlashtirish bilan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev xalq mehrini undan "tortib olmoqchi" ekanligini iddao qiladi.

“Bu maydondagi ommaviy sevgini Mirziyoev ham xohlab qoldi! Unga nega kerak?! Unda shundog‘am hamma narsa ortig‘i bilan bor!" deya kesatadi Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova o‘z tvitlarida davlat tasarrufiga o‘tgan loyihalarning tanazzulga yuz tutishini yozadi.

“Kelajak ovozi” bilan ham shunday holat sodir bo‘moqda. yoshlar uni chetlab o‘tishadi endi. Ko‘zbo‘yamachilik uchun bir marta yig‘ib keyin tarqatib yuborishadi!!! Kamolot-Komsomolni tarqatgani kabi!"¸ deyiladi Gulnora Karimova tvitlarida.

O‘zbekiston bosh vazirini o‘g‘irlikda ayblagan Gulnora Karimovaning o‘ziga nisbatan o‘tgan yillarda reyderlik yo‘li bilan birovlarni mulkini tortib olish iddaolari yangragan edi.

Ozodlik suhbatlashgan va ismi efirda aytilishini istamagan toshkentlik taniqli zargar o‘zi ijod qilgan dizayn g‘oyalarining o‘z vaqtida Gulnora Karimova tarafidan muntazam o‘g‘irlanganini aytadi.

Gulnora Karimovadan farqli tarzda bu xunarmand o‘z mualliflik huquqlarini himoya qila olmaydi¸ chunki u o‘z asarlarini davlat patent idorasida patentlamagan.
XS
SM
MD
LG