Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:49

Vadim Abramov "Astana" futbol klubini tark etdi


Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov Qozog'istonning "Astana" futbol klubi bosh murabbiyligidan ketdi. Bu haqda Sports.kz nashri xabar berdi.

Xabarga ko'ra, "Astana" klubiga atigi ikki hafta oldin murabbiylik qilishni boshlagan o'zbekistonlik mutahassis klub rahbariyatining almashishi tufayli lavozimini tark etgan.

Abramov Championat.asia nashriga bergan intervyusida yangi klubdan ketganini tasdiqladi.

- Haqiqatdan ham "Astana"dan ketdim. Klub rahbariyatida o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Yangi rahbar klubga yangi murabbiy olib kelmoqchi. Shu tufayli Qozog‘iston klubi bilan xayrlashdim, - dedi Vadim Abramov "CA" nashriga.

Ushbu nashrga bergan qisqa intervyusida 51 yoshli o'zbekistonlik mutahassis keyingi rejalari haqida o'rtoqlashmadi.

Abramov "Astana" klubida joriy yilning iyul oyida istefoga chiqqan chehiyalik murabbiy Miroslav Branek o'rnini egallagan edi.

Branek "Astana" klubi Yevropa Ligasi saralash o'yinlarida Bolgariyaning "Botev" klubiga 0:5 hisobida mag'lub bo'lganidan so'ng istefo so'ragan.

2010-2012 yillarda O'zbekiston milliy terma jamoasiga yetakchilik qilgan Abramov murabbiylik faoliyatini Farg'onaning "Neftchi" jamoasida yordamchi murabbiy sifatida boshlagan.

Keyinchalik u O'zbekistonning "NBU-Osiyo", "Traktor", "Lokomotiv" klublari hamda O'zbekiston olimpiya terma jamoasiga ham murabbiylik qilgan.

Milliy terma jamoani boshqarish davrida Vadim Abramov Osiyo kubogida 4-o‘rinni egallagan. JCh-2014 saralash bosqichida esa jamoani hal qiluvchi guruh bosqichigacha olib chiqqan.

2009 yilda tuzilgan "Astana" futbol klubi 2013 yilgi Qozog'iston chempionatini kumush medal bilan yakunlagan edi. Chempionlik esa Aleksandr Geynrix, Temur Kapadze va Marat Bikmayev kabi o'zbekistonlik legionerlar faoliyat yurituvchi "Aktobe" klubiga nasib etdi.
XS
SM
MD
LG