Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:15

Nargiza Zokirova: "Men satanist emasman, majusiyman!"


Nargiza Zokirova
Nargiza Zokirova
Rossiya televideniyesining "Golos" loyihasi chorak finaliga chiqqan 8 ishtirokchidan biri Nargiza Zokirova tomoshabinlar savollariga javob berdi. Savollarning aksariyati uning shov-shuvga sabab bo‘lgan tashqi qiyofasi va tatuirovkalari haqida bo‘ldi. Diniy mansublik haqidagi savolni uzoq kutganini aytgan xonanda: "Men shaytonga sig‘inmayman, men majusiyman" deb javob berdi.


Nargiza chorak finalga chiqqanlar orasida 4-o‘rinda


Rossiyaning "Perviy" telekanalidagi “Golos” loyihasida qatnashayotgan 8 xonanda safida Nargiza Zokirova ham chorak finalda qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi.

13 dekabr kuni tomoshabin va ustozlar tanlovi asosida ikkinchi guruhi - Yelena Maksimova, Anton Belyayev, Gela Guralia va Sharip Umxanovlar chorak finalga chiqdi. 6 dekabrda esa ayni asosda birinchi guruh - Sergey Volchkov, Tina Kuznetsova, Andrey Svetkov va Nargiza Zakirovalar tanlangan.

8 ishtirokchi o‘rtasidagi bellashuv kelgusi juma — 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi va unda tomoshabinlar tanlagan 4 ishtirokchi yarim finalga chiqadi.

Leonid Agutin guruhini tanlagan o‘zbekistonlik ishtirokchi Nargiza Zokirova tomoshabinlar va ustozlar bergan ovozlar ko‘rsatkichi bo‘yicha hozircha 4-o‘rinda bormoqda.

Gela Guralia 127%, Sergey Volchkov va Andrey Svetkovlar 120%dan, Nargiza Zokirova esa 115% ovoz to‘plagan.

Nargiza bu gal AQShdagi al ternativ rok uslubida kuylaydigan mashhur Nirvana guruhining Smells Like Teen Spirit qo‘shig‘ini ijro etdi va yana tomoshabinlar olqishini qozondi.


Nargiza rossiyalik tomoshabinlar savollariga javob berdi


Ayni paytda qizg‘in pallaga kirgan "Golos" yarim finali ishtirokchilari bilan rus matbuoti uyushtirgan suhbatlar paydar-pay e‘lon qilib borilmoqda.

Jumladan, Nargiza Zokirova ham yaqinda "Perviy" telekanali tomoshabinlarining onlayn tarzda bergan savollariga javob berdi.

Qariyb bir soat davom etgan savol-javob davomida undan qiziqishlari, dini va tatuirovkalari haqida ko‘p so‘rashdi.

Jumladan: "Teleloyihada g‘olib bo‘lish uchun butun azoyi badaningizga tatuirovkalarni muhrlashgacha bordingizmi?" mazmunidagi savollarga javoban Nargiza shunday javob berdi:

"Ha, men tashqi ko‘rinishim bilan boshqalardan ajralishni istadim. Qanaqadir komplekslarim boriligi uchun emas, balki jamiyatda biroz xilma-xillik yaratish uchun qildim buni. Tabiiyki, oq qarg‘aday ajralib turishim mumkinligini kutganman. Meni qoralashlariga qaramay, o‘zgarmayman. Qanday bo‘lsam, shundayligimcha qolaman. Muhimi, mening tabiatimda zulm yo‘q va men hamisha samimiy bo‘lib qolaman", dedi Nargiza "Perviy" telekanali tomoshabinlari savoliga javoban.

U Nyu Yorkka kelishi bilanoq birinchi qilgan ishi tanasiga tatuirovka chizdirish bo‘lganini ham qistirib o‘tdi.

"Pentagramma shaklidagi va boshqa iblisona ramzlarning sizga nima keragi bor? Siz o‘zi qaysi dinga sig‘inasiz?" mazmunidagi savolga esa Nargiza: "Men bu savolni uzoooq kutgan edim", deb javob boshladi:

"Ehtimol, aynan pentagramma shakli ko‘pchilikning e‘tiroziga sabab bo‘layotgandir. Chunki, odamlar bu shaklni to‘g‘ridan-to‘g‘ri satanizm bilan bog‘liq, deb o‘ylashadi. Men satanist (Shaytonga sig‘inuvchi - Tahr.) emasman. Men majusiyman. Men ezoterika, magiya, astrologiya kabi fanlarga bolaligimdan qiziqib kelaman. Ayni paytda, yer yuzida mavjud barcha dinlarga hurmat bilan qarayman va men uchun muhimi, fanatizmgacha bormaslik. Chunki, istalgan dinda fanatizmgacha borilsa, u yog‘iga telbalik boshlanadi", dedi Nargiza Zokirova.

Shuningdek, u qanday asarlar o‘qishi, qanday qo‘shiqlar tinglashi, rok uslubidagi ijroni tanlashi, oilasi bilan munosabatlariga oid boshqa savollarga ham javob berdi.

Nyu York klublaridan "Golos" sahnasiga qadar


Nargiza Zokirova bunga qadar Nyu York shahridagi klublarda qo‘shiq kuylagan va ijodi davomida bir qancha yo‘nalishlarda imkonini sinab ko‘rgan.

Misol uchun, uning AQShda chiqargan ilk al bomi 2001 yilda yozilgan etno uslubidagi “Oltin qafas” nomli al bom edi.

Bundan so‘ng klublarda qo‘shiq kuylab yurgan xonandaning favqulodda kuchli ovozini payqagan mahalliy prodyusserlar uni turli guruhlar tarkibida birga ishlashga taklif qila boshladilar.

O‘sha kezda Nargiza avvaliga pop, keyin esa pop rock va oxir-oqibat, hard rock, heavy metal uslublarida ham qo‘shiqlar ijro etgan.

Misol uchun, rock guruhlaridan biri tarkibida heavy metal uslubida ijro etgan “The Evil One” qo‘shig‘i dunyoning sobiq birinchi raqamli terrorchisi Usama Bin Ladinning qo‘lga olinishiga bag‘ishlangan.

Asta-sekin tajriba va muxlis orttirgan Nargiza yakkaxon qo‘shiqchilik uslubiga o‘tgan.

Asli o‘zbekistonlik xonanda 1971 yilda Toshkentda tug‘ilgan va u o‘zbekistonlik mashhur san‘atkorlar – Zokirovlar oilasiga mansubdir.

Onasi – Luiza Zokirova 1960-70 yillarda sobiq ittifoqda tanilgan estrada xonandasi bo‘lgan. Otasi – Po‘lat Morduxayev qayin ukasi Botir Zokirov ansamblida ijrochi bo‘lgan.

Og‘ir xasta bo‘lgan otasi 2012 yilda vafot etishidan sal avval ham Nargiza 2012 yilgi “Golos” loyihasi kastingida ishtirok etish uchun Rossiyaga borgan va otasining vafoti bois ortga qaytgan edi.

Uni ilk bor 4 yasharligida sahnaga olib chiqqan ustozi aynan otasidir. O‘shanda u sobiq ittifoq hududidagi birinchi raqamli xonanda bo‘lgan Sofiya Rotaruning “Ya, ti, on, ona” qo‘shig‘ini kuylagan edi.

15 yoshida esa u “Unutma meni” qo‘shig‘i bilan sobiq ittifoq davridagi mashhur tele-shou – “Yurmala”-86 tanlovida ishtirok etib, tomoshabin olqishiga qozongan xonanda sovrinini olgan.

Ma‘lumoti bo‘yicha Nargiza Zokirova estrada xonandasidir. U Toshkentdagi Tsirk san‘ati o‘quv-ta‘lim muassasining Estarada bo‘limini tamomlagan.

1995 yilda ota-onasi bilan AQShga ko‘chib ketgan Nargiza ayni damda Nyu Yorkda turmush o‘rtog‘i Filip Balzano va farzandlari bilan istiqomat qilmoqda.
XS
SM
MD
LG