Линклар

logo-print

Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbek ijara uydan haydab chiqarildi


Rossiyada muhojirlarga qarshi qaratilgan qonunlardan rus fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham jabr tortmoqda.

Rossiyada muhojirlarga qarshi qaratilgan qonunlardan rus fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham jabr tortmoqda.

Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbeklar ham rus parlamentining muhojirlarga qarshi qabul qilayotgan qonunlaridan jabr tortmoqda. 54 yoshli Muhammadjon Saidmurzayev Ozodlikka Lyubertsida o‘tkazilgan reyd davomida mol-mulkidan ajraganini gapirib berdi.

Ozodlikning Moskvadagi tahririyatiga murojaat qilgan 54 yoshli jalolobodlik Muhammadjon Saidmurzayev Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lishiga qaramasdan politsiya bedodligidan himoyalanmaganidan arz qildi.

U rus bo‘lmagani sababligina o‘zining qonun asosida ijaraga olgan kvartirasidan bor mol-mulki bilan ko‘chaga chiqarib yuborilganini aytdi:

- Men Lyubertsi shahrida agenstvo orqali kvartirani ijaraga olgan edim. Hammasi dogovor asosida, chiroyli qilib yashayotgan edim. Keyin uyga srochni ishlar bilan ketib qolishim kerak bo‘lib qoldi. Ketganimdan keyin qo‘shni ayol ko‘chib kelibdi. Alkash ayol ekan, avvaliga osh-posh qilib chaqirdim, hammasi yaxshi bo‘ldi... Keyin bilsam bu natsist ayol ekan! Arzimas narsaga janjal qiladi, masalan, “Eshikni qo‘lflamaysan!”, deydi. O‘zini o‘g‘li eshikni ochib ketsa ham bizga pretenziya bildira boshladi. “Man senlarni bu yerda yashattirmayman!”, deb o‘zidan o‘zi melisa chaqiradi, ular kelib tekshiradi – hammayoq kak polojeno – chiqib ketadi. Melisayam qon qilib tashladi!

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni xonada 5 nafar samarqandlik haydovchi yashagan. Ishga ketayotgan mehnat muhojirlarini ko‘rgan ayol politsiya chaqirtirgan va ularni qo‘shni kvartiradan chiqarib yuborishni talab qilgan.



Ozodlik muxbiri olgan videotasvirda tashqarida yotgan muhojirning yillar davomida yiqqan mol-mulki tasvirlangan.

- Mastligida u xonadan beshta o‘zbek, bunisidan beshta chiqsa ayolning ko‘ziga ko‘p ko‘rinadi-da. Bu ayol kvartira egasidan kalitni olib, zamoklarni almashtirib narsalarni ko‘chaga uloqtirib yuborgan. Birinchi kuni kelsam hamma narsalar ko‘chada turibdi. Boshim ishlamay qoldi! Hech narsa qolmagan! Otvorgan narsalari hozir qolmagan-da. Shifoneru boshqasi maydalanib ketgan, xolodilnik-televizorlar, dublenka – yaxshi narsalar yo‘q-da. Dvornik tojik bollarni chaqirgan, ular olib chiqib tashlavorgan,- deydi buning barchasi Lyubertsi politsiyasi nazorati ostida bo‘lganini Ozodlikka gapirib bergan Muhammadjon Saidmurzayev.



U bunday hodisalar 13 yil oldin Cherkizovo bozorini vayron qilish paytida ko‘zatilganiga guvoh bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Hozirda jalolobodlik Muhammadjon Saidmurzayev politsiyaning loqaydligi va o‘zbeklar bilan birga qo‘shni bo‘lib yashashni istamayotgan rus ayolning o‘zboshimchaligi ustidan sudga murojaat qilish istagida ekanini ma‘lum qildi.

Rossiya Davlat Dumasi “rezina kvartiralari” nomini olgan va ko‘plab mehnat muhojirlari qaydda turgan yoki yashayotgan kvartiralarga qarshi kurash e‘lon qilganiga qariyb bir yil bo‘ldi.

Rossiya fuqarolarining ham manfaatlariga jiddiy putur yetkazgan bu qonunga qarshi jamoatchilik faollari tomonidan 100 mingdan ziyod ovoz yig‘ildi.

13 dekabr kuni Rossiya Dumasi Jinoyat Kodeksiga “Qalbaki qaydga olish” va “Qalbaki hisobga olish” kabi yangi moddalarni kiritdi. Mazkur moddalarga asosan “rezina kvartiralarda” yashab, qaydga turayotgan muhojirlar 500 ming rublgacha jarimaga tortilishi yoki 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Biroq Qonunda fuqarolarning kvartiralarda qonuniy yohud noqonuniy yashayotgani qanday usullar bilan aniqlanishiga izoh berilmagan.
XS
SM
MD
LG