Линклар

“O‘zbekistonda IIV MXX kadri qo‘liga o‘tdi”


O‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda Adham Ahmadboyevga tegishli, deb berilgan surat.

O‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda Adham Ahmadboyevga tegishli, deb berilgan surat.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Adhamjon Ahmadboyev 14 dekabrdan rasman xizmat vazifasiga kirishdi. Ozodlik ixtiyoridagi norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘ta qattiqqo‘l va printsipialligi bilan tanilgan bu amaldor sobiq KGB maktabidan chiqqan. Uning IIV rahbari etib tayinlashi O‘zbekistonda xodimlari soni 150 mingdan ortiq ekani aytiladigan ichki ishlar vazirligi ustidan nazorat to‘liq Milliy xavfsizlik xizmatiga o‘tganini anglatishi haqidagi iddaolar bor.

1966 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan general-mayor Adham Ahmadboyev O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri sifatida ish boshladi.

Vazirlikning qabulxonasida bu ma‘lumotni tasdiqlagan xodimning aytishicha, yangi vazir 14 dekabrda vazirlik lavozimiga tayinlangan. Vazirlikdan olingan rasmiy ma‘lumotda yangi rahbar 2011 yildan buyon Ichki ishlar vazirining 1-o‘rinbosari vazifasini bajarib kelayotgani ham aytildi.

Ammo, 150 mingdan ortiq xodimi borligi aytiladigan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga yangi rahbar qilib tayinlangan 47 yashar amaldorning faoliyati va tarjimai holiga oid boshqa ma‘lumotlar rasmiy manbalarda berilmagan.

Norasmiy manbalar Adham Ahmadboyevning IIV vaziri etib tayinlanishida mustaqillik yillaridan buyon bu vazirlik tarixida kuzatilmagan muhim jihatlari bor, deb hisoblamoqda.

Huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasining shaxsi sir qolishi sharti bilan aytishicha, yangi vazir avvalgilaridan farqli ravishda Milliy xavfsizlik xizmati strukturasida yetishib chiqqan kadrdir.

“Adham Ahmadboyev KGBning kadri. Bu gap hech qayerda aytilmasayam, hammamiz bilamiz uning melisadan chiqmaganini. Toshkentda GUVD, UVDlarda ishlagani to‘g‘ri, kadrdayam ishlagan. Lekin u kishining asli kelib chiqishi sobiq sovet zamonidagi KGB maktabi. Matlyubovning (sobiq vazir Bahodir Matlyubov - Tahr.) vaqtida SNB melisani rosa ezgan edi. Endi bu yog‘iga rasman ezadi”, deb iddao qildi shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan IIV tarkibidagi idoralaridan biri xodimi.

Uning iddaosicha, sobiq vazir Bahodir Matlyubov davrida Milliy xavfsizlik xizmatining Korruptsiyaga oid jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi xodimlari birgina ko‘rsatama asosida IIV xodimlarini hibsga olish va ishidan bo‘shattirib yuborishi hollari ko‘paygan edi.

O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatni kuzatib kelayotgan va uzoq yillar davlat idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan, ammo ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan keksa tahlilchi ham ayni jihatga urg‘u berdi.

“Bahodir Matlyubov samarqandlik edi va melisadan chiqqan kadr edi. Ungacha 1991 yildan Ichki ishlar vaziri bo‘lgan Zokirjon Almatov ham melisaning o‘zidan chiqqan edi. Adham Ahmadboyev esa narigi idoraning odami - u sobiq sovet zamonida KGBda ishlagan kadr. O‘ta qattiqo‘l va pritsipial odam, deb eshitganmiz. Bu odamning MVDga rahbar bo‘lishi bu vazirlik ustidan nazoratning to‘liq MXX ixtiyoriga o‘tishini anglatadi”, dedi keksa tahlilchi.

Bu tahlilchi Adham Ahmadboyevning 2006 yildayoq ishdan olingan sobiq vazir Zokirjon Almatov o‘rniga vazir bo‘lishi kutilgani haqida ham gapirdi.

“O‘shanda bu yangi vazir va ishdan ketgan Bahodir Matyubovning nomzodi kattaning stoliga qo‘yilgan. Oxirgi momentda "katta" (Prezident Islom Karimov nazarda tutilmoqda – Tahr.) Matlyubovni tanlagan. Chunki, Matlyubov Samarqandning Siyobidan, kattaning o‘zi taniydigan kadr bo‘lgani uchun u tanlandi. Lekin, Ahmadboyev ham quruq qo‘yilmadi – vazirga 1-o‘rinbosar bo‘ldi. Bu ham aslida katta gap. Chunki, Almatov davrida IIV va MXX o‘rtasida aniq tortilgan chiziq bor edi va ikki idora o‘zaro raqobat qilardi. Hozir ikki idoraning o‘rtasida chiziq yo‘qoldi. Bundan xalqqa og‘ir bo‘ladi”, degan xavotirni ilgari surdi o‘zbekistonlik keksa tahlilchi.

O‘zbekistondagi uch yirik kuch ishlatar tuzilma - Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura va Milliy xavfsizlik xizmatining bitta idora nazoratiga o‘tdi, deb hisoblagan bu tahlilchi: "Bir vaqtlar Lavrentiy Beriya zamonida kuchlar shunaqa markazlashgan va bundan xalqqa yaxshilik kelmagan edi", deb qo‘shimcha qildi.

Ammo o‘zbekistonlik tahlilchilar ilgari surayotgan bu taxminlarni asoslovchi dalillar mamlkatning yangi ichki ishlar vaziriga oid, deya qator Internet nashrlarida berilgan tarjimai holda aks etmaydi.

Jumladan, rasmiy manbalardagi ma‘lumotlarga eng yaqin ko‘riladigan Centrasia.ru saytida berilgan ma‘lumotga ko‘ra, yosh bo‘lishiga qaramay vazir lavozimiga eirshgan Adham Ahmadboyev butun xizmat faoliyati davomida IIV strukturasida ishlagan.

Bu saytda yozilishicha, u avvaliga IIV vaziri o‘rinbosari, keyin 1-o‘rinbosari lavozimiga kelgunicha - 2004-2006 yillar oralig‘ida O‘zbekiston prezidenti devoni, 2000-2004 yillar oralig‘ida Toshkent viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, 1990-2000 yillar oralig‘ida esa shu boshqarmada tergovchi lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek bu manbada yangi vazirning asl kasbi iqtisodchi ekani ham keltirilgan.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov yangi ichki ishlar vaziri va boshqa kuch ishlatar tuzilmalardagi idoralarga kelayotgan aksar kadrlarning MXX strukturasida ishlagani, odatan tarjima holida aks etmasligini aytadi.

"Andijon voqealariga qadar bu ikki idora xuddi ikki qutbday raqobat qilib kelardi. Ammo, shu voqealardan keyin IIV struturasidagi idoralarga rahbar lavozimlarga, ayniqsa 1-, 2-, 3-o‘rinbosarlarga MXX dan odamlar qo‘yilyapti", dedi jurnalist.

Ayni paytda sobiq vazir Bahodir Matlyubovning ishdan olinish sabablariga oid rasmiy ma‘lumot yo‘q.

Ichki ishlar vazirligida Ozodlik savoliga javob bergan xodimning aytishicha, sobiq vazirning keyingi taqdiri - uning IIV strukturasida ishini davom ettirish-ettirmasligi yoki boshqa vazifaga tayinlanishi noma‘lum qolmoqda.

Sobiq vazirning xizmat faoliyati va tarjimai holiga oid ma‘lumotlar rasmiy manbalarda uchramaydi.

Ammo norasmiy manba - Centrasia.ru saytida berilgan ma‘lumotga ko‘ra, 1952 yilda Samarqand viloyatining Siyob tumanida tug‘ilgan Bahodir Matlyubov 1973 yildan Samarqand viloyati IIB tizimida inspektor, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i muovini lavozimlarida ishlagan.

1990-1994 yillar oralig‘ida Samarqand shahar IIB boshlig‘i, 1994-1997 yillarda Buxoro viloyati IIB boshlig‘i, 1997 yildan esa O‘zbekiston IIV vaziri birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2004-2006 yillarda O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.

2006 yilda esa O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri lavozimini 1991 yildan buyon egallab kelgan Zokir Almatov o‘rniga tayinlangan edi.

Zokirjon Almatov mustaqil O‘zbekiston davrida IIVga eng ko‘p rahbarlik qilgan va aynan shu vazirlikdan yetishib chiqqan kadrdir.

Darvoqe, sog‘ligi og‘irlashgani sababi bilan ishdan olingan sobiq vazir Almatov shu kunlarda Toshkentda kun kechirayotgani aytilmoqda.

So‘nggi bor, sobiq vazirni uning marhum akasi janozasida ko‘rganini aytgan Ozodlik manbasi: "Almatov sog‘-salomat, Toshkentning Lunacharskiy dahasidagi uyida izzat-ikromda yashayapti. O‘zbekning mana-man degan oligarxlari xizmatida", deb qistirib o‘tdi.

Hozir 64 yoshga kirgan sobiq Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov 2006 yilda - 2005 yilning 13 mayida Andijon shahrida aholining tinch norozilik chiqishlari kuch bilan bostirilganidan bir yil o‘tib ishdan olingan edi.
XS
SM
MD
LG