Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:36

MTS O‘zbekistondagi mulkini qaytarib olish uchun oxirigacha kurashmoqchi


Ikki marta kimoshdi savdosiga qo‘yilib, xaridor topilmagan “O‘zdunrobita” mulki O‘zbekistonning “O‘zbektelekom” milliy aloqa operatori tasarrufiga o‘tkazildi.

Toshkent mahkamasi qaroriga ko‘ra, “O‘zdunrobita” shirkatining barcha mol-mulki ekspluatatsiya qilmaslik sharti bilan “O‘zbektelekom” milliy aloqa operatori balansiga o‘tkazildi.

Bu haqda "Uzmetronom" nashri 16 dekabr kuni o‘z manbaalariga asoslanib xabar qildi.

Rossiyadagi MTS mobil aloqa shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basi bo‘lgan “O‘zdunrobita” shu yil boshida bankrot deb e‘lon qilingan edi.

Shirkatning mol-mulkini sotish bo‘yicha iyun va iyul oylarida o‘tkazilgan ikkita kimoshdi savdosi “potentsial xaridorlardan ariza kelib tushmagani sabab” barbod bo‘ldi.

"Uzmetronom" nashrining yozishicha, “O‘zdunrobita” mulkini milliy operator tasarrufiga o‘tkazish hukumat uchun majburiy qadam bo‘lgan.

“O‘zdunrobita” mol-mulki - ushlagichi yo‘q chamadon. Tashlab yuborishga hukumatning ko‘zi qiymaydi, ko‘tarib yurish esa noqulay”, - deb yozdi "Uzmetronom" nashri.

Ayni paytda Rossiyadagi MTS shirkati O‘zbekistondagi qariyb bir milliard dollarlik mulkini qaytarib olish uchun kurashmoqda.

Shirkat matbuot vakili Dmitriy Solodovnikovga ko‘ra, hozirda Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markaz ICSID Rossiyaning MTS uyali telefon shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi litsenziyasi bekor qilinishiga oid shikoyatlarini o‘rganishga kirishgan.

- MTS o‘z mol-mulkini qaytarib olish uchun ohirigacha kurashadi, - dedi Solodovnikov Ozodlik bilan suhbatdi.

ICSID ma‘lumotlariga ko‘ra, MTS uyali telefon shirkati shikoyatlar aslida o‘tgan yil noyabr oyining o‘rtalarida kelib tushgan.

Rossiyaning MTS shirkati 2012 yil o‘rtalarida O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilishi noqonuniy bo‘lgani, buning oqibatida 1 milliard 80 ming AQSh dollarli sof daromaddan quruq qolgani haqda da‘vo kiritgan.

Agar MTS mazkur jarayonda yutib chiqsa, O‘zbekiston hukumati shirkat mulkini qaytarib berishiga to‘g‘ri keladi.

MTS shirkati ko‘plab nashrlarda Rossiyaniki deb aytiladi. Aslida mazkur shirkat asoschilari orasida amerikalik va germaniyalik sarmoyadorlar ham bor.

MTS o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun Britaniyaning Debevoise & Plimpton yuridik shirkatini yollagan.

O‘zbekiston hukumati tomonida esa Amerikaning Boies, Schiller & Flexner yuridik shirkati turibdi.

"O‘zdunrobita" faoliyati o‘tgan yil yozida to‘xtatilgan edi. O‘zbekiston rasmiy idoralari "Uzdunrobita"ni yirik soliq to‘lovlarini yashirish, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirishda ayblagandi.

2004 yilda "O‘zdunrobita" mobil aloqa shirkatining aktsiyalarini sotib olgan MTS O‘zbekiston bozorida 2012 yil iyuniga qadar faoliyat olib borgan.

Rasman 9,5 million deb aytilgan "O‘zdunrobita"ning mijozlari bir kunda mobil aloqasiz qolgan edi.

MTS "O‘zdunrobita"ga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etib, hukumatni O‘zbekistondagi mo‘may daromad keltiradigan bizneslarini tortib olishga urinishda ayblagan.
XS
SM
MD
LG