Линклар

Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudi seshanba kuni fuqaro Isroiljon Tolipovni odam savdosida aybdor, deb topib 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. 42 yashar mahkumning yaqinlariga ko‘ra, uning ayblarini bo‘yniga oldirish uchun tergov davomida unga nisbatan qattiq qiynoqlar qo‘llanilgan. O‘zbekistonda qiynoqlar hali ham sistematik tus olgani yaqinda BMT qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi e‘lon qilgan hisobotda ham qayd etilgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi idorasi qoshidagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mita 10 dekabr kuni e‘lon qilgan hisobotda O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilingan odamlar ayblarini bo‘ynilariga olishga majburlash maqsadida qiynoqqa solinayotani haqidagi xabarlardan chuqur tashvish bildirilgan.

“Qiynoq ostida olingan iqrornomalar keyinchalik O‘zbekiston sudlari tomonidan dalil sifatida qabul qilinishi” hamda “qiynoqqa oid iddaolar tegishli tarzda o‘rganilmayotgani” ham xavotirlarga sabab bo‘lmoqda, deyiladi yana hisobotda.

Seshanba kuni Toshkent viloyat sudi tomonidan chiqarilgan hukm ham, mahkumning yaqinlari iddaolariga ko‘ra, qiynoqlar ostida olingan ko‘rsatmalarga asoslangan.

42 yoshli Toshkent viloyatilik Isroiljon Tolipov 17 dekabr kungi sud qaroriga ko‘ra, odam savdosida aybdor, deb topilib 5 yilga qamoqqa hukm qilindi.

Mahkumning rafiqasi Nigora Tolipovaning Ozodlikka aytishicha, turmush o‘rtog‘i tergov jarayonida qattiq qiynoqqa solingan.

- Urgan bo‘lsa kerakda. Bilmayman, endi “Menga shunaqa azob berishdi” dedi. Xo‘jayinim “Hozir hamma yoqlarim og‘riyapti. Pochkalarim og‘riyapti. Azob berishdi. Azob yedim” dedi. Quchoqlashib, bunday ko‘rishganimizda “Sekin quchoqlanglar. Mening hamma yog‘im og‘riyapti. Ichlarim, hamma yog‘im og‘riyapti” dedi,- deydi Nigora Tolipova.

Uning aytishicha, erining odam savdosida ayblanganiga o‘tgan yili o‘z mahallasidagi yigitlar iltimosiga ko‘ra, ularning Rossiyaga ishlashga ketishida yordam bergani sabab bo‘lgan. Bu yigitlar Rossiyada ishlari o‘ngidan kelmasdan, qaytib kelgach Tolipov ustidan huquq-tartibot idoralariga arz qildi, deya iddao qiladi Nigora Tolipova.

- U bolalar kelgandan keyin “500 dollar beringlar, biz yozmaymiz” dedi. Mening xo‘jayinim “Mening uchastkamda qilmagan bo‘lsang, qo‘lingdan hech qanaqa ish kelmagan bo‘lsa, qanaqa qilib, o‘zing zo‘rg‘a kelib olgan bo‘lsang. Qo‘lingda hunaring yo‘q ekan” devdi, endi ko‘rasan deb yozib mana mening xo‘jayinimning ustidan “1800 dollardan haqimiz bor, undirib beringlar” deb yozgan.

Nigora Tolipovaning yana aytishicha, mahkama jarayonida erining aybi isbotlanmagani, arizachilar avvalgi ko‘rsatmalaridan qaytgani sud tomonidan inoabtga olinmagan.

- Mana bugun sudda shunaqa nima berishdiki, “Biz hech qanaqa qiynalmaganmiz. Pasportimizni ikki kunda propiska qilib qo‘limizga bergan. Uch mahal ovqat”. Baribir mana xo‘jayinimni jinoyat nimasi deb turib 5 yil ozodlikdan mahrum qilib yubordi,- deya iddao qiladi Nigora Tolipova.

Ozodlik bu iddaolar xususida da‘vogar tomon yoki tergovchilardan izoh olish imkonini topmadi.

BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi o‘tgan hafta e‘lon qilgan hisoboti oktyabr oyi oxirida O‘zbekiston rasmiylari ishtirokidagi muhokamalarga asoslangan.

29 oktyabr kungi muhokamalar paytida O‘zbekistonda qiynoqlarga oid vaziyat xususida bildirilgan tanqidlarga javoban O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov hukumat siyosatini baqir-chaqir bilan stol mushtlab himoya qilishga uringan edi.

Markazi Parijda joylashgan Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi prezidenti Karim Lahijiy BMT hisobotiga munosabat bildirar ekan, “O‘zbekiston rasmiylarining mamlakatda qiynoqlar qo‘llanishini surbetlarcha inkor qilib kelishi kurakda turmasligi”ni ta‘kidlab, rasmiy Toshkentni o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarishga chaqirdi.
XS
SM
MD
LG