Линклар

Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika instituti talabalariga stipendiyalar o‘z vaqtida berilmayapti. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan buxorolik talaba yigitga ko‘ra, stipendiyani talab qilgan talabalarga institut rahbariyati tomonidan tahdid qilinib, hatto ba‘zi talabalar kaltaklangan.


"Stipendiyamizni berishmayapti"


Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutining 2 bosqich talabasi oliygohda stipendiyalar o‘z vaqtida berilmayotganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

- Kontraktchilardan ba‘zilariga to‘langan, ba‘zilariga to‘lanmagan. Grantchilarga sentyabrь va oktyabr oylari stipendiyasini berishgan. So‘raganimizda ertaga, indinga, deyishadi. Bizlarga Turonbank pul beradi. Borib so‘rasak, hali bizlarga pul o‘tkazishgani yo‘q, deyishadi. Lekin universitet va Tibbiyot institutlariga stipendiyalarni o‘z vaqtida berishgan, dedi ismini ochiqlamayotganimiz talaba yigit.

Mazkur institutning bosh hisobchi o‘rinbosari Yulduz Boboyeva Ozodlik bilan suhbatda institutning ayrim talabalariga stipendiyalar vaqtida berilmaganini tan oldi.

- To‘lov-kontrakt bilan o‘qiydigan studentlarga agar kontrakt pulini vaqtida to‘lamagan bo‘lsa, stipendiyani kontrakt pulini to‘laganidan keyin yuboramiz. Shunaqalar bor. Hozir ularga to‘rt oylik stipendiyani yubordik. O‘z vaqtida, ya‘ni, avgustda yoki sentyabrning boshida to‘lagan bo‘lsa, oyma-oy stipendiya oladi. Lekin noyabrda yoki dekabrda kech to‘lagan bo‘lsa, biroz kechikadi. Kontrakt pulini yuz foiz to‘laganidan keyin ularga to‘liq stipendiya yuboriladi. Bu to‘lov-kontrakt bilan o‘qiydiganlarga tegishli. Grant asosida o‘qiydigan studentlar stipendiyani vaqtida oladi, dedi Yulduz Boboyeva.


"Dekanimiz talabalarni kaltaklaydi"


Ozodlik muxbiri bilan so‘zlashgan talaba Muhandis- texnologiya fakulьtetining dekani Nasrullo O‘rinov institutda majburiy to‘lovlar ham amalga oshirishi va studentlarni kaltaklashini ham aytdi.

- Bizlar studentlar bugalteriyadan stipendiyalarni so‘rasak, qo‘pol muomala qilishadi, aldashadi, ertaga- indinga deb. Dekanatimizdan so‘rasak, siyosatga qarshi boryapsizlar, deb bizlarga qo‘pol muomalada bo‘ladi. Dekanimiz katta janjal qilib uradi, student bolalarni kaltaklaydi. Ikki hafta bo‘ldi, juma kuni edi. Bir talaba referatini topshiraman deganida bir domla referatni olmadi. Keyin janjallashib ketdi. So‘ng dekan O‘rinov tarafidan olib kirib, mushtlab urgani juda achinarli hol bo‘lgan, dedi buxorolik talaba.

Dekan Nasrullo O‘rinov Ozodlik bilan suhbatda talaba shikoyatini shunday izohladi:

- Bu noto‘g‘ri gap. 56 yoshdaman. Men birovni qanday uraman. Bu gap noto‘g‘ri. Birovni urishga madorim yo‘q. Qari odamman, dedi dekan O‘rinov.

Hozir Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika institutida 5117 nafar talaba bilim olmoqda.

Institutda bir yillik eng kam to‘lov-kontrakt miqdori 4 million 600 ming so‘mni tashkil qiladi.

Student kontrakt pulining 50 foizini o‘quv yili boshida, qolgan qismini mart oyida to‘lashi kerak.

Yulduz Boboyevaga ko‘ra, hozirda stipendiyalar yuz foiz talabalarning plastik kartalariga o‘tkazib berilmoqda. Faqat oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan studentlarga stipendiya naqd pulda to‘lanadi.

- Yuz foiz plastik kartaga o‘tkaziladi. O‘zlarining arizalariga ko‘ra. Faqat chin yetimlarga naqd to‘laymiz. Chin yetim talabalarimiz bor, shularga, dedi Yulduz Boboyeva.

2013 yil 15 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda stipendiyalar miqdori besh foizga oshirildi.
XS
SM
MD
LG