Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:11

Blog: Muftiy fatvo berdi. Plastikdan pul yechish – sudxo‘rlik!


Plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish muammosiga hech dech kelganmisiz? Yo‘q, deysizmi? Demak, xorijda yasharkansiz-da, O‘zbekistonda bo‘lganingizda “obnal” muammosiga albatta ro‘para bo‘lardingiz.

Oylik maoshlarning 50-60 foizi (ba‘zi ishxonalarda 100 foizi!) plastik kartochkaga o‘tkazilayotganiga ham ancha vaqt bo‘ldi. Aslida-ku, hamma joyda terminal qo‘yilgan bo‘lsa, plastikdan qulayi yo‘q. Lekin ro‘zg‘or – g‘orga eng kerak narsalarni ikki dunyoda ololmaysiz-da plastikka.

Toshkentda tuzuk deb eshitaman, hatto bozorlarda ham terminal o‘rnatilyaptiykan. Ammo biz yashayotgan Namangan viloyatida (boshqa viloyatlarda ham shunday bo‘lsa kerak) plastik orqali xarid qilgan odam yutqizadi. Plastikka narsa sotib olsangiz, ustiga 10-20 foiz ustama mindirishadi-da. Qolaversa, ro‘zg‘or uchun suvu havodek zarur bo‘lgan kartoshka, piyoz, sabzi... degandek mahsulotlarni plastikka ololmaysiz.

Cho‘ntakda shamol hushtak chalgan shunday kezlari plastikdagi pulingizni naqdlashtirish uchun bankirgami, biror tujjorgami yukinib borasiz. Bilasiz, mushuk tekin oftobga chiqmay qo‘yganiga allazamon bo‘ldi. Bankir yo tujjor ham himmatiyu insofiga ko‘ra 10 foizdan 20 foizgacha “happai halol” haqqini olib, pulingizni naqdlashtirib beradi.

Aslida, bu qip-qizil g‘irromlik. Peshona teri bilan topgan pulingizni (bittagina “ayb”i – kartochkada ekani!) o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir bankir-tujjorga qo‘shqo‘llab tutqazish alam qiladi. Ammo shahar markazida qoqqan qoziqdek turgan bankomatlarda naqd pul bo‘lmagach, bankning o‘zidan ham qonuniy yo‘l bilan naqd pul olib bo‘lmagach, boshqa chorayam yo‘q-da!

Viloyat diniy idorasida ishlaydigan qo‘shnim tunov kuni gap topib keldi: O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov plastikdan pul naqdlashtirishni sudxo‘rlik deb fatvo beribdi. Boya aytdim-ku, plastikdan pul yechish payti bankirmi, tujjormi, 20 foizgacha o‘z foizini ushlab qoladi, deb. Ana shu foiz sababli, “obnal” qilish sudxo‘rlik hisoblanarkan. Bundan chiqdi, amallab pulini naqdlashtirayotgan minglab yurtdoshlarimiz sudxo‘rlik qilyaptiykan-da?!

O‘zim-ku, o‘ta taqvodor emasman, ammo hartugul, harom-harishdan parhez qilishga harakat qilaman. Muftiyning fatvosidan boxabar bo‘lib, boshim qotib qoldi: oyligimni foizga bo‘lsa-da, naqdlashtirmasam bo‘lmaydi; naqdlashtirsam, sudxo‘rlikka kirib qolarkan. Qanday yo‘l tutishgayam hayronman...

Muallif: “Ozodlik”ning namanganlik muxlisi
XS
SM
MD
LG