Линклар

Jalolobod viloyat hokimiyatining o‘zbek tilidagi nashri bo‘lgan “Jalolobod tongi” gazetasi o‘zbek tili alifbosiga “Ы” va “O”(“Ў”) xarflarini kiritdi. Gazetaning so‘nggi oylardagi sonlarida joy nomlari o‘zbek tili qoidalariga zid ravishda "Кыргызстан", "Жалал-Абад", "Кок-Жангак" shaklida yozila boshlandi.

“Jalolobod tongi” gazetasining nomi ham “Jalal-Abad tongi” deb o‘zgartirilgan. “Ы” va “o”(“ў”) xarflarini o‘zbek alifbosiga kiritgan gazeta qirg‘iz tilidagi “ө”, “ң”,”ү” xarflarini o‘zbekcha taomilga kiritishga hozircha jur‘at etmagan. Buning oqibatida joy nomlari o‘zbekchada ham, qirg‘izchada ham mutlaq xato yozilgan. Buning oqibatida ham kulgili, ham achinarli holat yuzaga kelgan.

“Jalolobod tongi” gazetasining bosh muharriri Botirjon G‘oziboyev o‘zbek alifbosining bu tarzda “boyitilishi” Davlat til komissiyasining Jalolobod viloyat bo‘limi tashabbusi va qirg‘iz tili to‘g‘risidagi qonun asosida yuz berganini Ozodlikka aytib berdi.

G‘oziboyev: Qirg‘iz tili to‘g‘risidagi qonunda joy nomlari qirg‘iz tilida yozilishi kerakligi aytilgan. O‘zbekistonda ham shunday-da.

Ozodlik: O‘zbek tilining o‘z qoidasi bor.”Ы” degan xarf yo‘q o‘zbek tilida. Sizga birov buyruq jo‘natdimi “mana shu qonun asosida shunday qilasan” deb?

G‘oziboyev: Bunday talab Bishkekda ham, O‘shda ham qo‘yilmadi, hozircha. Lekin Jalolobodda qonunga amal qilaylik, deb maslahatlashildi. Til komissiyasidan bizga shunday tafsiya berilgan. O‘zbek tili yoki o‘zbek xalqi manfaatiga qarshi ish qilganimiz yo‘q.

Qirg‘iziston Davlat til komissiyasining Jalolobod viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Ulpot Asanova esa til komissiyasi o‘zbek gazetasiga bu borada tavsiya berganini rad etdi.

- Men ularga bizning qirg‘iz xarflarini taomilga kiritinglar deb buyruq bergan emasman. Gazeta o‘zbekcha bo‘lganidan keyin u yerda joy nomlari o‘zbekcha transkriptsiya bilan yozilishi kerak, albatta. Agar qirg‘izcha transkriptsiya bilan yozilsa bu yo o‘zbekchaga, yo qirg‘izchaga o‘xshamay, xitoychaga o‘xshash bir balo bo‘lib qoladiku. Gazeta o‘zbekcha nomda bo‘lgani uchun gazetadagi maqolalarda ham o‘zbekcha xarflar ishlatiladi, -deb tushuntirdi Davlat til komissiyasi pozitsiyasini Ulpot Asanova.

Ayni paytda Bishkekdagi “Golos svobodi” huquq himoyasi portali bosh muharriri Abdumo‘min Mamaraimov bu borada boshqacharoq ma‘lumotlarni berdi:

- Jaloloboddagi voqeadan xabarim bor. Mahalliy davlat tili komissiyasi rahbariyati talab qilgan holda o‘zbek tilida chiqadigan gazetada joy nomlarini qirg‘izcha transkriptsiyada yozishga majbur bo‘lishmoqda. Bu, menimcha, juda noto‘g‘ri va qo‘pol xato. Sababi bu bilan qirg‘iz tili -davlat tilining obro‘si oshib qolmaydi, aksincha, o‘quvchilar bu holatni kamsitish va til ustidan kulish sifatida qabul qilishadi, -dedi Abdumo‘min Mamaraimov.

O‘sh davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, fan nomzodi Ravshanbek Tursunov til masalasidagi bu kabi muammolarni hal etishda tojikistonlik o‘zbeklar tajribasidan foydalanish kerak, deb hisoblaydi.

- Tojikistonlik o‘zbeklar bu masalada bizdan ko‘ra ancha faol. Ular Tojikistondagi o‘zbeklar uchun to‘g‘ri yozish qoidalarini allaqachon ishlab chiqishgan. Masalan, biz Qirg‘izistonda yashaganimiz uchun tilimiz qirg‘izcha bilan aralashib, singarmonizm bo‘lgan. Tojiklarda ham shunday. Ular qoidalarni ishlab chiqayotganida bularning barchasini hisobga olgan. Joy nomlari masalasida biz ham talashib –tortishish o‘rniga o‘zbek tili uchun to‘g‘ri yozish orfografiyasini ishlab chiqsak to‘g‘riroq bo‘lar edi. Aks holda barcha gazetalarimizda orfografik xatolar juda ko‘payib ketmoqda, -dedi Ravshanbek Tursunov.
XS
SM
MD
LG