Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:19

Qirg‘izistonlikning Toshkentga mehmonga borish tartibi qanday?


Toshkentga mehmonga kelgan qirg‘izistonlik faqat mehmonxonada yashashi lozim.
Toshkentga mehmonga kelgan qirg‘izistonlik faqat mehmonxonada yashashi lozim.
OzodJavobning bugungi sonida Qirg‘iziston fuqarolarining Toshkent shahriga mehmonga borish tartib-qoidalariga oid savollariga javob izlaymiz.

Qirg‘izistonning O‘zbekistonga qo‘shni hududlarida yashovchi fuqarolardan “Toshkentga borib-kelish uchun nima qilish kerak?”, degan mazmundagi savollar ko‘plab keladi.

Jumladan, O‘shdan murojaat qilgan mushtariy onasining Toshkentga mehmonga borishni rejalashtirayotgani va bu borada ayrim tushunmovchiliklar bo‘layotgani haqida yozdi.

“Onam Toshkentga xolamning oldiga borib kelmoqchi. Toshkentda bir oy bo‘lishini rejalashtirayapmiz. Lekin Toshkentda "propiskaga qo‘ymas" emish. Xolam shunday dedi. Shu propiska masalasini tushunmayapmiz. O‘zi Toshkentga bir oyga borsa bo‘ladimi?”, deya murojaat qildi WhatsApp orqali o‘shlik yigit.

Toshkent shahar Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidagi aynan xorij fuqarolarining O‘zbekistonga kelib-ketishi uchun mas‘ul bo‘lgan mutaxassisiga bu borada murojaat qilib quyidagi ma‘lumotlarni oldik:

1) Agar Qirg‘iziston fuqarosi Toshkentda yashaydigan qarindoshinikiga kelsa, uning qarindoshi o‘zi yashaydigan hududdagi militsiya uchastka bo‘limiga borib, xorijlik mehmon borasida ogohlantirishi lozim.

“Qirg‘iziston fuqarosi Toshkentga kelgani va ketayotgani borasida uchastka nozirini xabardor qilish lozim dedi”, mutaxassis.

2) Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijlik mehmon Toshkentdagi qarindoshining uyiga propiska yoki qaydga qo‘yilishi mumkin emas.

“Bu mutlaqo mumkin emas. U o‘sha qarindoshi yashaydigan hudud yaqinidagi biror mehmonxonada qayddan o‘tishi shart. Bu qat‘iy tartib. Kvartiraga qaydga qo‘yish mumkin emas”, dedi rasmiy mutaxassis.

3) Rasmiyga ko‘ra, mehmonxonada qayddan o‘tgan xorijlik Toshkentdagi qarindoshining uyida tunab qolishi mumkin emas.

“U qarindoshinikiga kunduz kuni mehmonga borishi mumkin. Lekin kechasi albatta, o‘sha qayddan o‘tgan mehmonxonasiga qaytib, o‘sha yerda tunashi kerak”, dedi mutaxascis.

4) Tartibga ko‘ra, xorijlik mehmon qayddan o‘tgani to‘g‘risidagi qog‘ozni O‘zbekiston chegarasidan chiqayotganida chegarachi xodimga ko‘rsatishi shart hisoblanadi.

"Registaritsiyani yo‘qotib qo‘ymasligi lozim. Boisi ketayotganida chegarachi albatta registratsiyani so‘raydi", dedi suhbatdosh.

5) Xorijlik mehmon Toshkentdagi faqat chet elliklarni qabul qilish huquqiga ega mehmonxonada yashashi lozim.

“Hamma mehmonxona ham xorijliklarni qabul qilish huquqiga ega emas. Masalan, bizning “Hayot” mehmonxonamiz chet elliklarni qabul qilish huquqiga ega. Qirg‘izistonlik mehmon kelib bizda yashaydi. Biz uni registratsiya qilamiz. U ketayotgan payti qo‘liga "shu chislodan shu chislogacha shu mehmonxonada registratsiyada turdi" degan qog‘oz beramiz. Shu qog‘oz qayddan o‘tish degani. Ya‘ni pasportiga qayddan o‘tish haqida pechatь bosilmaydi”, dedi Toshkentdagi “Hayot” mehmonxonasi xodimi.

Lekin, shuni aytish kerakki, Qirg‘izistonlik 60 kun mobaynida O‘zbekistonda vizasiz yashash huquqiga ega.

2007 yilning yanvarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘z fuqarolariga har ikkala mamlakatda ikki oygacha vizasiz yurishga ruxsat beradigan ikki tomonlama bitimni imzolagan.

Ushbu bitimga muvofiq, "Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekiston hududiga 60 sutka davomida vizasiz kirishlari yoki bu hududdan chiqishlari yoxud bu hudud orqali boshqa mamlakatlarga o‘tishlari va shu hududlarda qolishlari mumkin”.

Qirg‘izistonliklardan farqli Qozog‘iston fuqarolari O‘zbekistonga, jumladan, Toshkentga kelganida qarindoshining uyida qaydga qo‘yilishi va yashashi mumkin.

“Qozog‘iston fuqarolari Toshkentdagi qarindoshinikiga kelganida 5 kun ichida qaydga qo‘yilishi mumkin va o‘sha uyda yashash huquqiga ham ega”, dedi Toshkent shahar Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mutaxasisi.

Qo‘shni Turkmaniston va Tojikiston bilan viza tartibi mavjudligi bois ushbu davlat fuqarolarining Toshkentga kelib- ketishi faqat viza muddati va turiga bog‘liq bo‘ladi.

***
Aziz mushtariy agar sizda qirg‘izistonliklarning o‘z mashinasida O‘zbekistonga kirish payti to‘lanadigan sug‘urta harajatlari borasida aniq ma‘lumotlar bo‘lsa, iltimos boshqalar bilan o‘rtoqlashing. Shuningdek, bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz, OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni skayp orqali Ozodskype yoki ErkinMikrofon ga yo‘llashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG