Линклар

logo-print
1990 yilning 18 dekabrida BMT Bosh Assambleyasi Mehnat muhojirlari va ularning oila a‘zolari huquqlarini himoya qilish Xalqaro Konventsiyasini qabul qilgan edi. 10 yil o‘tib – 2000 yilning 4 dekabrida, dunyoda muhojirlar soni keskin ko‘payib borayotganini inobatga olgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 18 dekabrni Xalqaro muhojirlar kuni, deb e‘lon qildi.

Ammo shu bugungacha, ayniqsa Rossiyada bunday kunning mavjudligini bir guruh huquq himoyachilari va mutaxassislardan boshqa hech kim tasavvuriga ham keltirmaydi.

So‘nggi paytlarda Rossiyada sodir bo‘lgan ommaviy g‘alayon va noroziliklar tufayli Kreml migratsiya masalasiga alohida e‘tibor qaratish zarurligini anglab yetgan ko‘rinadi.

Keyingi kunlarda Federal migratsiya xizmati ko‘magida turli muassasalarda badiiy-teatrlashtirilgan loyihalar amalga oshirildi; FMS rahbariyati matbuot anjumanlari uyushtirib, migratsiyaga oid yig‘ilib qolgan savollarga javob berib ko‘rdi; turli mamlakatlar bilan xalqaro videomuloqotlar va boshqa qator madaniy-ma‘rifiy tadbirlar uyushtirildi;17-19 dekabr kunlari Moskvadagi Dostoyevskiy kutubxonasi, “Falanster” kitob do‘koni, Turgenev kutubxonasida migratsiya masalalariga oid davra suhbatlarlari o‘tkaziladi.

Biroq, Muhojirlar kunida uyushtirilayotgan bunday tadbirlar va davralar "Moskva amaldorlarining ko‘zbo‘yamachiligi, xolos", deydi o‘z munosabatini bildirgan “Fuqaroviy ko‘mak” huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina Ozodlikka:

- Aslida, Muhojir kuni odamlarning hech bo‘lmaganda yilda bir marotaba ularning yonlarida yordamga muhtoj, mehmon sifatida qabul qilinishi kerak bo‘lgan odamlar yashayotganiga e‘tibor berishlari uchun belgilab qo‘yilgan. Bu kunda migrantlarning muammolari nimadan iborat ekani, juda bo‘lmaganda ularga kulib qo‘yishlari so‘raladi. Bizning tashkilotda esa, har kuni Muhojir kuni: og‘ir ahvolga tushib qolgan migrantlar soni eshigimiz oldida kun sayin ko‘payib bormoqda. Keyingi paytlarda hukumatimiz bema‘ni qonun-qoidalarni shu darajada ko‘p qabul qildiki, endilikda migratsiya va migrantlarga bo‘lgan munosabatni hech qanday davra suhbatlari bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi, deydi Svetlana Gannushkina.

Fikrini davom ettirar ekan, u "Putin va Medvedev ko‘rsatmasi bilan go‘yo “noqonuniy migratsiyaga qarshi”parlamentda qabul qilinayotgan qonunlar eng avvalo rossiyaliklar huquq-manfaatlarini oyoq osti qilmoqda", dedi.

“Biz xuddi tramvayda chiptasiz ketyapmizu, kontrolerning o‘zi ham chiptalar qayerda sotilishi bilmaydi, chunki bu tramvayga chiptalar hech qayerda sotilmaydi! Mamlakat fuqarolari va muhojirlar ham Rossiya degan tramvayda doimo qonunbuzar bo‘lib qolaveradi”, deya o‘xshatish qildi Svetlana Gannushkina.

Moskvadagi “Vatandosh” O‘zbeklar jamiyati raisi Usmon Baratov har bir hukumat va davlat o‘z muhojirlari huquqlari himoyasini ta‘minlashi va bu masalada ular javobgar ekanini gapiradi.



Ozodlik bilan suhbatda jamoatchilik faoli "O‘zbek muhojirlari bu bayramni qanday kayfiyatda kutib olyapti?" degan savolga bunday javob berdi:

- Rossiyada men sizlarning Radiongiz orqali bu kun bilan, eng avvalo, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va Bosh vaziri Dmitriy Mededevni tabriklamoqchiman: ular ham Sankt-Peterburgdan Moskvaga ishlagani kelgan mehnat muhojirlari. Kayfiyat masalasida esa, muhojirlar juda og‘ir kayfiyat bilan bu bayramni kutib olishmoqda. Yangi qonunlar kirgizilyapti, bu muhojirlarning ahvoli sotsial-siyosiy-yuridik, ya‘ni har tomonlama yanada og‘irlashtirmoqda. Odamlar bu kun haqida bilmaydi, aslida mehnat muhojiri uchun bu - Baxtsizlik kuni, desa ham bo‘ladi, deydi o‘zbeklar jamiyati rahbari Usmon Baratov.

Darhaqiqat, oxirgi paytlarda Rossiyada migratsiyani cheklovchi qator federal va mahalliy qonun-qoidalar qabul qilingani haqida Ozodlik habar berib kelmoqda.

Moskvada ham o‘qib, ham ishlab kun kechirayotgan o‘zbekistonlik 21 yoshli Xumoyun ismli yigit Muhojir kuni haqida eshitmaganini Ozodlikka gapirar ekan, kayfiyati hecham bayramona emasligini aytadi.

- Rosti, Den Migranta ekanini birinchi marotaba eshityapman. Bugun bizning bayram ekanda... Lekin yomon bo‘lsa bo‘lyaptiki, yaxshi bo‘lmayapti vaziyat. Tinimsiz ko‘chalardagi proverkalardan, reyd, oblavalardan bilsa bo‘ladi buni. Ko‘chada politsiya xodimlari har qadamda to‘xtatib olishi... Xalqning o‘zida ham rasizm, millatchilik kayfiyati ko‘zidan bilinib turibdi. Xuddi ularning nonini yeb qo‘yayotgandek! Ilgari bu darajada emas edi, hozir borgan sari millatlar o‘rtasida olov yoqilyapti. Har kuni televizorda “Migranti vot tak jivut, vot tak delayut!” deganidan keyin, gazetalarda yomonlab chop etganidan keyin, xalq buni yeyapti, ularga bu yoqyapti. Ko‘chaga chiqib esa bizlarga gapiryapti, gapirmagani - ko‘zida ifoda bo‘lyapti. Manimcha, bu endi to‘xtamasa kerak. Bizning O‘zbekistonda 130 ortiq millat vakillari yashardi, lekin bizlarda millatchilikni ko‘rmaganman, oldinlarni hisobga olmasak, - dedi 21 yoshli talaba Xumoyun.

BMT rasmiy ma‘lumotiga ko‘ra, hozirga kelib eng ko‘p gastarbayterlar soni AQShda qayd etilgan. Oxirgi yillari bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘ringa Rossiya chiqib oldi.

2013 yil oktyabr oyidagi o‘z chiqishida BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun migrantlar huquq va erkinliklarini himoya ostiga olishni ko‘zlagan 8 banddan iborat dasturni ilgari surdi.

“232 million odam to‘g‘ilib o‘sgan mamlakatidan tashqarida yashamoqda. Jumladan men ham”, dedi BMT Bosh kotibi.
XS
SM
MD
LG