Линклар

Oyliklari plastik kartaga o‘tkazilgan namaganliklar bankomatlarda pul yo‘qligi bois, pulini maxsus tujjorlarga haq berib, naqdga aylantirmoqda.

Bu ma‘lumotni Ozodlikka jo‘natgan va o‘zini “Ozodlik”ning namanganlik muxlisi", deb atagan bloggerga ko‘ra¸ tujjorlar o‘z xizmati uchun plastik kartadan chiqarib olingan umumiy summaning 20 foizi miqdorida “haq” olmoqda.

Ozodlikka maqola jo‘natgan blogger¸ Namangan viloyati diniy idorasida ishlaydigan qo‘shnisiga tayanib, "O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov plastikdan pul naqdlashtirishni sudxo‘rlik deb fatvo berdi” deb yozdi.

Namanganlik bloggerning yozishicha¸ aksariyati taqvodor hisoblanadigan mahalliy aholi naqdga aylantirgan pulidan 20 foizidan ayrilish barobarida sudxo‘rlikka sherik bo‘lganidan hijolat ham bo‘lmoqda.

Bu maqola ortidan Ozodlik muxbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limi bilan bog‘landi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda plastikdan pul chiqarish bilan bog‘liq jarayonga diniy nuqtai nazardan izoh berdi:

-Avvalo shuni aytish kerakki, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi plastikdan pul yechish borasida fatvo chiqarmagan. Ammo musulmonlarning bu boradagi savollariga og‘zaki javob berish jarayonida plastikdan pul naqdlashtirishning sudxo‘rlik ekani tushuntirilmoqda. O‘zbekiston qonunlarida ham jinoyat hisoblangan bu holat diniy nuqtai nazardan qaralganida ribo bo‘ladi. Bu aniq. Fatvo ko‘pincha bir masalada ikkilanib turilgan holatda chiqariladi. Plastikdan foiz evaziga pul chiqarib olishning sudxo‘rlik ekani ko‘rinib turgani bois maxsus fatvoga zarurat yo‘q, dedi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdosh Namanganda plastik karta haqida tarqalgan gaplarga ham munosabat bildirdi:

- Biz ham eshitganmiz. O‘n besh yoki yigirma foiz evaziga plastikdan naqd pul chiqarib berilishi haqidagi gaplarni og‘zaki suhbatlarda eshitganmiz. Bizdan so‘rab turishadi. Biz doimo o‘z nasihatlarimizda bu holatning ribo ekani va qonuniy jihatdan ham bu ish uchun javobgarlik borligini aytib kelamiz. O‘tish davri murakkabliklaridan foydalanib, aholini pulini o‘marayotganlarni doimo qoralaymiz, dedi shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ masjidlardagi amri ma‘ruflarda plastikdan foiz hisobiga pul chiqarib beruvchilar qoralanmoqda.

Ayni paytda viloyatdagi do‘kon va xizmat ko‘rsatish shohobchalarida terminallarning kamligi¸bankomatlarda naqd pul yo‘qligi kabi tamal muammolar haqida masjidlardagi imom-domlalar gapirmayapti.

O‘zbekiston banklarida ishlaydigan va o‘zi ismi aytilishini istamagan moliya mutaxassisining fikricha¸ foiz evaziga odamlarga plastikdagi pulini naqdlab beruvchilarning aybi ikkinchi darajalidir:

- Bu sohadagi bosh aybdor bank tizimidir. Bank mijozga oid pulni plastikka o‘tkazar ekan¸ uni mijoz istagan onida naqdlashtirish imkonini ham yaratishi kerak. Masalan, siz aytgan Namangan viloyatida nafaqa va oylik maoshlarining 90 foizi plastikka o‘tkazilgan, deylik. Agar taqqoslasak Namanganda qancha magazin yoki bozorda necha foiz terminal bor? yoki bankomatlar soni nechta? Bankomatlarda nega pul yo‘q? Bu masalalar uchun birinchi davlatda bank tizimi javobgar¸ deydi toshkentlik banki hodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mamlakatda naqd pul taqchilligi yil sayin kuchaymoqda – davlat g‘aznasidan oylik¸ pensiya¸ bolalar va nogironlik nafaqalari oladiganlar qo‘liga berilayotgan naqd puli cho‘g‘i yil sayin kamayib¸ ba‘zi muassasalarda bu to‘lovlarning 100 foizi plastik kartochkaga o‘tkazilmoqda:

- 2013 yil oxiriga kelib plastik karta orqali to‘lov imkoni cheklanganicha qolgani uchun bu kartalardagi pullarni kommunal to‘lovlardan qarzdorlik iddaosi bilan ko‘p joylarda muzlatib qo‘yish keng tus oldi. Bu holatda naqd pulni foiz evaziga plastikdan chiqarib beruvchi dallollarning ishi yurishadi¸ deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG