Линклар

Xabarlarga qaraganda, 2013 yil davomida O‘zbekiston Bojxona xizmati postlarida 50 ming dona turli ko‘rinishdagi pirotexnika mahsulotlari qo‘lga tushirilib musodara qilingan. O‘zbekistonga pirotexnika olib kirish rasman taqiqlanganiga qaramay, Yangi yil yaqinlashgan sari Toshkentning bozorlarida yashirincha sotilayotgan “paqildoqlar” narxi oshib bormoqda.

"Chorsu" bozoridagi do‘konlardan birida ishlaydigan Adhamjonning Ozodlikka aytishicha, Yangi yil yaqinlashgan sari pirotexnika vositalari ovozi tez-tez quloqqa chalinmoqda.

- Bir-bir ovozini eshitib turibmiz. Lekin “Chorsu”ning qayerida sotilayotganini aniq bilmayman. Bir xil paytda berkitib sotishadi. Hozir bu narsaga strogiy qaraladi. Lekin ushlab olsa, musodara qilib tashlaydi bu narsani. Melisala bunga qattiq qaraydi, deydi Adhamjon.

Odamlar pirotexnika vositalarini “paqildoq”, “salyut” yoki “bombochka” deb ataydi.

Ozodlikning “Chorsu” bozoridagi boshqa manbasiga ko‘ra, shu kunlarda yashirincha sotilayotgan bitta “bombochka”ning narxi 5500 so‘mga chiqqan. Qimmat bo‘lishiga qaramay, ular har doim ham topilavermaydi.

Manbaga ko‘ra, “Chorsu” bozorida yashirincha pirotexnika sotayotganlar mo‘may daromad ko‘rmoqda.

O‘zbekistonga pirotexnika olib kirish bir necha yil oldin taqiqlanganiga qaramay, Adhamjonga ko‘ra, bayram arafasida yoshlar orasida juda xaridorgir bo‘lib ketadigan bu mahsulot mamlakatga turli yo‘llar orqali yashirincha olib kelinadi.

- Xitoydan yashirincha olib kelinadi. Postdan o‘tib ketgan bo‘lsa, bekitib sotayotgan bo‘lishi mumkin. Tamojnyada bu narsaga qattiq qaraladi. Hozir bu kontrabanda mahsulotlari ro‘yxatiga kiritilgan. 2-3 yildan beri bu narsaga qat‘iy e‘tibor berilmoqda. Ilgari yangi yildan oldin rosa paqillatishardi. Bolalar yaralanib kasalxonaga tushganidan keyin bu narsani olib kelishni to‘xtatib qo‘yishdi. Pojarniylar ham yangi yil oldidan buni nazorat qilib yuribdi, deydi “Chorsu” bozoridagi tadbirkor.

Ayni paytda, O‘zbekiston bo‘ylab yong‘inga qarshi oylik o‘tkazilmoqda.

12uz.com axborot portalining 18 dekabr kungi ma‘lumotiga ko‘ra, tadbir davomida taxminan 25 mingta korxona va idora, shuningdek, 1 million 790 mingta turar joy binolarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Natijada, yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgan 188 mingta holat aniqlanib, mutasaddi shaxslar ogohlantirilgan.

- Do‘konlarga kirib o‘t o‘chirish moslamalari, elektr qurilmalarni tekshirib yurishibdi. Ularga borib pechkalarning ahvolini tekshirishyapti. Butun Respublika bo‘ylab xonadonlarga va ishxonalarga ham tegishli bu tadbir, dedi Chorsu bozoridagi tadbirkor Adhamjon.
XS
SM
MD
LG