Линклар

Keyingi 11 yil ichida xorijga chiqqanlar yoppasiga tekshirilmoqda


O‘zbekistonda ishsiz qolganlar chet elga ketib ishlashni orzu qilishadi.

O‘zbekistonda ishsiz qolganlar chet elga ketib ishlashni orzu qilishadi.

Toshkent mahallalarida ichki ishlar xodimlari reyd o‘tkazib, 2002 yildan 2013 yilgacha chet elga chiqqanlarning har biridan tushuntirish xati yozdirib olishmoqda.

Bu haqda o‘zini Jaloliddin deb tanishtirgan Toshkentning Qo‘ylik mavzeida istiqomat qiluvchi 36 yashar yigit Ozodlikka ma‘lum qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 19 dekabr ertalab soat 8 dan boshlab Qo‘yliq massivida IIB xodimlarining katta guruhi reyd o‘tkazishgan.

Reyd davomida militsiya xodimlari aholidan keyingi 11 yil mobaynida qaysi mamlakatga va nima sababdan sayohat qilgani haqida tushuntirish xati yozdirib olgan.

Tushuntirish xatida chet elga kim tarafidan chaqirilgani haqida ham aniq ko‘rsatilishi shart bo‘lgan.

Jaloliddinning aytishicha¸ tekshiruv mobaynida Toshkentda qayddan o‘tmaganlar ham aniqlanib¸ ular avtobuslarda “Panelniy” mavzeidagi hibsxonaga olib ketilgan.

Toshkentdagi Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ bunday ko‘lamdagi tekshiruvlar Chilonzor tumanida ham o‘tkazilgan.

Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasining ma‘lum qilishicha¸ uchastka nozirlariga keyingi 11 yil ichida Rossiya va Qozog‘istonga borgan fuqarolarni xatga tushirish (uchyotga olish) bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

"Bu ko‘rsatma O‘zbekiston fuqarolarining migratsiya oqimini o‘rganish maqsadida berilgan"¸ dedi Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasi.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ Janubiy Koreyaga borayotganlardan ko‘ra¸ Rossiya va Qozog‘izstonga borib kelayotgan fuqarolar borasida noaniqliklar ko‘p bo‘lgani uchun bu tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston kuchishlatar tizimlariga yaqinligi aytiladigan Uzmetronom.com nashrining yozishicha¸ chet elga sayohat qilganlardan tushuntirish xati olib¸ ular borasida batafsil ro‘yxat tuzish ko‘rsatmasi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tarafidan berilgan.

Ayni nashrga ko‘ra¸ O‘zbekiston hukumati mamlakat tashqarisidagi mehnat muxojirlarining aniq sonini bilish maqsadida keng qamrovli taftish boshlagan.

Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasining ma‘lum qilishicha¸ 2002 yildan 2013 yilgacha chet elga chiqqanlardan olingan tushuntirish xatlaridagi ma‘lumotlar kompyuterdagi maxsus tizimga solinadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu ma‘lumotlar odam savdosiga qarshi kurash dasturini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston tashqarisidagi mehnat muhojirlarining soni haqida aniq ma‘lumot yo‘q.

Norasmiy ma‘lumotlarda O‘zbekiston tashqarisida 5 milliondan 8 millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojiri borligi iddao qilinadi.

Bu muhojirlar aksariyatining Rossiya¸ Qozog‘iston va Janubiy Koreyada ekani haqida ma‘lumotlar bor.

Rossiya Federatsiyasi Migratsiya xizmati boshlig‘i Konstantin Romodanovskiy keltirgan raqamlarga ko‘ra, 2010 yil davomida Rossiyaga kirib kelgan 5 million mehnat muhojiridan 1,2 millioni – o‘zbekistonlikdir.

Federal migratsiya xizmati boshlig‘ining aytishicha, Rossiyada ishga ruxsatnoma olish bo‘yicha murojaat qilishda O‘zbekiston fuqarolari peshqadamlik qilmoqda: umumiy hisobdan ular 34 foizni tashkil qilgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni Tojikiston va Ukraina egallab kelmoqda.

Rossiya Markaziy Bankining ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari 2012 yili o‘z vatanlariga 6 milliard dollarga yaqin pul yuborishgan.

AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2012 yilda 51 milliard dollardan sal ko‘proq bo‘lgan.

Bu raqam birgina Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborgan mablag‘ O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etishi va paxta¸ gaz eksporti daromadidan ko‘proqdir¸ degan xulosani beradi.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ tashqariga chiqib ketayotgan o‘zbekistonliklar ko‘payib borayotgani bois¸ hukumatda bu holatni tahlil qilishga ehtiyoj tug‘ilgan.

Ozodlik tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi banklar mamlakat tashqarisidagi mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul mablag‘lari borasidagi batafsil ma‘lumotlarni MXXga yetkazish borasida majburiyat olgan.
XS
SM
MD
LG