Линклар

logo-print
Internetdagi Skype messenjeri orqali muxolifatga oid adabiyotlarni olib tarqatganlikda ayblanayotgan namanganlik 43 yoshli tadbirkor Qudrat Rasulov sud hukmini kutmoqda.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Namangan bo‘limi xodimlari tomonidan shu yilning 9 sentyabr kechasi olib ketilgan Qudrat Rasulov uch oy hibsda tergov qilinganidan so‘ng, unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 221 (kuch ishlatar tizim xodimlari talabiga bo‘ysunmaganlik) va 244-1 (jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatganlik) moddalari bo‘yicha ayb yuklangan.

Namangan shahar sudida Qudrat Rasulov ustidan joriy haftada yopiq sud mahkamasi o‘tkazilishi kutilmoqda.

- Shu kunlarda Qudrat Rasulovning ishi yuzasidan sud majlisi boshlanishini kutyapmiz, lekin ayblov xulosasini menga berishmadi, - deydi Ozodlik bilan suhbatda mahbusning advokati Husan Salomov.

Ozodlik tasarrufidagi Qudrat Rasulovni qamoqqa olish haqidagi hujjatlarda, chunonchi jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi ajrimida yozilishicha, mahbus Skype messenjeri vositasida muxolifat faollari To‘lqin Qorayev va Muhammad Solih bilan doimiy muloqotda bo‘lgan.

​Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining 10 sentyabr kungi yopiq majlisi chiqargan ajrimida ayblanuvchi Qudrat Rasulov Skype vositasida “Qurolsiz kishining ozodligi” nomli filьm va “Zulm qilma va zulmga rozi ham bo‘lma” sarlavhali kitob fayllarini ko‘chirib olganlikda ayblangan.

Shahar sudi sudьyasi Qodirov raisligida, Yo‘ldoshev kotibligida hamda prokuror Boltayev ishtirokida o‘tgan sudning yopiq majlisi Qudrat Rasulovni vaqtincha qamoqqa olish haqida ajrim chiqargan edi.

Ozodlik tasarrufidagi ajrim hujjatida sudьya va prokurorning ismi keltirilmagan, ammo ayni hujjatda Qudrat Rasulov MXX tergovchisi A. To‘rayev tarafidan ushlangani aytiladi.

Ajrimda Qudrat Rasulov namanganlik fuqarolar A. Boydedayev va Q. Soliyevlar chaquviga asosan ushlangani ham ta‘kidlanadi.

Fuqarolik jamiyati faoli Qudrat Rasulovning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq jarayonni kuzatib kelayotgan inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi kuch ishlatar tizimlar insonlarning mamlakat konstitutsiyasida kafolatlangan axborot olish erkinligiga tajovuz qilayotganini ta‘kidladi:

- Dunyoviy davlat tarafdori bo‘lgan tadbirkor Qudrat Rasulovga o‘z mazmuni va sarlavhasiga ko‘ra, zulm qilmaslik va zulmga rozi bo‘lmaslik haqidagi kitobni internetdan olgani uchun 8 yilga qamalish xavf solib turibdi. O‘zbekiston konstitutsiyasining 29-moddasi O‘zbekiston fuqarosining axborot olishini kafolatlaydi, - deydi Yelena Urlayeva Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdosh mahbus Qudrat Rasulovning Skype orqali muloqot qilgani uchun qamoqqa olingani faktiga e‘tibor qaratdi:

- Odatda Skype tarmog‘i xavfsiz hisoblanadi. Lekin O‘zbekiston MXXsi xodimlari Qudrat Rasulovning uyi yoniga maxsus moslama o‘rnatib, internet signallarini tutishgan. Bilishimcha, uning uyi oldiga maxsus pelengator o‘rnatilgan. Bundan kelib chiqdigan xulosa shuki, O‘zbekiston MXXsi fuqarolarning Skype orqali qilayotgan suhbatlarini ham eshitmoqda, - deydi Yelena Urlayeva.
XS
SM
MD
LG