Линклар

Krasnodar o‘lka sudi Elmir Kuliyevga oid Qur‘on tarjimasini ekstremistik, deb topgan quyi sudi qarorini bekor qildi. Shu yilning 17 sentyabr kuni Novorossiysk shahri Oktyabrskiy tuman sudi Rossiyada tanilgan islomshunos olim qilgan "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi"ni ekstremistik adabiyot, deb topgan va taqiqlagan edi.

Rossiya Muftiylar kengashi tasdig‘idan o‘tib, chop etilgan taniqli islomshunos olim Elmir Kuliyevga oid "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi"ni taqiqlagan sud qarori bekor qilindi.

17 dekabr kuni Krasnodar o‘lka sudi shu yilning sentyabrida Oktyabrskiy tuman sudi Kuliyev tarjimasi ekstremistik adabiyot, deya chiqargan qarorni bekor qildi.

Qur‘oni karim ma‘nolari tarjimasining taqiqlanishi rossiyalik musulmonlar orasida keskin norozilik kayfiyatini qo‘zg‘agan, bir qancha yirik shaharlarda norozilik aktsiyalari ham bo‘lib o‘tgan edi.

Krasnodar o‘lkasi sudi masjlisida ishtirok etgan peterburglik imom Munir Beyusov o‘lka sudi qarorini shunday izohladi:

- Bir necha ilmli musulmon, chiniqqan tajribali yurist quyi sud qarori ustidan appellyatsiya tartibida ariza yozib, arz qilishdi va 17 dekabr kuni Krasnodar sudi oqlov qarorini chiqardi. Endi Elmir Kuliyevning "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi" taqiqlangan kitob emas, - dedi Munir Beyusov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahkama chog‘ida ayblov tomoni xulosasi sudyaning birgina savoli bilan puchga chiqqan.

- Novorossiysk sudi lingvisti Kuliyev tarjimasidan bir necha otyani olgan. Adashmasam, Baqara surasi oyatlari ham bor. Bu oyatlarda, misol uchun, majusiylar jamoasi, jinoyatchilar jamoasi va hokazo, jamoalar haqida gap ketgan. Lingvist esa diniy ilmga ega emas va u bu oyatlarga baho berar ekan, ularni "irqiy kamsituvchi, bir jamoani boshqasidan ustun qo‘yuvchi", deb topgan. Shunda sudya undan so‘radi: "Bu xulosani qo‘shimcha ravishda dinni biluvchi mutaxassilar ham ko‘rib chiqqanmi?". Ular aytishdiki, yo‘q. Tamom, shu bilan quyi sud hukmi bekor bo‘ldi, - dedi sudda ishtirok etgan Munir Beyusov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kuliyev tarjimasidagi Qur‘on himoyasi bilan shug‘ullangan advokat Murod Musayev lingvistlar tomonidan ekstremistik, deb topilgan 5-6 oyatni olgan va ayni mazmundagi boshqa tarjimalardan misol keltirgan.

- Advokat Krachkovskiy va Poroxovalarning tarjimasidagi Qur‘ondan ayni oyatlarni keltirdi. Tarjimalarning bir-biridan farqi deyarli yo‘q. Chunki, bu oyat. To‘g‘ri, filologik nuqtai nazardan juziy farqlar bo‘lishi mumkin, ammo mazmun bir bo‘lib qolaveradi. Shu bois, sudning oqlov hukmidan boshqa chorasi yo‘q edi aslida,- deydi Beyusov.

U aslida sudga guvoh tariqasida chaqirilgan edi va unga ko‘ra, guvohlarning chiqishiga hojat ham qolmagan.

Biz undan: "Agar sizga so‘z berishsa, nima degan bo‘lar edingiz?" deb so‘radik.

- Menga so‘z berishganida men aytmoqchi edimki, tilshunoslar tajrimasi juda qo‘pol xatolar bilan qilingan, ya‘ni bir tomonlama yondoshilgan. Bitta oyatni kontekstdan olgan va buning albatta, buyurtma asosida qilingani ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, men Tavrot va Injilni qiyoslash uchun ekspertizadan o‘tkazishlarini so‘ragan bo‘lar edim. Misol uchun, Tavrotda ham goylar haqida aytilgan, e‘tiqod qilganlarning e‘tiqod qilmaydiganlarga qarshi janglari yozilgan. Chunki, bu kitoblarning ildizi bitta va ular tarixiy hujjat. Hech bir holatda biror kimsa bu hujjatlarni qoralashi, boz ustiga, taqiqlashi mumkin emas, - deb hisoblaydi peterburglik imom Munir Beyusov.

Uning aytishicha, endi advokatlar harakatdan to‘xtamaydi va ular Qur‘onni taqiqlagan, bu mantiqsiz ishni ochgan prokurorlarga qarshi da‘vo arizasini kiritish harakatida.

- Menimcha, bu ishning ortidan prokuraturaning ba‘zi xodimlari javobgarlikka tortiladi, - deb taxmin qildi peterburglik imom.

20 milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladigan Rossiyada tuman sudlarining musulmonlarni junbushga soluvchi bunday qarorlar chiqarayotganiga hali Kreml rasmiylari munosabat bildirgani yo‘q.

Rossiyada tanilgan, asli ozarbayjonlik islomshunos faylasuf Elmir Kuliyev o‘girgan "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi" rossiyalik musulmonlar orasida I.Yu.Krachkovskiy va V.M.Poroxovalar o‘girgan ruscha Qur‘ondan keyingi uchinchi o‘rinda turadigan diniy adabiyot sifatida tiga olinadi.

Qur‘on ma‘nolari tarjimasini o‘zaro qiyoslab o‘rgangan va shu bois, Kuliyev tarjimasi taqiqlanganiga qarshi mahkamaga guvoh tariqasida taklif qilingan rossiyalik imomdan umuman Qur‘on tarjimasiga oid ba‘zi savollarga ham javoblar oldik.

Quyida u bilan suhbat mazmuni va shu mavzuga bag‘ishlangan "Islom va musulmonlar" eshittirishini to‘liq tinglashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG