Линклар

logo-print

Shayx Abdulaziz Mansur: Niyat to‘g‘ri qilinsa, kreditga mashina olish halol


O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiysi shayx Abdulaziz Mansur

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiysi shayx Abdulaziz Mansur

O‘zbekistonda plastikdagi pulni foiz to‘lash evaziga naqdlashtirish sudxo‘rlik, deya fatvo berilgani haqidagi xabarni izohlagan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiysi shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik tinglovchilari ba‘zi savollariga javob berdi. Mulozim musulmonlarning "foiz" so‘zi tilga olingan har holatdan qochishi to‘g‘ri emas, deb tushuntirish berdi.

Ozodlikka yozgan namanganlik blogger oyliklari plastik kartaga o‘tkazilgan namaganliklar bankomatlarda pul yo‘qligi bois, pulini tujjorlarga haq berib, naqdga aylantirayotgani, tujjorlar o‘z xizmati uchun plastik kartadan chiqarib olingan umumiy summaning 20 foiziga qadar “haq” olayotgani haqida Ozodlikka xabar yo‘lladi.

Maqolasida blogger Namangan viloyati diniy idorasida ishlaydigan qo‘shnisiga tayanib, "O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov plastikdan pul naqdlashtirishni sudxo‘rlik, deb fatvo beribdi”, deb yozdi.

Bu maqola ortidan Ozodlik muxbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limi rahbari shayx Abdulaziz Mansurga bog‘landi.

Shayx hazratlari bunday fatvo chiqarilmagani, ammo namanganlik blogger tilga olgan amal – plastik kartochkadagi pulni naqdga aylantirish chog‘ida mijozdan foizga pul olish va mijozning foizga pul berishi ham sudxo‘rlik ekanini aytdi.

Bu mazmundagi maqola Ozodlik radiosi veb saytiga qo‘yilgach, unga turli sharhlar kela boshladi.

Ularning ba‘zilarida musulmonlarni sudxo‘rlikka undayotgan O‘zbekistondagi monetar sistema va moliya tuzilmalari musulmonlar idorasi rahbarlarining fatvosi bilan o‘zgarib qolmasligi ta‘kidlandi.

Ammo, shu bilan birga bir qator savollar ham kela boshladi. Jumladan, O‘zbekistonda musulmonlar foizlik ishlarga aralashishga majbur qilayotgan holatlar ko‘payayotgani, misol uchun, yoshlarning ta‘lim krediti, ipotekaga uy yoki kreditga avtomobilь olishga majbur qolayotgani aytildi.

Bunday amallarning hukmi so‘raldi va aksari O‘zbekistondan bo‘lan bu savolga mamlakatdagi 30 million musulmonga berilayotgan fatvolarga rasman mas‘ul shayx Abdulaziz Mansur hazratlaridan javob olishga urindik.

Shayx hazratlari sudxo‘rlik masalasi – Islomdagi juda nozik masala ekani va O‘zbekistondagi bugun musulmonlarni foiz to‘lash, unga sherik bo‘lishga majburlayotgan bank va moliya tizimiga oid savollarga ayni damda javob bera olmasligini aytdi.

Ammo, tinglovchilarning ba‘zi savollari, jumladan kreditga bankdan avtomobilь olish, bankka xizmati uchun foiz hisobida haq to‘lash kabi amallar hukmi haqidagi savollarga javob berdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi mulozimi bu amallar har doim ham sudxo‘rlik, deb ko‘rilmasligi, ba‘zi hollarda ular joiz bo‘lishi haqida gapirarkan, bunga hujjat tariqasida misrlik taniqli islom olimi Said Tantoviy chiqargan kitobni tilga oldi.

- "Al iqtisod fil-Islom" kitobida kreditga pul olayotgan odam buni "nasiya savdo", deb niyat qilib olsin, degan. Islomda nasiya savdo joiz, halol. Ya‘ni, nasiya savdoda mol qimmat bo‘ladi va kreditga mashina olayotganda buning narxini uch yilda bo‘lib-bo‘lib to‘layman, bu nasiya savdo, deb niyat qilib olsin, deb yozgan, - dedi Abdulaziz Mansur.

Quyida u kishining bu borada bergan javoblari o‘rin olgan "Islom va musulmonlar" eshittirishini to‘liq tinglashingiz mumkin.



Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari, idoraning Fatvo bo‘limi rahbari shayx Abdulaziz Mansurning o‘zi ta‘kidlab o‘tgani kabi islomda sudxo‘rlik masalasi juda bahsli masala.

Bu borada berilgan fatvolar, odatan bahslidir. Ya‘ni, mushtariylarimiz orasida Abdulaziz Mansurning O‘zbekiston hukumati monetar siyosatiga royish ohangda yangragan fatvosini tanqid qiluvchilar topilar.

Vaholanki, misrlik olim, endilikda marhum Said Tantoviyning o‘zi ham ayni masalada tanqid qilingan ulamolardan biri edi.

Shu bois, Ozodlik shayx Abdulaziz Mansur bergan javoblar, xususan, kreditga avtomobilь olish yoki banklarga ularning xizmat haqqini foiz hisobida to‘lab, ularning xizmatidan foydalanish sudxo‘rlik emas, degan javobni eng to‘g‘ri javob, deya taqdim qilish niyatidan yiroq.

Bu javob 30 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda rasmiy diniy tashkilot nomidan berilayotgan fatvolarga mas‘ul mutasaddining javobi o‘laroq sizga taqdim etildi.

Binobarin, Qur‘on ma‘nolari tarjimasi muallifi bo‘lgan va O‘zbekistonda chiqarilayotgan bugungi diniy adabiyotlar mazmuniga ham mas‘ul shayx hazratlari fatvosiga hujjat keltirdi.

Marhamat, bu borada Ozodlik orqali fikr bildirishni istagan, sudxo‘rlik bobidagi savollarga sof diniy-ilmiy nuqtai nazaridan javob berib, musulmonlar mushkulini oson qilish istagida bo‘lgan mushtariylar bizga bog‘lanishlari mumkin!

Bizga maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org

Bizga qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437

Bizga WhatsApp orqali bog‘laning: +420 608 549 460
XS
SM
MD
LG