Линклар

logo-print

Yakuniga yetayotgan 2013 yil fan va texnologik kashfiyotlarga boy bo‘ldi. Ozodlik radiosi muxbiri Antuan Blua shunday kashfiyotlardan eng e‘tiborlilariga nazar tashladi.

Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan “Xudo zarrasi”dan tortib Kavkazda topilgan eng qadimgi odam bosh suyagigacha, haydovchisiz avtomobilda tortib sun‘iy ravishda yetishtirilgan gamburgergacha – xullas, bu yil texnologiya va fan dunyosida qator olamshumul kashfiyotlarga boy bo‘ldi.

Bugungi kunda avtomobil sanoatida yuz berayotgan innovatsiyalar haydovchisiz avtomobillar va vodorod bilan ishlovchi mashinalarni kelajak orzusidan bugungi reallikka yaqinlashtirmoqda.

Avtonom avtomobil


Haydovchisiz yura oladigan mashinalar insonning avtomobil bilan bog‘liq hayotini tubdan o‘zgartirib, vaqt va yoqilg‘ini tejashi, avtohalokatlarning oldini olishi, nogiron, keksa va hatto mast haydovchilar uchun rulga o‘tirish imkoniyatini yarata olishi aytilmoqda.

Bunday avtonom mashinalar o‘z harakati uchun to‘liq mas‘ul bo‘lib, tezlik va burilish joylarini o‘zi tanlab, megapolislardagi eng katta muammolardan biri bo‘lmish tirbandlikni kamaytirishda ham o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.

Haydovchisiz avtomobillar ustida ish olib borayotgan eng yetakchi shirkatlardan biri bo‘lmish Google shirkati ijrochi direktori Lari Peyj ushbu texnologiyaning insoniyat uchun muhimligiga urg‘u beradi.

“Tasavvur qilib ko‘ring-a, o‘z-o‘zini boshqaradigan mashinalar hayotimizni va atrof-muhitni qanchalar o‘zgartirib yuboradi – ko‘kalamzor joylar ko‘payadi, parkovkalar soni ozayadi, ekrinlik va harakatlanish imkoniyati oshadi, avtohalokatlar soni ozayadi, avtomobil ichida o‘tkazayotgan vaqtimiz qisqaradi. Bir amerikalik ishga borish uchun avtomobilda kuniga o‘rtacha 50 daqiqa vaqt sarflaydi. Tasavvur qiling, siz bu vaqtni boshqa ishlarga sarflay olasiz”, deydi Lari Peyj.

Haydovchisiz avtomobillarning prototiplari allaqachon sinovdan o‘tkazila boshlagan, biroq mutaxassislar ularning bozorga chiqishiga yana kamida o‘n yil kerakligini aytishmoqda.

Vodorodli yoqilg‘ida ishlaydigan va zaharli tutun o‘rniga bug‘ chiqaradigan avtomobillar sanoati ham joriy yilda katta yutuqlarga erishdi.

Vodorodda ishlovchi avtomobillar


Vodorodli yoqilg‘i quyish shahobchalarining kamligi va ularni qurish qimmatligiga qaramasdan, vodorodli avtomobillar elektomobillarga solishtirganda qator ustunliklarga ega – ular to‘ldirilgan bak bilan benzinli mashinalar kabi uzoq masofa keta oladi va yoqilg‘ini tezda quyish imkoniga ega.

Janubiy Koreyaning Hyundai shirkati bu yil vodorod bilan ishlaydigan yo‘ltanlamas avtomobilni taqdim etdi. Kelasi yili dastlab Kaliforniya bozoriga chiqishi aytilayotgan mazkur avtomobilni faqat ijaraga olish mumkin bo‘ladi, xolos. Uning bir oylik ijara haqi 499 AQSh dollari bo‘lishi aytilmoqda. Bundan tashqari, Hyundai shirkati vodorodli avtomobilning yoqilg‘i va ta‘mirlash xarajatlarini o‘zi ko‘taradi. Yaponiyaning Honda va Toyota shirkatlari esa vodorodli avtomobillarni jahon bozoriga 2015 yili chiqarishni rejalashtirgan.

Sun‘iy gamburger


Joriy yilda ilk bor laboratoriyada yetishtirilmish sun‘iy mol go‘shtidan pishirilgan gamburger ham dunyo yuzini ko‘rdi. Hollandiyadagi laboratoriyada sigir o‘zak hujayralaridan yetishtirilgan gamburgerni tayyorlashga 332 ming AQSh dollari sarflangani aytilmoqda.

Dunyodagi ilk sun‘iy gamburger Londonda o‘tgan taqdimot marosimida tanovul etildi. Chashnachilardan biri, gastronomik yozuvchi Josh Shonvald sun‘iy gamburger mazasini haqiqiyga o‘xshashini aytadi.

“Tildagi mazasi go‘shtga o‘xshaydi. Farqi esa, menimcha, yog‘sizligida. Buni hisobga olmaganda, xuddi oddiy gamburgerga o‘xshayapti”, deydi Josh Shonvalьd.

Olimlarning aytishicha, sun‘iy tarzda tayyorlangan go‘sht an‘anaviy chorvachilik orqali yetishtiriladigan go‘shtning atrof-muhitga zarari kam bo‘lgan muqobiliga aylanishi mumkin.

Eng qadimiy bosh suyagi


Joriy yil sentyabrь oyida Gruziyaning Dmanisi shahrida olib borilgan arxeologik qazish ishlari chog‘ida yoshi 1,8 million yilga teng deb taxmin qilinayotgan odam bosh suyagi topildi. Inson ajdodlarining an‘anaviy tasnifiga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin bo‘lgan ushbu topilma dunyo bo‘ylab ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Skull 5 (Bosh suyagi 5) nomi berilmish toshga aylangan topilma pleystotsen davridagi balog‘atga yetgan hominidning to‘lig‘icha saqlanib qolgan ilk bosh suyagidir. Pleystotsen davrida ilk Homo (inson) turlari avstralopitek turidan ajralib chiqqani aytiladi.

Gruziya milliy muzeyi olimi David Lordkipanidze va uning hamkasblariga ko‘ra, topilmaning analizi Homoning ilk turlari bo‘lmish homo abilis va homo rudolfensis bir turga mansubligini ko‘rsatadi. Olimlarning bunday xulosaga kelishiga Skull 5ning o‘ziga xos xususiyatlari, ya‘ni ilk Homo turlariga tegishli topilmalarda bungacha kuzatilmagan kichkina bosh kosasi va cho‘zinchoq yuzi turtki bo‘lgani aytilmoqda.

“Topilgan bosh suyagi Homo genomida bir nechta turlar bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. Va o‘rinli savol paydo bo‘ladi – Afrikada chindan ham Homoning bir nechta turlari bo‘lganmi yoki ularning barchasi bitta geneologik naslga mansubmi?”, deydi David Lordkipanidze.

Mamontni klonlashtirish


Qadimiy suyaklar topilayotgan bir vaqtda qirilib ketgan jonivorlarni qayta tiriltirish mavzusi yana muhokama etila boshladi. Mamont sochidagi genetik kodning katta qismi rasshifrovka etilganidan so‘ng olimlar: “Agar tirik hujayra bo‘lganida, mamontni tiriltirish mumkin edi”, deb ayta boshladilar.

Rossiyalik olimlar joriy yil may oyida bundan kamida 10 ming yil oldin yashagan mamontning a‘lo darajada saqlanib qolgan skeleti topilganidan so‘ng bu loyiha bo‘yicha yana bir qadam oldga siljish bo‘lganini aytishmoqda. Qonni suyuq tarzda saqlab qolgan skelet Arktikadagi Lyaxovskiy orolida muz ichidan topilgan.

Yakutiyadagi Semen Grigorьev nomidagi Shimoliy-sharqiy federal universiteti jonivorlarni klonlashtirishda katta yutuqlarga erishgan janubiy koreyalik olim Xuang Vu Syuk bilan shartnoma imzoladi. Syuk 2005 yili ilk bor itni klonlashtirgan edi.

“Xudo zarrasi”


Ikki olim - britaniyalik Piter Higgs va belgiyalik Fransua Englert 2012 yildagi eng yirik ilmiy kashfiyot - Higgs bozoni ustida olib borgan ilmiy ishlari uchun joriy yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq, deb topildi.

Olimlar o‘tgan asrning 60-yillarda modda qay tarzda massaga ega bo‘lishi mexanizmi haqidagi nazariyani ilgari surgan. Ushbu mexanizm vositasida Higgs bozoni nomini olgan zarracha borligi bashorat qilingan. “Xudo zarrasi” deb ham nomlanuvchi zarrachaning mavjudligi 2012 yili Shveytsariyadagi Yevropa yadro tadqiqotlar markazi (CERN) da o‘tkazilgan tajribada o‘z tasdig‘ini topgan edi.


To‘lqin Umaraliyev tarjimasi
XS
SM
MD
LG