Линклар

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov xalqni "har qanday burilishlar"ga hozir turishga, amaldorlarni o‘z ayollarining hatti-harakatlarini nazorat qilishga, yoshlarni esa ish izlab, boshqalarga “yalinish”dan saqlanishga chaqirdi.

Prezident oilasi bilan bog‘liq Internetda so‘nggi 2 oy davomida bot-bot paydo bo‘layotgan gap-so‘zlar (qizi Gulnoraning bitiklari) fonida uning Surxondaryoda bergan bayonotlari ayricha mazmun kasb etmoqda.

O‘zA agentligi chop etgan Prezident ma‘ruzasi matni har doimgiday silliq. Unda Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi Normo‘min Choriyev yo‘l qo‘ygan kamchiliklar va viloyat ko‘rsatkichlari sanab o‘tilgan, taomildagi boshqa barcha an‘anaviy gaplar bor.

Ammo O‘zbekiston televideniyesida namoyish qilingan maxsus ko‘rsatuvni ko‘rganlar prezident qizishib, ma‘ruza matnidan chiqib ketganiga, natijada bu gal ham biri-biridan qiziq, kutilmagan gaplarni gapirib yuborganiga guvoh bo‘ldi.



Jumladan, 2014 yilning "Sog‘lom bola yili", deb e‘lon qilinishi haqida gap boshlagan davlat rahbari sog‘lom bolani sog‘lom oila dunyoga keltirishi haqidagi qo‘hna haqiqatni o‘zi o‘ylab topgan yangi gap kabi o‘rtaga ko‘ndalang tashladi:

"Oila baxti bolani ko‘rish. Bolani e‘zozlash va bir-biri bilan ahil yashash. Shuni maqsad qilib qo‘ysak, qolgan hammasi bo‘laveradi. Mablag‘ni ham davlat topadi. Sarmoyani ham topadi, uylaram, zavodlaram quriladi Lekin oila baxtli bo‘lmasa, shu yurt baxtli bo‘ladimi?" deb savol tashladi Prezident.

Bu tahlit yangi va eski haqiqatlar – "yutuq va kamchiliklar", yaxshi va yomon "iymonsiz", "madaniyatsiz" amaldorlar, ularni "har ko‘yga solgan laganbardorlar", bunday mahalliy hokimlar qo‘lida qolgan "bechora xalq" haqidagi odatiy bayonotlari sirasida Islom Karimov, bu gal oila-farzand-ayol haqida ko‘p gapirdi.

Jumladan, amaldorlarning kamchiligi haqida gapira turib, janob Prezident, negadir, birdan amaldorlarning rafiqasi masalasiga ko‘chdi.

"Yaqinda Toshkantda deputatlar bilan gaplashganda men bittasidan so‘radim: mayli siz o‘zingiz ishlayapsiz (chuqur xo‘rsinadi), ishonch bildirish mumkin sizga, lekin ayolingizdan ko‘nglingiz to‘qmi? Ayolingiz xuddiki eri emas, o‘zi bu lavozimni bajarayotganday... bunaqa masalani davom etishni hojati yo‘q. O‘ylaymanki. Bu masalayam og‘ir bir sinov, juda og‘ir bir sinov. Uni bilgan odam biladi, bilmagan odam bilmaydi", dedi Islom Karimov.

So‘nggi ikki oy ichida Twitter tarmog‘ida Prezident qizi Gulnora Karimovaning bitiklaridan uning ahli-ayollari – rafiqasi Tatьyana Karimova va qizi Gulnora o‘rtasidagi "jang" avjida ekanligini taxmin qilish mumkin va qizning tvitlari fonida mamlakat rahbarining surxondaryolik deputatlarga bu tahlit ko‘nglini yorgani bejiz emas, degan fikr uyg‘onadi.

Qolaversa, farzandlar haqida gapira turib Islom Karimov "bolalarimizni biz bergan ish, sharoit qoniqtirmasligi mumkin, men buni yaxshi tushunaman", dedi hamki, uyg‘ongan fikrga yanada quvvat kiradi.

Yana bir jiddiy bayonot – Prezident hokimlikka loyiq nomzod tanlash masalasi o‘zi uchun har doim og‘ir kechishi haqida bo‘ldi.

"Eng murakkab vazifangiz nima, deb so‘rashsa aytardim, shu rahbarlarni lavozimga ko‘tarishga tavsiya berish! Eng murakkab vazifa shu – odamning ichida nima bo‘layotgani, nafs balosidan o‘zini saqlayaptimi-yo‘qmi? Nafs balosi shunday balo bo‘ladiki, shunday xavfli bir kasallik – kasallik bo‘ladiki, undan o‘zini saqlash og‘ir bir savdo", dedi Prezident. Yurakdan yonib gapirganday ko‘rindi.

Bu gaplarni aytar ekan, prezident janoblari aynan kimni nazarda tutganiga aniq to‘xtalmadi.

Biroq, shu kunlarda O‘zbekistonning ertasi nima bo‘ladi, 2015 yilda bo‘lajak Prezident saylovi qanday o‘tadi, 24 yildan buyon prezidentlik kursisini bo‘shatmay kelayotgan Prezident o‘rniga kimni tayinlaydi – shu mazmundagi savollarni o‘ylab yurgan o‘zbekistonliklar uchun keksa yurtboshnining bu gaplari ham ayricha mazmun kasb etishi tayin.

Prezident har yili kollejlarni bitirayotgan yuz minglab kasb-hunarli ish izlovchilar armiyasini "nima qilib bo‘lsa-da, ish bilan ta‘minlash" zaruratini alohida tilga oldi.

"Menam birdan prezident bo‘lganim yo‘q, ko‘p joylarda ishlaganman... ko‘pni ko‘rganman. Qanday-qanday muammolarni O‘zbekiston yechmadi!.. Lekin bolalarimiz bir kasbga, juda bo‘lmasa, bitta kasbga, agar ikkita-uchta kasbga ega bo‘lsa, hech qachon xor bo‘lmaydi. Qo‘lida kasb bo‘lsa agar, qolgani o‘ziga havola – agar o‘zini er tutsa, mard tutsa – yigit hech qachon borib kimlargadir yalinmaydi, agar qo‘lida kasb bo‘lsa! Kollejni bitirgan bolalarga ish joyini tashkil qilib bersak, bu nafaqat burchimiz, bu savob ish!" dedi Prezident.

Bu gapni aytar ekan, oqsoqol 30 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistonning qo‘shni davlatlarda yurgan millionlab fuqarosini - yosh mehnat muhojirlarini ham o‘yladimi-yo‘qmi - bir narsa deyish qiyin.

Yana bitta jiddiy bayonot O‘zbekiston Prezidentining Surxondaryoda qilgan chiqishiga bag‘ishlangan bir yarim soatlik ko‘rsatuvning so‘nggi daqiqalarida yangradi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov sessiyada o‘tirgan deputatlarga qarata "har qanday burilishga tayyor turish keraklgini" alohida ta‘kidladi.

"Zamon shundayki, har qanday burilishga tayyor bo‘lishimiz kerak! Baraka topgurlar, azizlarim, qadrondlarim mendan eshitinglar – zamon shunaqaki bizlar hamma narsaga tayyor turishimiz kerak... Ming afsuski, zamon shunday bo‘layaptiki, katta-katta davlatlar bir-biri bilan kelishmasdan, faqat Afg‘onistonni ko‘rayapmiz, Suriyani ko‘ringlar, mana Arabistonni ko‘ringlar, boshqa davlatlarni ko‘ringlar!" dedi Islom Karimov.

O‘zbekiston rahbari o‘z xalqini astoydil "har qanday burilish" ehtimolidan ogohlantirayotgan kezda uning qiziga qarashli ko‘rilgan @Gulnarakarimova mikroblogida mamlakatdagi ehtimoliy “davlat to‘ntarishi”ga hozirlik borayotgani haqidagi iddao paydo bo‘ldi.

Bu ikki gap - Markaziy Osiyoning eng yirik davlatini 24 yildan buyon boshqarib kelayotgan 76 yoshni qoralagan Islom Karimovning gapi va uning qizi aytgan gap - O‘zbekiston atalmish Yurtning ertangi kuni haqida o‘ylayotgan fuqaro uchun ayricha mazmun kasb etishini taxmin qilish qiyin emas.
XS
SM
MD
LG