Линклар

Shveytsariyada siyosiy qochqin sifatida yashayotgan o‘zbekistonlik 52 yashar siyosiy faol Safar Bekjon Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan uyni ishg‘ol qilganini Ozodlik radiosiga bildirdi.

Safar Bekjonning aytishicha, u Shveytsariyaning Jeneva kantoni, 1223 ch Chemin de la Prévôté 7 ko‘chasidagi villaga 23 dekabr kuni kunduz soat 12 da kirib olgan.

Uyni ishg‘ol qilishda Shveytsariyada ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston demokratik jamg‘armasi”ning Safar Bekjon dohil boshqa to‘rt a‘zosi ham ishtirok etgan.

- Bugun soat 12 da Shveytsariyaning Jeneva shahri yaqinidagi mahallada joylashgan O‘zbekiston diktatori Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga oid bo‘lgan villa “O‘zbekiston demokratik jamg‘armasi” tarafidan ishg‘ol qilindi, deb bayonot berdi Safar Bekjon.

Safar Bekjon

Safar Bekjon

​Uning aytishicha, bu ishg‘olning sababi quyidagichadir:

- Ishg‘olning sababi¸ xalq puliga qurilgan va bo‘sh yotgan binoga e‘tibor jalb qilish. Shveytsariya huquq-tartibot organlari bu binoni taftish qilishgan. Bu yerda bir hafta mobaynida tergov olib borilgan. Ammo Gulnora Karimova bu tergovga kelmadi. Talabimiz shuki, Gulnora Karimova kelib, bizning jamg‘armaga qarshi mahkama ochib¸ bizni bu yerdan chiqarib yuborsin. Uning o‘zi ham bu yerdagi mahkamada qatnashib tergov bersin. Asosiy talabimiz shu, dedi Safar Bekjon

Ozodlik muxbiri Safar Bekjondan, "Birovning xususiy mulkiga bostirib kirish Shveytsariyada jinoyat hisoblangani bois, jazoga tortilishingiz mumkinligini anglaysizmi?" deb so‘radi:

- Shveytsariyadagi yangi qonunga ko‘ra, bo‘sh turgan uyga kirib olganlar mahkama qarori bilan chiqarib yuboriladi. Biz bu yerga o‘g‘irlik masqadida kirmadik. Biz bu binoni tamsiliy ishg‘ol qildik Shu ma‘noda bizni bu yerdan mahkama chiqara oladi. Ammo bu mahkamada Gulnora Karimovaning o‘zi ham ishtirok qilishi kerak, dedi siyosiy faol Safar Bekjon.

Uning aytishicha¸ "Gulnora Karimovaning uyi" atrofiga O‘zbekiston demokratik jamg‘armasi”ning talablari aks etgan plakatlar ilib qo‘yilgan.

To‘rt qavatli uyning yuqoridagi ikki qavatining ta‘miri yakunlanmagan. Ozodlik radiosi ko‘rgan ammo shaxsiy daxlsizlik tufayli nashr qilolmaydigan foto suratlarda uydagi barcha jihozlar plastik paket bilan qoplangani aks etgan.

Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan uyning Google xaritasidagi ko'rinishi



Odatan uy egalari uzoqroq muddatga ketsalar jihozlarga chang o‘tirmasligi uchun ularni plastik bilan qoplashadi.

Aynan shu uyda Shveytsariya politsiyasi tintuv o‘tkazganligining dalili o‘laroq Safar Bekjon seyflarga muxr solinganini ko‘rsatuvchi fotosuratni xam yubordi.

Ozodlik muxbiri twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali Gulnora Karimovaga murojaat qilib¸ uyi bosib olinishi yuzasidan izoh so‘radi.

Xozirga qadar Gulnora Karimova bu savolga javob berganicha yo‘q.

Ozodlikdagi bu maqola e‘lon qilinganidan keyin O‘zbekistonning Jenevadagi elchixonasi vakillari politsiyaga telefon qilishgan.

Safar Bekjonning bildirishicha¸ Jeneva vaqti bilan soat 15 da politsiya kelib uyga kirmasdan turib o‘z taftishini o‘tkazgan.

Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan bu uy joriy yilda bir necha marta matbuot diqqat markazida tushgan edi.

Shveytsariya prokuraturasining matbuotga bildirishicha, avgustning oxirlarida mamlakat politsiyasi Gulnora Karimovaning Jenevadagi villasida tintuvlar o‘tkazgan.

Matbuot ma‘lumotlariga ko‘ra, Jeneva kantoni boshqarmasining bir guruh politsiyachilari Shveytsariya prokuraturasi so‘roviga ko‘ra, uning Chemin de la Prévôté 7 ko‘chasidagi villasida bir necha kun davom etgan reyd o‘tkazgan edi.

Shveytsariya prokuraturasi matbuot xizmatiga ko‘ra, tintuvlar 2012 yilning iyulida pul yuvish va korruptsiyada gumon qilingan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosiga qarshi ochilgan ish asosida o‘tkazilgan.

Shveytsariyada frantsuz tilida chiqadigan mashhur Le Temps gazetasi 5 mart kuni BMTning Jeneva bo‘limi qoshidagi O‘zbekiston diplomatik missiyasi taniqli huquq himoyachisi Mo‘‘tabar Tojiboyeva va yana bir necha shaxs Gulnora Karimovaning uyiga noqonuniy bostirib kirishga uringanini bildirib, politsiyaga shikoyatnoma topshirgani haqida yozgan edi.

Le Temps gazetasining yozishicha, O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshqargan BMTning Jeneva bo‘limi qoshidagi O‘zbekiston missiyasi mahalliy politsiyaga shikoyat qilgan. Shikoyatnomada “O‘tyuraklar klubi” inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva va yana bir necha shaxs diplomatik maqomga ega bo‘lgan kishilarning shaxsiy hududi va mulkiga tajovuz qilib, noqonuniy ravishda ularning uyiga kirishga uringanlikda ayblanadi.

Joriy yil martida Tojiboyeva Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan va Safar Bekchon 23 dekabrida ishg‘ol qilgan uy oldida bo‘lgan.

Le Temps gazetasi Mo‘‘tabar Tojiboyevaning “Men o‘zbekistonlik fuqarolardan o‘g‘irlangan pul qayoqqa ketganini ko‘rmoqchi edim”, degan so‘zlarini iqtibos sifatida keltirgan edi.
XS
SM
MD
LG