Линклар

Samarqand viloyatida maktab o‘qituvchi va o‘quvchilariga mobil telefondan foydalanish taqiqlandi. Viloyat xalq ta‘limi mutasaddilariga ko‘ra, bu tadbir yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyat xalq ta‘limi boshqarmasi militsiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘quvchilarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash bo‘yicha viloyat maktablarida maxsus tadbir o‘tkazdi.

"O‘tgan haftada Samarqanddagi 35- o‘rta maktabga militsiya xodimlari kelishdi. Ular 9- sinfga kirib, hammaga mobil telefonlarini parta ustiga qo‘yishni buyurishdi. Hammaning telefonlarni tekshirib chiqishdi. Kimning qaysi saytga kirishini o‘rganishdi", deya xabar qildi samarqandlik manba.

Samarqand shahridagi maktablardan birining ismini ochiqlamayotganimiz xodimiga ko‘ra, ushbu tadbirdan so‘ng maktab hududida mobil telefonidan foydalanish taqiqlangan.

- Keyin direktor maktabda umumiy majlis o‘tkazdi. Telefon umuman mumkin emas. Har bir sinf rahbariga aytdiki, har bitta ota-onadan bolasiga telefon mumkin emasligi to‘g‘risida bilishiga oid yozma ravishda tushuntirish olinglar, deb aytdi majlisda, dedi suhbatdosh.

Samarqandlik o‘qituvchilarning aytishicha, nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilarga ham maktab hududida mobil telefondan foydalanish taqiqlangan.

- Bizda majlis bo‘ldi. Aytdilar, xodimlarning o‘ziga ham mobil telefonlar mumkin emas. Videoga oladigan telefonlar ham o‘qituvchilarga mumkin emas, deyishdi, deydi samarqandlik o‘qituvchi.

Samarqand viloyat xalq ta‘limi boshqarmasidagi ismini ochiqlamagan mutasaddiga ko‘ra, maktab o‘quvchilarining turli xil ijtimoiy tarmoqlarga kirishining oldini olish maqsadida mobil telefondan foydalanish taqiqlanayapti.

"Yoshlar istalmagan saytlarga kirib ketishayapti. Mana yaqinda "Odnoklassniki.ru" degan kino chiqdi. Shunda hammasini ochib bergan. Yoshlar aldanib, turli xil diniy tarmoqlarga ham shu saytlar orqali kirib ketayapti. Bolalarimizni turli xil oqimlardan asrash maqsadida qilinayapti bu. Keyin mobil telefon darsga ham halaqit qilishi mumkin", dedi viloyat xalq ta‘limi mutasaddisi.

Suhbatlashganimiz samarqandlik o‘qituvchiga ko‘ra, yoshlarning ahloqi buzilishiga aynan ijtimoiy tarmoqlar salbiy ta‘sir qilayotgani uchun o‘qituvchilar mobil telefonga qo‘yilgan taqiqni qo‘llab-quvvatlayapti.

- Hozir har-xil saytlar chiqayapti. Internetda. Bolalar ayniyapti. Shuning uchun mumkin emas. Talabga javob bermaydi, dedi o‘zini tanishtirmagan samarqandlik o‘qituvchi.

Hozircha mamlakatning boshqa hududlaridagi maktablarda mobil telefonga taqiq qo‘yilgani borasida Ozodlikda biror ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekiston Oliy o‘quv yurtlarida esa Internetga cheklovlar qo‘yish holatlari kuzatilib turadi.

Jumladan, sentyabr oyida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Wi-Fi uzib qo‘yildi va talabalar yotoqxonasida Internetdan foydalanish taqiqlangan edi.

Oktyabrь oyida esa Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida iRad, noutbuk va mobil telefonlarini elektrdan quvvatlantirishi uchun rozetkalar yopib tashlangan va matbuotda yoritilgach, qayta ochilgan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG