Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:20

Gulnora Karimova: Singlim Lolaning dunyoning 7ta davlatida uyi bor!


20 oktyabrdan boshlab "siquv"ga olina boshlagan prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning deyarli barcha biznes ob‘ektlarida taftish ishlari davom etmoqda.

Shu paytgacha "o‘zi xon, ko‘lankasi maydon" bo‘lib kelgan Karimova xonim barcha tele- radiokanallari, kafe- restoranlari ëpilib, nazoratida bo‘lgan boshqa biznes tarmoqlari ham "falajlangan" bir paytda o‘zining yagona "yupanchi" sifatida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda.

Karimova Tvitter va Instagram orqali shov-shuvga sabab bo‘ladigan ma‘lumotlarni ham "oshkor" qilishdan to‘xtamayapti.

24 dekabr. G. Karimova: Singlim Lolaning dunyoning 7ta davlatida uyi bor!


Jenevadagi bir necha million dollarlik villasi o‘zbek muxolifatchisi Safar Bekjon tomonidan ishg‘ol qilinganining ikkinchi kunida Gulnora Karimova tvitter o‘quvchilari e‘tiborini singlisi Lola Karimova-Tillayevaning uylariga tortishga harakat qildi.

Singlisi Lolaning turmush o‘rtog‘i Tillayev O‘zbekiston MXX bilan hamkorlikda Jenevadagi uyning ishg‘olini uyushtirganligini iddao qilgan @GulnaraKarimova villasidan sal narida Tillayevga qarashli 50 million dollarlik uy borligi haqidagi iddaoni ilgari surdi.

Sal keyinroq esa singlisi Lola Karimova-Tillayeva dunyoning yettita davlatidan uy sotib olgani haqidagi yana bir iddaoli tvitni yozdi.

“Lola Tillayeva&co Jeneva, Parij, Los Anjeles, Dubay, Ispaniya, Moskvadan keyin Bagamadan ham yangi uy sotib olganga o‘xshaydi”, degan Gulnora Karimova bu tvitiga bir suratni ham ilova qildi.

Suratda bir erkak va ayol ikkita yosh qiz bilan turibdi. Biroq suratning juda xiraligi bois undagi kishilar kimligini tanish qiyinroq. Gulnora iddaosiga ko‘ra, ushbu surat bugun Bagamada olingan bo‘lib, unda singlisi Lola va uning oila a‘zolari aks etgan.

Gulnora tvit lentasida e‘lon qilgan yana bir suratda “Tillayevlarning shaxsiy samolyoti” aks etgani haqida yozda.

“Bu samolyotda Tillayevlar sayohat qiladi, ularning VVSga bergan interv yusini eslasangiz, balki (samolyotni) kreditga olishgandir”, deya tvitladi Karimova xonim.

Gulnora 1 dekabr kuni ham singlisi “Lolaning matbuotga oshkor bo‘lmagan boyliklari ko‘p”ligi haqida tvitlagandi.

Joriy yilda "Bilan" jurnali e‘lon qilgan Shveytsariya boylari ro‘yxatida Lola Karimova-Tillayeva 12-o‘rinni egalladi.

Matbuotda Lola Karimova-Tillayeva 100-200 million shveytsariya franki atrofidagi boyligi bilan ushbu ro‘yxatga ilk bor kiritilgani aytilgan edi.

Biroq Lolaning opasi Gulnoraning Tvitter orqali 1 dekabr kuni ma‘lum qilishicha, singlisi uchinchi yil ushbu ro‘yxatdan joy olayapti.

Gulnoraning iddaosiga ko‘ra, mazkur ro‘yxatga singlisi Lolaning barcha boyliklari kiritilmagan.

"Shveytsariya reytingiga butun yer yuzidagi uning barcha villalari, uylari kirmagan", deya tvitladi @GulnaraKarimova.

O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva o‘tgan yili Los Anjelesning eng hashamatli Bel Eyr mahallasidan rekord narx – 58 million AQSh dollariga qasr sotib olgani xabar qilingan edi.

Amerika ko‘chmas mulk bozoridagi eng qimmat qasrning yangi egasi Lola Karimova-Tillayevaning Jenevada ham hashamatli hovlisi borligi aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, 2010 yilda Jeneva ko‘li sohilida u 41 million AQSh dollariga qasr sotib olgan.

Hozirda Lola Karimova-Tillayeva O‘zbekistonning YuNESKOdagi vakolatxonasi rahbari hisoblanadi.

Uning turmush o‘rtog‘i Temur Tillayev O‘zbekistonga xorijdan keltiriladigan iste‘mol mollari importini nazorat qilishi aytiladi.

Ikki oy avval Bi-Bi-Si O‘zbek hizmati savollariga javob bergan Lola-Karimova Tillayeva “Bilan” jurnalini boyliklari haqida bo‘rttirilgan ma‘lumot berishda ayblagan edi.

Gulnora singlisi kabi kema va villalarga ega emasligi haqida ham bir necha bor tvitladi.

Shuningdek, Gulnora singlisi Lolaning "Dubaydagi Atlantis mehmonxonasida uyushtirilgan salyutli kecha uchun 12 million dollar to‘lagani"ni ham iddao qildi.
XS
SM
MD
LG