Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:24

O‘zbekistonda talabalarga Yangi yil ziyofati berish taqiqlandi


O‘zbekistondagi oliygohlarning talabalariga Yangi yil bazmi o‘tkazish qat‘iy taqiqlandi. Yangi yilni nishonlamaslik borasida talabalardan tilxat olinayapti. Talabalarning yashirincha ziyofat berishi oldini olish maqsadida har o‘n talabaga bir o‘qituvchi mas‘ul qilib biriktirildi.

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar yig‘ilishib, Yangi yil bazmini o‘tkazmasligi uchun viloyatdan kelgan talabalar 28 dekabrdan boshlab, majburiy tarzda uylariga jo‘natiladi.

Toshkent Davlat Agrar universitetining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodimiga ko‘ra, har bir viloyatlik talaba o‘ziga biriktirilgan o‘qituvchi nazoratida poyezd yoki avtobusga chiqarib yuboriladi.

- Ichki ishlardan xodimlar chaqirib, ular bilan tushuntirayapmiz. "Ichma, uyingga bor", deyapmiz. Uylariga yetib borishi uchun kafolat xati olinayapti. Kafolat xatida "to‘g‘ri uyga boramiz", deyilgan. Ota-onalariga ham aytilgan. Har o‘nta talabaga bitta professor domla biriktirilgan. 27 dekabr kuni oxirgi o‘qish kuni. 28-29 dekabr kuni hammasi uyiga borishi lozim. Biriktirilgan domlalar talabani nafaqat poyezdga chiqarib o‘tkazib yubrishga balki uyiga borib tushgandan keyin telefonlashib, qaytib kelguniga qadar javobgar, dedi Agrar universiteti mas‘uli.

Toshkent Avtomobil-yo‘llar institutida ham talabalar 28 dekabrdan 10 yanvarga qadar ta‘tilga chiqariladi.

Institut xodimiga ko‘ra, talabalarga biriktirilgan o‘qituvchi ta‘til payti Toshkentlik va ma‘lum sababga ko‘ra, uyiga ketmagan viloyatlik talabalarning yashirincha Yangi yil bazmini o‘tkazmasligi uchun javobgar hisoblanadi.

- Bizda katta bayram bo‘lmaydi. Talabalarni qishki ta‘tilga chiqarib yuboramiz. Har bir biriktirilgan murabbiy talabalarning ijarada, qarindoshining uyida yoki talabalar yotoqxonasida yashayotgan manzillarga borib, ularning yashash sharoitini o‘rganishadi. To‘la doirada tushintirish ishlari olib boriladi. Buyruqlar ham chiqarilgan. Unaqa katta bayram, tadbirlar bizda bo‘lmaydi, dedi Avtomobil-yo‘llar instituti xodimi.

Toshkent Milliy universitetining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, talabalar Yangi yil ziyofatlarida ichkilikbozlik qilishi va pirotexnika vositalaridan foydalanishining oldini olish maqsadida ularning bir joyga yig‘ilishiga izn berilmayapti.

Yangi yil bazmi o‘tkazishga taqiq nafaqat poytaxt balki viloyatlar oliygohlarida ham kuzatilayapti.

Andijon Qishloq-xo‘jaligi institutining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan talabasiga ko‘ra, talabalar ziyofat qilmaslik borasida qa‘tiy ogohlantirilgan.

"Bizga Yangi yilda to‘planmaysizlar deyishdi. "Ichasizlar va paqildoq otasizlar, shuning uchun mumkin emas", deyishdi. Lekin talabalar yig‘ilishib, yashirincha ziyofat o‘tkazishni rejalashtiramiz. O‘ylaymizki, domlalarimiz sezib qolishmaydi", dedi andijonlik talaba ovozini efirga bermaslik sharti bilan.

Talabalarga Yangi yil ziyofatlarining taqiqlanishi mavzusi ikki kundirki ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layapti.

Jumladan, Muhammad ismli talaba yigit Facebookdagi sahifasi orqali bu "shaxs erkinliklarining cheklanishi", deya yozg‘irdi.

Joriy yilda Toshkentdagi ayrim banklarda ham yangi yil munosabati bilan o‘tkaziladigan "korporativ bayram kecha”lari bekor qilindi. Bank menejerlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu bank mablag‘ini tejash maqsadida amalga oshirilmoqda.
XS
SM
MD
LG