Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:55

Gulnora Karimova uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya bo‘yicha “Yil odami” deb topildi


Sharqiy Yevropadan Markaziy Osiyoga qadar cho‘zilgan hududlardagi uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya vaziyatini tahlil etib kelayotgan OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) tahririyati har yili jinoyatchilar¸ katta poraxo‘rlar va korruptsiya homiylariga beriladigan ana shu “mukofot”ni 2013 yilda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichiga berishga qaror qildi.

OCCRP - dunyo bo‘ylab jinoiy guruhlar va katta korruptsionerlar faoliyatini ta‘qib etib¸ ularni qonun oldida javobgarlikka tortish uchun huquqiy zamin hozirlab kelayotgan 100 dan oshiq taniqli jurnalistni birlashtiruvchi 20 markazdan tarkib topgan mustaqil uyushma.

Guruhga qo‘shilgan surishtiruv jurnalistlarining bosh maqsadi uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani fosh qilish orqali jamoatchilikni bu jinoyatlarning o‘z hayotini qanchalik og‘irlashtirayotganidan ogoh qilishdir¸ deydi OCCRP bosh muharriri Drew Sullivan.

Yiliga yuzdan oshiq loyihasini e‘lon qilib kelayotgan OCCRP har yil oxirida uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya bo‘yicha “Yil odami” degan “mukofot” sohibini e‘lon qiladi. Bu mukofot uyushgan jinoyat olamining nomdorlari va xalqaro maydondagi eng yirik poraxo‘r va korruptsionerlarga “taqdim etiladi”.

2013 yilgi bu “mukofot” korruptsiyani legallashtirgan Ruminiya parlamenti¸ Yevropada narkotraffik yangi yo‘llarini ochgan serb mafiyasi otasi Darko Sharich va Yevropaning qator mamlakatida pul yuvish va korruptsiyada gumonlanayotgan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga berildi.

- Bunday qarorga Karimovlar oilasining O‘zbekistonni boshqarayotgan qonuniy lider emas¸ uning boyliklarini talon-taroj qilib¸ o‘g‘irlaganlarini xorijga tashiyotgan muttahamlar ekanini tasdiqlovchi jiddiy dalil va isbotlar asosida kelindi. Gulnorani uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya bo‘yicha “Yil odami” deb e‘lon qilishga uning TeliaSonera telekom shirkatidan 320 million dollar pora olganiga oid jiddiy ayblovlar asos bo‘ldi. Telekom shirkatiga litsenziya berish jarayoniga mutlaq aloqasi bo‘lmagan holda¸ 3G litsenziyasi olib berish uchun TeliaSonera dan shuncha pul olish¸ uni offshor kampaniyasi bank hisobiga o‘tkazish Gulnora Karimovaning qanchalik korruptsiyalashganini yaqqol ko‘rsatdi. O‘z qo‘lida ishlaganlar va jazmani nomiga ochilgan shirkat va bank hisoblariga o‘tkazilgan pullar Yevropadagi eng qimmat ko‘chmas mulklarga sarflangan va bu Shveytsariya va Frantsiya politsiyasi o‘tkazgan reydlar davomida tasdiqlandi¸ deydi OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) bosh muharriri Drew Sullivan Ozodlik bilan suhbatda.

2012 yilda Shvetsiya surishtiruv jurnalistikasining taniqli vakillaridan tuzilgan guruh aksar aktsiyalari shved va fin hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkatining O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun 320 million dollar miqdorida pora bergani iddao qilingan hujjatli filьmlarni taqdim etishga kirishdi.

Hozircha uch qismlik bu filьmlarda TeliaSoneraning bu porani aynan prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga bergani¸ bu pullar Karimova yordamchisi Gayane Avakyan va uning jazmani Rustam Madumarov nomiga Gibraltarda ochilgan shirkat va bank hisoblari orqali yuvilib¸ G‘arb banklarida qo‘nim topgani iddao qilindi.

Bu taxminlar asosida Shvetsiya prokuraturasi ochgan tergov jarayoni hamon davom etmoqda; Shveytsariyada esa¸ Gulnora Karimovaniki taxmin etilayotgan bir milliard dollarga yaqin pul muzlatilganicha qolmoqda.

Hozircha Yevropaning 10 ga yaqin davlatini o‘z ichiga olgani aytilayotgan bu tergov jarayoni nihoyasiga yetmagan va mahkama Gulnora Karimova ustidan hukm chiqarmagan bo‘lsa-da¸ OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) bosh muharriri Drew Sullivan¸ surishtiruv jurnalistlari qo‘lga kiritgan ma‘lumot va dalillar Gulnora Karimovani Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududidagi uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya bo‘yicha yilning odami deb topishga yetarlidir¸ degan ishonchda:

- Biz ayni kunlarda Gulnora Karimovaga qarshi O‘zbekiston ichkarisida boshlangan jarayonlardan ham xabardormiz. Bugun Gulnora o‘zini xavfsizlik xizmati uyushtirgan fitna qurboni qilib ko‘rsatishga urinmoqda. Ammo biz bu tomoshaga laqqa tushadiganlardan emasmiz. Jurnalistikada pulning ketidan tushsang¸ oxir-oqibat u o‘g‘ri va jinoyatchiga olib boradi¸ degan ishonch bor. O‘zbekistonda o‘g‘irlangan va O‘zbekistondan olib chiqilgan pullar iziga tushsangiz¸ ular ko‘pining hamon Gulnora Karimova va uning yugurdaklari hisobida o‘tirganini ko‘ramiz.

Gulnora jirkanch shaxs. O‘zbekistonda aksar xalq zo‘rga kun kechirayotgan bir paytda u shu xalq boyliklarini o‘g‘irlab¸ kayfu safoda yashadi¸ o‘zini pop qo‘shiqchidan diplomatga qadar har narsa qilib ko‘rsatishga urindi. Gulnora va u mansub oila xalq tepasiga kelgan yomonlarning yomonidir¸ deydi OCCRP (Organized Crime and Corruption Reporting Project) bosh muharriri Drew Sullivan Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG