Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:19

Rossiya Federatsiya Kengashi muhojirlarga oid qonunni ma‘qullamadi


25 dekabr kuni, qishki ta‘tilga chiqib ketishidan oldin, Federatsiya Kengashi mehnat muhojirlari uchun rus tili va Rossiya tarixidan majburiy imtihon joriy etish to‘g‘risida Rossiya Davlat Dumasi qabul qilgan qonunni ma‘qullamadi. 2015 yil, 1 yanvarda kuchga kirishi kerak bo‘lgan bu hujjatda Rossiya parlamentining yuqori palatasi a‘zolari “qator yuridik xatolar” topdi.

Davlat Dumasi 20 dekabrda qabul qilgan “Xorij fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Rossiyada ishga ruxsatnoma, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi yoki doimiy yashashga ruxsat beruvchi hujjatga da‘vogar mehnat muhojirlari majburiy tarzda rus tilidan imtihon topshirishlari zarur edi.

Bundan tashqari, 2015 yilning 1 yanvaridan kuchga kirishi rejalashtirilgan qonunda migrantlar Rossiya qonunchiligi va tarixi to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lishlari shart qilib belgilangan edi.

Biroq, bu hujjatda ko‘plab yuridik ziddiyatlarni topgan Federatsiya Kengashi senatorlari uni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarib yubordi. “Qonun juda to‘g‘ri, ammo yuridik jihatdan xatolari mavjud”, dedi Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko.

Jumladan, senatorlar bu qonunni kuchga kiritishdan oldin imtihon topshirganlik haqidagi sertifikat tuzilishi borasida “Ta‘lim to‘g‘risida”gi federal qonunga o‘zgartish kiritish kerakligini ta‘kidlamoqda.

Rossiya parlamenti yuqori palatasining Konstitutsiyaviy qonunchilik, huquqiy va sud masalalari, fuqaroviy jamiyatni rivojlantirish qo‘mitasi raisi muovini Konstantin Dobrinin loyihaga qo‘yilayotgan talablarni “Finam” radiosi efirida ovoza qildi.

- Bunday ko‘rinishda qonunni mutlaqo qabul qilish mumkin emas. Uni avval yaxshilab o‘qib chiqish kerak. Aks holda qonun kulgili vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, 2015 yilning 1 yanvaridan million-million muhojir borib sertifikat olishi kerak. Buning axir yuridik jihatdan iloji yo‘q! Buni men qonun bosim ostida, shoshilinch qabul qilingani bilan izohlayman, dedi loyihani o‘tkazmagan parlament a‘zosi.

Bundan oldinroq, Rossiya Maorif vazirligi va Federal migratsiya xizmati bir nechta fandan migrantlar uchun test savollarini tayyorlab, parlament muhokamasiga olib chiqqan edi.

Aytish joyizki, qonun loyihasida majburiy imtihonlardan layoqatsiz shaxslar, yoshi 18 gacha va 60 yoshdan oshganlar, yuqori malakali mutaxassislar hamda xorijda yashab Ko‘chish dasturi asosida Rossiyaga doimiy yashashga kelgan fuqarolar ozod etilishi belgilangan.

Rossiya Migrantlar ittifoqi rahbari Muhammad Amin Ma‘jumdor Ozodlik bilan suhbatda bu qonunni “ahmoqlik ko‘rinishi” sifatida baholagan bo‘lsada, uning qabul qilinishiga shubha qilmasligini aytdi.

- Rus tili bilan bog‘liq imtihon tushunarli, ammo tarix va qonunchilik asoslari bo‘yicha testlarni qanday tushunsa bo‘ladi?! Hatto ruslar o‘z tarixini yaxshi bilmaydiku, qonunlar esa tez-tez o‘zgarib turibdi. Nega ularni mehnat muhojirlari bilishi kerak? – deya savol qo‘ydi Migrantlar ittifoqi raisi Muhammad Amin Ma‘jumdor.

Federatsiya Kengashi raisasi Valentina Matviyenko qonun loyihasining kam-ko‘stini to‘ldirish uchun ortga qaytarilganini izohlar ekan, Federatsiya Kengashi tarkibida maxsus komissiya tuzilishini ma‘lum qildi. Bu komissiya 2014 yilning yanvarida kamchiliklarni bartaraf qilajagi aytildi.
XS
SM
MD
LG