Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:33

O‘zbekistonda ko‘p bolali onalar uchun soliq imtiyozlari Yangi Yilda bekor qilinadi


O‘zbekistonda 2014 yilda besh toifadagi jismoniy shaxslar uchun imtiyozlar bekor qilinadi. Jumladan Ikkinchi jahon urushida Leningrad qamali paytida ishlagan shaxslar, kasbiy faoliyati davomida nogiron bo‘lgan ichki ishlar xodimlari, Afg‘oniston urushi qatnashchilari, o‘n nafardan ko‘p bola tuqqan ayollar, Chernobil AESi falokatini bartaraf etishda ishtirok etgan jismoniy shaxslar soliq imtiyozidan mahrum etiladi.

Bu haqda prezident Islom Karimov imzolagan “Soliq va byudjet siyosatining 2014 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda aytiladi.

Yangi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Soliq kodeksining 2-moddasidagi 3,4,6,8 va 9 bandlari olib tashlangan.

Ya‘ni, 2014 yilning birinchi yanvaridan boshlab besh toifadagi jismoniy shaxslar daromad solig‘iga oid imtiyozlardan mahrum qilinadi:

- 1941 yilning 8 sentyabridan 1944 yilning 27 yanvarigacha Leningrad qamali paytida shaharda ishlagan shaxslar;

- xizmat vazifasini bajarayotgan paytda jarohat olib nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar idoralari xodimlari;

- harbiy amaliyotlar olib borilgan Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda harbiy xizmat o‘tagan shaxslar.

2014 yilning birinchi aprelidan esa:

- O‘n va undan ko‘p bola tuqqan ayollar;

- Chernobil AESidagi xalokat oqibatlarini bartaraf etishda jabrlangan shaxslar daromad solig‘iga oid imtiyozlardan mahrum qilinadi.

Rasmiy manbalarda bu "Qonun xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar va butun iqtisodiyot zimmasiga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirishga, soliq solish tizimini soddalashtirishga, mahalliy byudjetlarning daromadlar qismini mustahkamlashga va soliq ma‘muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgani" aytiladi.

Biroq, Afg‘oniston urushi qatnashchisi jizzaxlik Ziyodillo Razzoqovning fikricha, “chernobilchi” va “banalmilalchi”larning imtiyozlari birin-ketin bekor qilib borilishi hukumatning sillasi quriyotganidan darak beradi:

- Ilgari eng kam ish haqining to‘rt baravarigacha maosh bo‘lsa, undan 50 foiz daromad solig‘i to‘lash imtiyoziga ega edik, mol-mulk solig‘idan ozod edik. Endi shundan ham qolibmiz-da. O‘zi biz “afg‘on”chilarga hech qanday imtiyoz qolmadi. Shahar jamoat transportida tekin yurish, kasalxonalarda tekin davolanish, uzoq safarlar uchun chiptalarning 50 foizlik imtiyozlari allaqachon yo‘q bo‘lgan. Vaholanki, O‘zbekistondan boshqa MDH davlatlarida ana shu imtiyozlar saqlanib qolgan, dedi Ziyodillo Razzoqov.
XS
SM
MD
LG