Линклар

Toshkent shahri, Olmazor tumani hokimi Obid Zayniddinov chorshanba kuni ertalab milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olindi. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hokim moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Obid Zayniddinovning 25 dekabr kuni ertalab ish kabinetida hibsga olingani to‘g‘risida Ozodlikning tuman hokimligida ishlaydigan manbasi xabar berar ekan, aynan mana bunday dedi:

- Milliy xavfsizlik xodimlari erta tongda Zayniddinovning qo‘liga kishan solib olib chiqib ketishdi, dedi manba.

Uning aytishicha, hozircha sobiq hokim qo‘lga olinishi sabablari to‘g‘risida taxminlargina mavjud:

- Aytishlaricha, tumandagi uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ajratilgan kreditlarni yeb yuborgan ekan, dedi Ozodlik manbasi.

Olmazor tumanining Sebzor dahasidagi 44-uyda yashovchi mahalla faollaridan biri Gulnora Akilovaning so‘zlariga qaraganda, Ozodlik manbasi ishonayotgan taxminlarni asossiz, deyish qiyin.

Muxbiringiz bilan suhbatda u ham uy-joy mulkdorlari shirkatiga ajratilgan kreditlar mansabdorlarning cho‘ntagiga ketganini shikoyat qildi:

- Uylarimiz qurilganiga 31 yil bo‘ldi. Shu payt ichida biror marta kapital remont qilinmagan. Prezident qaroriga ko‘ra bu uylarga har ikki yilda kredit ajratiladi. Bu yil ham har bitta kichik dom uchun 4 million so‘mdan ajratilgan edi. Na tomlar yopildi, na podvaldagi chirib ketgan trubalar almashtirildi. Bu pullarning hammasi hokimiyatdagilarning cho‘ntagiga borib tushyapti, dedi Gulnora Akilova.

Mahalla faoliga ko‘ra, aholining yuqori idoralarga yozgan tinimsiz arizalariga hech kim e‘tibor bermayapti:

- So‘nggi bor 26 noyabrda Senatga ariza yozdik. O‘zim borib vaysab-vaysab, urishib keldim. Chunki korruptsiyaning eng yig‘ilgan joyi hokimiyat bo‘lib qoldi. Bu kredit pullar qayerga ketyapti? Bu pullarga hokimlar boyiyapti, bizlarga o‘xshagan aholining hisobidan, dedi mahalla faoli Gulnora Akilova.

Ozodlikning Olmazor tumani hokimiyatidagi manbasiga ko‘ra, ayni paytda hokim vazifasini sobiq hokimning birinchi o‘rinbosari Mohirjon Turapov bajarmoqda.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda viloyat va tuman hokimlarining moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olinishi ko‘p kuzatilmoqda.

Dekabr oyi boshida Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimi Husniddin Jo‘rayev o‘z ish kabinetidan boshiga qop kiydirilgan holda olib chiqib ketilgan edi.

Noyabr oyida Jizzax viloyati Zomin tumaniga 2009 yildan beri hokimlik qilib kelgan 50 yashar Azimov Uskan Bo‘riboyevich hibsga olingan edi.
XS
SM
MD
LG