Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:01

O‘g‘il otasining "Anor"ini saqlay olmagan O‘zbekiston San‘at muzeyini sudga bermoqchi


O‘zbekiston Prezidenti to‘ng‘ich qizining Shveytsariyadagi uyini ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san‘ati durdonasi qatorida marhum rassom Lev Reznikov mo‘yqalamiga oid “Anor” asari fotosuratini ham Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasiga qo‘ydi.

Otasi Lev Reznikovning “Anor” kartinasini Facebookda ko‘rgan va bu va boshqa rasmlar haqidagi maqolani Ozodlik sahifasida o‘qigan, hozirda Isroilda yashayotgan Igor Reznikov biz bilan bog‘lanib, otasi ishlagan kartinaga oid o‘z xavotirlarini bildirdi:

- Otam 1990 yilda “Anor” kartinasini O‘zbekiston davlat muzeyi sotib olganini faxrlanib gapirib yurar edi. Biz bu rasm O‘zbekiston davlat san‘at muzeyi xazinasida avaylab saqlanmoqda, degan qat‘iy fikrda edik. Men bu rasmning Jenevadagi uyda tashlandiq ahvolda yotganini bilgach, juda xafa bo‘ldim. Otam bu rasmni muzeyga sotgan edi, ammo qanday qilib bu rasm Jenevadagi uyga borib qoldi?! Men otamga oid mualliflik huquqlarining merosxo‘ri sifatida bu masalaning qonuniy tarafini taftish qildirish va imkoni bo‘lsa rasmni bu ahvolga solganlarni javobgarlikka tortish niyatidaman. Davlat muzeyi bu rasm uchun mac‘uldir. Agar ularga rasm kerak bo‘lmasa, menga qaytarib berishsin, bo‘lmasa sudga beraman, dedi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Igor Reznikov.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi uyini ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu asarga qay tarzda duch kelganini Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan turib Ozodlikka aytib berdi:

Lev Reznikov
Lev Reznikov
- Gulnoraning uyidagi katta zalda bo‘yi bir metr, eni bir metrlik yorqin bir asar osig‘lik turganiga ko‘zim tushdi. Asarda tars yorilgan anor aks etgan. Favqulodda yorqin va ta‘sirli ranglarda chizilgan. Bu rasmning kuchli ta‘sir energetikasi borligini shundoq his qildim. Rasmning orqasida "Natyurmort "Granat” xm 1X90 1990...", degan yozuvlar bor, dedi Safar Bekjon.

Jenevadagi kartina muallifining o‘g‘li Igorь Reznikovning Ozodlikkka bildirishicha, otasi anor mavzusida faqat ikkita asar chizgan va ulardan biri Isroilda, yana birini esa, yuqorida aytilganiday, muzey sotib olgan.

- Toshkentda olamdan o‘tgan otam Lev Reznikov anor mavzusida faqat ikki rasm chizgan. Shu ikki asardan biri bo‘lgan “Anor” asarini muzey sotib olgan edi. Bu mavzudagi yana bir asarini Isroilga olib keldim, degan rassomning o‘g‘li o‘z tasarrufidagi “Anor” rasmi fotosuratini Ozodlikka jo‘natdi.

Davlat muzeyi mulki bo‘lgan har qanday asarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi, qabul qilingan qoidaga binoan, muzey muhofizlari ishtirokida, O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligining maxsus buyrug‘iga ko‘ra, amalga oshirilishi lozim.

Ayni paytda O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidagi Ozodlik manbasi muzey bosh muhofizi Mirfayz Usmonovdan olingan ma‘lumotlarga tayanib, 1990 yilda yaratilgan va Igor Reznikov muallifi bo‘lgan “Anor” asari muzey mulki sifatida qayd etilganini tasdiqladi.

Muzeyning "KP" (Kniga postupleniy) daftarida qayd etilgan “Anor” kartinasining muzey zahirasini tark etgan-etmaganligini Ozodlik manbasi aniqlay olmadi.

1929 yili Minskda tug‘ilgan rassom Lev Reznikov 1938 yilda oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelgan. 1948 yildan boshlab rassom Reznikov O‘zbekistondagi ko‘rgazmalarning faol ishtirokchisi sifatida rangtasvir bilan shug‘ullandi.

2004 yilda Toshkenda dafn qilgan bu rassomning asarlari Moskvadagi Tretьyakov galereyasi va Sharq xalqlari san‘ati muzeyi kollektsiyasidan o‘rin olgan.

Hozirda AQShda istiqomat qilayotgan asli o‘zbekistonlik rassom Sergey Ignatьev Jenevadagi uyda tashlandiq holatda qolayotgan va muzeyga tegishli ekani aytilayotgan “Anor” va boshqa asarlar zudlik bilan qonuniy egalariga qaytarilishi kerak, deb hisoblaydi.

Sergey Ignatьev bu rasmlarni qaytarish jarayoni shaffofligini kuzatish uchun jamoatachilik nazorati zarurligini aytdi.

Ozodlik bilan bog‘langan va xavfsizlik nuqtai-nazaridan ismi oshkor qilinishini istamagan toshkentlik haykaltarosh muzeydagi asarlarning o‘g‘irlangani borasida sudda ko‘rsatma berishga tayyorligini bildirdi.

***

Maqolani tayyorlash jarayonida Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi muzeylardan tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan xalq amaliy san‘atiga oid asarlarni tortib olgani haqidagi ma‘lumot va iddaolardan bir nechtasi o‘rtaga chiqdi.

Ana shunday iddaolardan birida Xiva “Ichan qal‘a” muzeyida saqlangan qadimiy egar-jabduq Xorazmning o‘sha paytdagi xokimi Islom Bobojonov tarafidan Gulnora Karimovaga sovg‘a qilingani borasida bo‘ldi.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligining muzeylar bo‘limi va yodgorliklarni himoya qilish inspektsiyasiga qo‘ng‘iroq qilib muzeylardagi kamomad haqida izoh so‘radi.

Mutasaddilar bu borada sukut saqlashni ma‘qul ko‘rishdi.

Ozodlik O‘zbekiston muzeylaridagi talon-taroj holatlari bo‘yicha o‘z surishtiruvini davom ettiradi.
XS
SM
MD
LG