Линклар

O‘tgan juma kuni kechqurun Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi Xurshida Jamolovaning o‘nlab tanishlari “Bilayn” mobil aloqa kompaniyasi o‘tkazgan aktsiyada “Chevrolet Spark” avtomobili yutganligi bilan uni tabrikladi. Biroq, “Bilayn”ning Qarshi ofisiga borgan Xurshida Jamolovaga yutuqning egasi boshqa kishi ekanligini aytishmoqda.

“Yoshlar” telekanalida 27 dekabr kuni o‘tkazilgan “Bilayn” kompaniyasining Mega aktsiyasida mamlakatning 13 mintaqasidagi faol abonentlar uchun 13 ta “Chevrolet Spark” avtomobili o‘ynaldi.

Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi 32 yoshli Xurshida Jamolovaning sim kartasiga avtomobil yutug‘i chiqdi. Bu haqda Ozodlikka gapirgan Xurshida Jamolovaning onasi Habiba ayaga ko‘ra, bu xabardan ular juda quvonishgan:

- Biz “Yoshlar”dan ko‘rib o‘tirdik. Bizni nomer chiqdi. Judayam xursand bo‘ldik. Qizim o‘zi Spark mashina olaman deb niyat qilib yurardi. Ana qizim, niyating xolis ekan, Xudo berdi, dedim. Keyin “Yoshlar”dan ham telefon qilib tabriklashdi,- deydi Habiba Jamolova.

Suhbatdoshning aytishicha, o‘sha kuni yana o‘nlab tanishlari ularni yutuq bilan tabriklagan.

Biroq, ertasi kuni ular yutuqni rasmiylashtirgani “Bilayn”ning Qarshi shahridagi idorasiga borganda, yutuq ularga emas, boshqa odamning nomiga chiqqani aytilgan:

- Bizning sim kartamiz raqami 91 219... bilan boshlanardi, biroq Qarshidagi ofisda yutuq 91 217... bilan boshlanadigan sim kartaga chiqqanini aytishdi. U boshqa odamning nomida deyishdi. Nahotki, bizni aldashgan bo‘lsa, millionlab odamlar ko‘rganku buni,- deydi Habiba Jamolova.

Xurshida Jamolovaning o‘zi kayfiyati yo‘qligini aytib, biz bilan gaplashishni istamadi. Uning onasiga ko‘ra, Xurshida “Bilayn”ning faol mijozlaridan bo‘lgan:

- Qizim telefonga judayam ko‘p pul tashlaydi. Internetga kiradi, skaypda soatlab gaplashib o‘tiradi. Mana 2-3 kundan buyon haliyam tabriklar davom etyapti, lekin biz nima deyishimizni bilmayapmiz,- dedi Habiba Jamolova.

“Bilayn” kompaniyasining Internet saytida “Chevrolet Spark” avtomobili qashqadaryolik Dilobar Berdiyorovaning (XX) X17 6757 raqamli sim kartasiga chiqqani aytilgan.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish maqsadida “Bilayn” mobil aloqa kompaniyasining Toshkentdagi bosh idorasi bilan bog‘landi. Kompaniyaning Mega aktsiya o‘tkazishga mas‘ul bo‘lgan xodimlaridan biri Nazokatning aytishicha, bu yerda tushunmovchilik bo‘lgan bo‘lishi mumkin:

- Bu o‘yin jonli efirda o‘tkazilgan. Protokollar bo‘yicha(XX) X17 6757 raqami yutgan. Bular 6757 nomerini ko‘rgandan keyin xursandchilikdan boshqa raqamlarga e‘tibor bermagan bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar bizda ko‘p bo‘ladi. Odamlar yaxshi e‘tibor bermasdan, tanishlarini tabriklashaveradi. Bu o‘yinda san‘atkorlar Nasiba Abdullayeva va Abdulla Shomag‘rupovlar xolis ekspert sifatida qatnashgan. Bu yerda hech qanday g‘irromlik bo‘lmagan,- dedi kompaniya mulozimi Nazokat.

Uning aytishicha, ayni paytda bu teleko‘rsatuvning Internet varianti tayyorlanmoqda va yaqin kunlar orasida u “Bilayn” kompaniyasining Internet saytida va Feysbukdagi sahifasida e‘lon qilinadi.
XS
SM
MD
LG