Линклар

Qirg‘iziston muftiysining jinsiy hayoti aks etgan video janjalga sabab bo‘ldi


Qirg‘iziston muftiysi Rahmutulla Egamberdiyev Qurbon hayiti namozida. Bishkek, 26 oktyabr 2013 yil.

Qirg‘iziston muftiysi Rahmutulla Egamberdiyev Qurbon hayiti namozida. Bishkek, 26 oktyabr 2013 yil.

Qirg‘iziston muftiysi Rahmutulla Egamberdiyevning yosh ayol bilan intim munosabatlari aks etgan video Internetda tarqalib ketganidan so‘ng jamoatchilik orasida keng muhokama qilinmoqda. Muftiy o‘zining xotini bilan bo‘lgan shaxsiy munosabati boshqalarni qiziqtirayotganidan hayron qolayotganini aytdi.

Yashirin kamera vositasida olingan videoda muftiy Rahmatulla Egamberdiyevning yosh xotin bilan jinsiy alaoqa qilayotgani aks etgan.

Bu videoning Internetda tarqalishi qirg‘iz jamoatchiligida janjalli munozaralarni keltirib chiqardi.

Qirg‘iziston va Markaziy Osiyo musulmonlari Kongressi raisi Bakit Nuriddinovning aytishicha, bu video mamlakat diniy jamoatchiligini karaxt qilib qo‘ygan:

- Hozir bu masalada juda qizg‘in munozara ketmoqda. Ulamolar kengashi bundan shokka tushib qoldi. Vaziyat juda og‘ir, ular nima deyishni ham bilmayapti. Bunaqa voqea endi birinchi marta bo‘lyapti. Biz shunday kunlarga ham yetib keldikmi, dedi Bakit Nuriddinov.

Janjalli bu video paydo bo‘lganidan so‘ng muftiyot va hukumat o‘rtasida yashirin ziddiyat ham borligi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.

Biroq, Qirg‘iziston Prezidentining Jo‘g‘o‘rqu Kengeshdagi vakili O‘rozbek Moldaliyev hukumat bilan muftiyot o‘rtasida hech qanday qarshilik yo‘q, deydi. Uning fikricha, bu - dindorlarning ichki nizolari mahsuli:

- Ular o‘zlarini “qurbon” sifatida ko‘ryaptilar va har xil gaplarni aytmoqdalar. Muftiyatga qarshi turishning hukumatga nima zarurati bor? Hukumat musulmonlar diniy boshqarmasining ishiga aralashmaydi. Eng avvalo mullalar o‘zaro til topishsin. Muammolar qayerdan paydo bo‘ladi? Muftiylik lavozimiga da‘vogarlar ko‘p. Nega? Chunki bunda Haj bor va 4-6 million dollarlik yashirin daromad olish imkoni bor, dedi O‘rozbek Moldaliyev.

Qirg‘iziston Ombudsmeni Bakit Amanbayev fikricha, har bir odamning shaxsiy hayoti sir tutilishi Konstitutsiya bo‘yicha kafolatlangan, biroq:

- Yuqori lavozimli fuqarolarda mas‘uliyat bo‘lishi ham kerak. Zero, muftiy ortida juda ko‘p musulmonlar bor, dedi O‘rozbek Moldaliyev.

Qirg‘iziston jamoatchiligi muftiyning ishqiy videosi tarqalganini muhokama qilishni boshlaganidan bir kun o‘tib, muftiy Rahmatulla Egamberdiyev bunga o‘z munosabatini bildirdi:

- Bu videoda aks etgan shaxs men ekanligimni inkor qilmayman. Bu ayol esa mening xotinim. Men u bilan to‘rt yildan buyon yashayapman. Eng asosiysi – men Xudoning oldida pokman. Mening shaxsiy hayotim, o‘z xotinim bilan bo‘lgan munosabatim, kimnidir juda qiziqtirayotganidan men hayron qolyapman, dedi muftiy Rahmatulla Egamberdiyev.

Shuningdek, videoda aks etgan ayolning ota-onasi 2 yanvar kuni Internetda videomurojaat tarqatib, Rahmatulla Egamberdiyev haqiqatan ham to‘rt yil oldin ularning qiziga uylangani haqida gapirgan.

Qirg‘iziston muftiysi bilan bog‘liq video mintaqadagi diniy ulamolarning jinsiy hayoti aks etgan ikkinchi videodir. O‘tgan yili Tojikistonda “jodugar mulla” nomi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videorolik qahramoni Asadullo Ibrohimov sud hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG