Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:17

"Havoqand" imomi - Muhammadrajab Maxsum qori


“O‘zbek imomlari” ruknining bugungi qahramoni Qo‘qondagi tarixiy masjid - "Havoqand" jome masjidi imom-xatibi Muhammadrajab Maxsum qoridir. U Qo‘qon xoni Xudoyorxon qurdirgan, sho‘ro zamonida omborga aylangan masjidni qayta ochgan va minglab namozxonga o‘qigan ma‘ruzasiyu ilmi bilan qisqa muddatda tanilgan imomdir. Ayni damda u qamoq jazosini o‘tamoqda.

Xudoyorxon qurdirgan "Havoqand" masjidi haqida


Qo‘qondagi tarixiy masjid "Havoqand" jome masjidi imom xatibi Muhammadrajab Maxsum qori - Toshtemir Nurmatov el og‘ziga tushgan davr – 1989-1992 yillar oralig‘idagi shovqin-suronli davrlar edi.

U davrlar bugungi Qo‘qon ahli uchun, ehtimol, asta-sekin unut bo‘lmoqda. Ya‘ni, qariyb 200 yillik "Havoqand" masjidini qayta ochgan Maxsum qori va juma namoziga yig‘ilgan izdihomni xotirlaydiganlar ozayib bormoqda.

Bu masjid Qo‘qonda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan va shaharliklar tomonidan hozir ham qadrlanadigan muhim obidalardan biridir.

Bu masjidni Qo‘qonning so‘nggi xoni – Sayid Muhammad Xudoyorxon 1860-1870 yillar oralig‘ida qurdirgani aytiladi. Sobiq ittifoq davrida bu masjid omborga aylantirilgan.

Qo‘qonlik keksa namozxonlardan biri bu masjidda 1989-92 yillar oralig‘ida va keyinchalik ham namoz o‘qiganini aytar ekan, masjidning bugungi va o‘tmishdagi ahvolini qiyosladi.

- Shaharda hozir qayta qurish bo‘layapti. Bu masjidning oldilari ochilgan, avval do‘konlar bilan o‘rab tashlangan edi. Hozir chiroylik bo‘lib qolgan. Lekin bu yerda hozir namoz o‘qilmaydi, tarixiy obidadek qilib qo‘yishgan. Turistlar aylanib, tomosha qiladigan joy. Biz bir paytlar namoz o‘qiganmiz. Muhammadrajab qori ochganda bu masjidni. Ungacha omborxona bo‘lgan edi. Juda katta masjid edi, har jumada odamlar tashqarigacha chiqib ketardi, - deya xotirlaydi qo‘qonlik namozxon.

U imomning o‘zi haqidagi xotiralarini ham qisqacha o‘rtoqlashdi.

- U kishi o‘zi shu shaharning yigiti edida. Juda ilmlik, deb eshitganmiz. Yaxshi-yomonligini bilmaganmiz. Ammo, bizga bir yomonligi tegmagan, shuning uchun u kishini yaxshi odam, - deb bilamiz, deydi imomning shaxsi haqida telefon orqali ortiqcha gapirmaslikni afzal ko‘rgan qo‘qonlik namozxon.

Namozxonning aytishicha, Muhammadrajab qorini tanitgan ilk harakati shahar ahli qadrlagan "Havoqand" masjdini kuni bitayozgan sobiq sovet hukumatidan olib, qayta ochgani bo‘lgan.

Muhammadrajab Maxsum qori tarjimai holi


Muhammadrajab Maxsum qori - Toshtemir Nurmatov 1953 yil 28 martda Qo‘qon shahrida oddiy, ziyoli oilada tug‘ilgan.

"Birlik" xalq harakati faoli Ismoil Dadajonov Muhammadrajab Maxsum qorining sinfdoshi bo‘lgan. U kishi imom haqidagi xotiralarini o‘rtoqlashdi.

- U kishi bilan Qo‘qondagi 10-maktabda o‘qiganmiz. Juda ilmga chanqoq edi. Biz bir amallab darsni qilib, futbolga ketishga shoshilgan bo‘lsak, u kishi maktabni ham qo‘ymasdan, undan oshib hujraga ham borar edi. Hunar ham o‘rganardi. Kosib edi. Qanday ulgurgan ekan, deb hozir ham ko‘p eslayman. U kishi dindor oilada katta bo‘lgan, otasi Qosimxon aka, degan obro‘lik kishi edilar, - deb xotirlaydi Ismoil Dadajonov.

U kishining xotirlashicha, Muhammadrajab Maxsum qori arab tilini mukammal bilgan va Haj ziyoratiga borganida, arab tilida ma‘ruza qilib obro‘ qozongan.

- Arab tilini mukammal bilardi. Bizda Madinada qilgan ma‘ruzasining yozuvlari bor edi. U kishi birinchi bo‘lib ilmni otasidan olgan, Qosimxon qori Qo‘qondagi eng obro‘lik va ilmli kishilardan edi. Keyin shahardagi yana bir dehqon, ko‘chat ekadigan Nasriddin oxun, degan kishidan ilm olgan. U kishi yaqinda olamdan o‘tdilar, juda ilmlik kishi edilar, - deydi qo‘qonlik muxolifat faoli.

Islomiy ilmi va arab tilini mukammal bilgani bois, Toshtemir Nurmatov qisqa muddatda Muhammadrajab Maxsum qori nomi ostida avvaliga Qo‘qon shahri, keyinchalik Farg‘ona vodiysida nom qozongan.

Muhmmadrajab qorini ham turmaga tortgan "sulh"


1987 yillarda boshlangan "Qayta qurish" siyosati bergan erkinlik sobiq sovet hukumati davrida diniy va milliy qadriyatlaridan begona bo‘lgan Sovet O‘zbekistoni xalqiga muqaddam ko‘rilmagan bir jo‘shqinlik, hurriyatni olib kelgan davrlar edi.

Ayniqsa, dinga qattiq berilgan ahli ilmlar Qur‘on va hadis ilmini kuchli bir istak bilan o‘zlashtirgan va katta bir hayajon bilan boshqalarga ulashayotgan kezlar edi.

O‘sha davrda Farg‘ona vodiysining O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston qismida tanilgan zabardarst olimlardan biri Abdulhakim qori Vosiyevdan ilm olgan Muhammadrajab qori avvaliga Qo‘qonda yillar davomida omborxona bo‘lib yotgan masjid – "Havoqand" masjidining ochilishiga bosh bo‘lgan.

Ammo, u kishini tanigan-bilganlar o‘sha davrda Farg‘ona vodiysida faollashib ketgan diniy-siyosiy uyushmalar, jumladan, Qayta qurish davrida Qo‘qonda tuzilgan “Odamiylik va insonparvarlik” tashkiloti a‘zolari "Havoqand" masjidi namozxonlari orasida talay bo‘lganini aytadilar.

Bu guruhning aholi orasida o‘sha davrda ko‘payib ketmagan o‘g‘irlik, poraxo‘rlik, sudxo‘rlik va fohishalikka qarshi shariat qonunlari asosida kurashishga uringani aytiladi. Bu davrni yaxshi xotirlagan Mo‘‘tabar Ahmedova bunday guruhlarning tuzilishini davra talabi, deb baholaydi.

Ammo, Mustaqil O‘zbekiston hukumati tez orada bu harakat bilan shug‘ullanganlarni qamadi va jazo muddatlari bitishiga qaramasdan, ularning aksariyati hanuz qamoqda qolmoqda.

1988-89-1992 yillar oralig‘idagi aholining ijtimoiy va siyosiy faolligi va bunday faol guruhlarga o‘sha davrda yetilgan ilmli imomlarning ham bosh qo‘shganini xotirlagan Ismol Dadajnov Ozodlikning bu boradagi savollariga javob berarkan, dastlab Muhammadrajab qorining maqsadi haqida to‘xtaldi.

- Maxsum akamiz hech qachon O‘zbekistonda islomiy davlat quramiz, degan maqsadda bo‘lmagan. Biz "Birlik" xalq harakatini tuzmoqchi bo‘lganimizda, u kishiga borganmizda: "Bizdan nima yordam?" deb so‘raganlar. Keyin masjidda "yigirmalik" degan kengash bo‘lardi. Shu kengashdan biri "Birlik"ka raisdosh bo‘lgan edi, - deb xotirlaydi Ismoil Dadajonov.

Ismoil Dadajonov bu imomning hayotidagi o‘ta muhim palla – 1990 yillarda mamlakat musulmonlari o‘rtasida yuzaga chiqqan ziddiyatlarga barham berish maqsadida o‘tgan sulhni ham xotirladi.

1992 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari boshchiligida o‘tgan o‘sha yig‘inda ishtirok etgan Muhammadrajab qori o‘zaro tortishayotgan imomlar o‘rtasida salobati, qisqa, ammo tiniq hamda maqsadga aniq yo‘nalgan fikri bilan namoyon bo‘lgan.

Farg‘ona vodiysida bir-birini mutaassiblik va mazhabchilikda ayblayotgan dindorlar orasida so‘z olgan Muhammadrajab qori qisqagina qilib shunday deydi:

"Shuncha gapdan keyin yana bir-birimizni kovlasak bo‘lmas. Aytadilarki: "Kimning tilida iymon bo‘lsa, o‘tgan gaplarni kechirishi kerak". Mana men boshlab beray - biz o‘tgan gaplarning hammasini kechirdik, bu birodarlarimiz ham ham kechirsalar, yaxshi bo‘ladi, inshaolloh. Buning hammasi Xudo uchun bo‘layapti, nafsoniyat uchun emas!" deydi Muhammadrajab qori.



Bu tarixiy voqeadan so‘ng musulmonlar o‘zaro murosaga kelolmagani, undan keyin boshlangan ta‘qib va tazyiqlar ortidan qama-qamalar boshlanganiyu, bu to‘lqin o‘rmondagi hulu quruq hammani yondirib-kuydirib o‘tganidan musulmonlar xabardor.

Davraning ikki tomoniga ajralib olib, tortishganlar birin-ketin qamaldi va ular orasida Muhammadrajab qori ham qamoqqa tashlandi.

1992 yilda qamoqqa tashlangan qo‘qonlik qori hanuz qamoqda saqlanmoqda.

Quyida u kishi haqida tayyorlangan eshittirishimizni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:31:43 0:00
Бевосита линк


Hanuz qamoq jazosini o‘tayotgan bu ulamo haqida yana ma‘lumotlarga yig‘ishda davom etamiz va bundan buyon to‘plaganimiz ma‘lumotlarni veb saytimizdagi O‘zbek imomlari sahifasida chop etib boramiz.

Marhamat, Havoqand imomi muhammadrajab maxsum qori haqida bilganlarinigz bo‘lsa bizga bildiring!

Marhamat, bizga maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org

bizga qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437, +420 608 549 460 (mob)
XS
SM
MD
LG