Линклар

logo-print
Yangi yildan O‘zbekistonda soliqchilarga mol-mulkdan qarzni undirish haqqini beruvchi minimal miqdor oshirildi. Prezident 25 dekabrda imzolagan yangi qarorga muvofiq bundan buyon soliq idorasidan 218 AQSh dollari (minimal ish haqining besh barobari, davlat kursida) miqdorida qarzdor bo‘lgan jismoniy shaxslarning qarzi mol-mulki hisobidan undirilishi mumkin.

2014 yilning yanvar oyidan boshlab, O‘zbekistonda soliq inspektsiyalariga aholining soliqdan qarzini mol-mulkidan undirish haqqini beruvchi minimal miqdor 218 AQSh dollariga ko‘tarildi.

Bu miqdor 2013 yilning 25 dekabrida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov imzolagan "O‘zbekiston Respublikasining 2014 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida" nomi ostidagi qarorga muvofiq belgilandi.

Norma.uz saytining xabar qilishicha, soliqchilarga jismoniy shaxslar qarzdorligi 5 minimal ish haqqi miqdoridan, yuridik shaxslar qarzdorligi esa 20 minimal ish haqqi miqdoridan oshgan taqdirda qarzdorlikni ularning mulkidan undirish haqqi berilgan.

O‘tgan yil 15 dekabrdan O‘zbekistonda eng kam ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori oshirildi va minimal ish haqqi miqdori 96 105 so‘mga (taqriban 43 AQSh dollari) yetdi.

Soliq idorasi xodimlari boshqa fuqaro yoki davlat tashkilotidan tushgan da‘vo arizasi yoki idora tomonidan xo‘jalik sudiga ariza kiritish asosida qarzni mulkdan undirishi mumkin.

Toshkent shahridagi Soliq inspektsiyasi idoralaridan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi bu amaliyotning tartibini shunday tushuntirib berdi:

"Tartibi shunday bo‘ladi: Oldin bir necha marta ogohlantirish beriladi. Keyin maxsus komissiya bilan boriladi. Qarz miqdoridagi narxda bo‘lgan birorta buyumi olinadi, sotiladi va shunday qilib qarz olinadi. Komissiyada narxni belgilab beradigan odamlari ham bo‘ladi", dedi soliq inspektsiyasi xodimi.

Qarz undirilar ekan, qarz miqdoridagi buyumning narxi davlat do‘konlaridagi narxiga ko‘ra belgilanadi.

"Borgan komissiyada o‘zi ro‘yxati bor. Unda narxlar ko‘rsatilgan bo‘ladi. Masalan, 400 ming so‘m qarzi bo‘lsa, televizori 600 ming so‘m tursa, olinadi va davlat do‘konidagi narxda sotiladi. Keyin 200 ming so‘m puli qaytarib beriladi. Xolodilnikmi, mashinami, uymi - hammasi shu tartibda belgilanadi", dedi soliq idorasi xodimi.

Uning aytishicha, fuqaro eshikdan kirib kelgan soliq undiruvchi komissiyadan xizmat vazifasi va vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat bilan birga sud qarorini so‘rashga haqli.

"Odatda, xo‘jalik sudining qarori bo‘ladi. Bundan tashqari, masalan svet va gazdan qarzi bo‘lsa, shu idoralarning qarzi borligi haqidagi arizasi ham yetarli bo‘ladi". deya qo‘shimcha qildi soliq idorasi xodimi.

Soliq inspektsiyasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi yillar ichida o‘zbekistonliklarning soliqdan qarzini undiruvchi maxsus guruh zimmasiga elektr toki, gaz va boshqa kommunal to‘lovlardan qarzdorlikni undirish vazifasi ham yuklangan.

"Biz hozir faqat soliqdan qarzdorlikmas, svet-gazdan qarzdorlikni ham undiryapmiz. Televizor ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak, axir! Kompleksniy qilib, qarzini undirayapmizku hozir", dedi toshkentlik soliqchi.

Ayni paytda u qarzdor jismoniy shaxslarning qarzini to‘lash haqqi eng oxirgi daqiqaga qadar saqlanib qolishini ham alohida eslatib o‘tdi.

"Mulkingizni olish uchun eshigingizgacha borgan komissiyaga eng oxirgi momentgacha qarzingizni to‘lashingiz mumkin. Ularga ham sizning televizoringizni olib borib sotgandan ko‘ra, naqd pulingizni olgan yaxshida, ishi ozayadi", dedi poytaxtdagi soliq inspektsiyalaridan birida ishlovchi ismini oshkor qilmayotganimiz xodim.

Ozodlikka bog‘lanayotgan tinglovchilar aksar hollarda qarzdorlik keksalarning pensiyasi, bolalar uchun oylik nafaqa va byudjet tashkilotlarida ishlayotgan xodimlarning oylik maoshlaridan muttasil ravishda undirilayotganidan ko‘p shikoyat qilib kelmoqda.

Davlatdan pul oladigan pensioneri, yosh bolasi yoki ishchisi bo‘lmagan oilalar, odatan qarzdorlikni mulki bilan o‘tashga majbur qolishi kuzatiladi.

Shahrisabzlik tinglovchi Sardor 3 oy muqaddam kam ta‘minlangan qarindoshi uyidan zamonaviy musiqiy stereo apparatni olib ketishganini so‘zlab berdi.

- U qarindoshimizning svetdan qarzi bor edi. Endi ogohlantirishgan, lekin to‘lolmaganidan keyin, shunday uyiga kelishib, muzikalniy tsentrni olib ketishgan, - dedi Sardor.

Uning aytishicha, berilmagan gazdan qarzdorga chiqarilgan bir qo‘shnisi ham hozir shu ahvolda qolgan.

- Ro‘para qo‘shnimga shunaqa qog‘oz kelibdi. Yoshi katta bo‘lgani uchun menga tushuntirib ber, deb o‘sha qog‘ozni ko‘rsatdi. O‘qisam, gazdan qarzi bor ekan 654 ming so‘mu qanchadir. Lekin ikki-uch yildan beri gaz yo‘q bo‘lsa?! Ularning jahli chiqib qoldi. Men aytdim, shu qog‘ozning tagida ismi ko‘rsatilgan odamga boringlar shikoyat qilib, deb tushuntirdim. Qarzdorlik 2013 yilning noyabrigachamish! Biz esa gazdan uzdirib tashlaganmiz uyimizni, shuning uchun hozircha bunaqa muammo yo‘q, - deydi shahrisabzlik Sardor.

"Gaz va elektr toki yoki soliqdan chiqarilgan qarzdorlikni jismoniy shaxs tan olmagan taqdirda qarzdorlikni uning mulkidan undirish jarayoni to‘xtatiladimi?" degan savolga esa soliq idorasi xodimi: "Yo‘q" deb javob berdi.

"Komissiya fuqaroning eshigigacha borgandan keyin qarzni undirib ketadida! Keyin siz "noroziman", deb sudga borasizmi, prokurorga borasizmi - o‘zingiz bilasiz. Noto‘g‘ri qarzdorlik bo‘lsa, undirib olasiz! O‘zi yaxshisi, cho‘zib o‘tirmasdan qarzni darrov to‘lab qo‘ying-qutuling!" dedi alohida ta‘kidlab soliq idorasi xodimi.
XS
SM
MD
LG