Линклар

Imomali Rahmonning yana bir qarindoshi “yog‘li” joyni egalladi


Imomali Rahmon kuyovining ukasi Zaynullo Sohibov (o'ngda).

Imomali Rahmon kuyovining ukasi Zaynullo Sohibov (o'ngda).

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning yana bir qarindoshi mamlakatdagi “yog‘li” lavozimlardan biriga tayinlandi. “Tojik sementi” shirkatiga rahbar bo‘lgan Zaynullo Sohibov prezident Imomali Rahmon kuyovining ukasi hisoblanadi. Kuzatuvchilarning aytishicha, Tojikistondagi vazirlik va katta uyushmalarning rahbarlari, odatan, prezidentning qarindoshi yoki hammahallasidir.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning kuyovi Shamsulloh Sohibovning ukasi Zaynullo Sohibov “Tojik sementi” shirkatining rahbari etib tayinlandi.

Zaynullo Sohibov otasi Mahmadullo Sohibov bilan birgalikda Tojikistondagi katta shirkatlardan biri sanalgan “Faroz” shirkatining 40 foiz aktsiyasiga egalik qiladi. U, shuningdek, Ko‘lob shahri “Ravshan” futbol jamoasi raisi hamdir.

Prezident qarindoshlari yuqori lavozimlarda


Zaynullo Sohibov prezident qarindoshlaridan yuqori lavozimga tayinlangan birinchi shaxs emas.

Imomali Rahmonning ko‘plab qarindoshi va u tug‘ilgan yurt – Dang‘aradan bo‘lgan tanishlari mamlakatdagi vazirlik hamda boshqa “yog‘li” idoralarni egallagani kuzatiladi.

Imomali Rahmon oilasi

Imomali Rahmon oilasi

Prezidentning yetti o‘g‘li va ikki qizi bor.

Uning 15 yashar o‘g‘li Somondan boshqa farzandlari turmush qurgan.

Mahalliy matbuot (“SSSR” gazetasi) prezident quda va kuyovlarining davlat mansablarini egallashini “qudavshina”, deb atadi.

Prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Imomali Tojikiston bojxona qo‘mitasiga rahbarlik qiladi, qizi Ozoda Rahmonova esa Tojikiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.

Tojikiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Saidov ham Imomali Rahmonning yaqin qarindoshi. Qaynog‘asi Hasan Asadullozoda Tojikistondagi eng katta tijorat banki - “Oriyonbank”ning raisi.

Ayrim manbalarda uning alyuminiy ishlab chiqaradigan "TALKO" zavodini ham nazorat qiladi.

Prezidentning ikkinchi qaynisi Amonullo Sa‘dulloyev esa 2013 yilda elektr energiyasi sotilishiga javob beradigan “Tojikenergosnab” idorasining boshlig‘i etib tayinlangan edi.

Prezident qudasi Amonulloh Hukumatulloh Tojikiston temir yo‘liga rahbar

Prezident qudasi Amonulloh Hukumatulloh Tojikiston temir yo‘liga rahbar

Prezidentning qudasi Amonulloh Hukumatulloh Tojikiston Temir yo‘llari shirkatiga rahbarlik qiladi.

Prezidentning kuyovi Jamoliddin Nuraliyev esa Tojikiston Moliya vazirining birinchi o‘rinbosaridir.

Bu kuyovga “Spitamenbank” va Dushanbe-Xo‘jand avtomobil yo‘lidan boj yig‘uvchi IRS kompaniyasi ham tegishli. Biroq Nuraliyevning o‘zi unga bu kompaniyaning tegishli ekanligini rad qiladi.

Ilgari prezidentning boshqa bir kuyovi Muhammadzohir Sohibov hukumat qoshidagi Tovarlar sotib olish, ish va xizmatlar davlat agentligini boshqargan, qudasi Sherali Gul mamlakat Energetika va sanoat vaziri, tog‘asi Matlubxon Davlatov esa Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan. Biroq, ikki yil oldin noma‘lum sabablarga ko‘ra, Sohibov ishdan ketdi, Gul va Davlatov esa pensiyaga chiqarildi.

2013 yilning oktyabr oyida prezident qudasi Amonullo Hukumatullohning o‘g‘li 16 yashar Rasuli Amonullo Dushanbe shahrida katta yo‘l transport falokati sodir qildi. Oqibatda, uch kishi halok bo‘ldi va uch kishi jarohatlandi.

Prezident Imomali Rahmonning amaldor qarindoshlari ko‘p ekani mashhur Foreign Policy jurnali e‘tiborini ham tortdi. Jurnalning dekabr oyi nashrida Tojikistondagi bugungi hukumat tizimi nepotism (urug‘-aymoqchilik) va cronyism (tanish-bilishchilik) deb ataldi.

Foreign Policy nashrining qayd qilishicha, mamlakatdagi barcha muhim lavozimlar Imomali Rahmonning qarindosh va do‘stlari qo‘lida qolmoqda. Muhim ob‘ektlar uning o‘zi qo‘ygan odamlar tomonidan nazorat qilinadi.

Amerika jurnalining qayd qilishicha, prezident yaqinlarining katta lavozimlarga qo‘yilishi bilan iqtisodiyot rivojlanishi kuzatilmayapti, aksincha, aholining boy va qashshoq qatlami o‘rtasidagi farq tobora kattalashib bormoqda.
XS
SM
MD
LG